Barcha insonlar Alloh taoloning nazdida bir xil maqomda bo‘lib, faqatgina ularning aziz va mukarramligi taqvosi bilandir. Alloh taolo aytadi: «Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir», (Hujurot, 13).
Hatto, dinimizda musulmon bo‘lsin yoki bo‘lmasin har qanday inson odamiylik jihatidan yuqori qadrlanadi. Bu borada Abdurahmon ibn Abu Laylo (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: Sahl ibn Hanif va Qays ibn Sa’d Qudisiyada o‘tirganlarida oldilaridan tobutni olib o‘tdilar, ikkovlari ham o‘rinlaridan turdilar, shunda bu musulmonning tobuti emas-ku, nega turdingiz? deb so‘ralganda, ikkovlari Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilaridan tobut olib o‘tilganda o‘rnilaridan turdilar, Rasulullohdan bu yahudiyning tobuti, yahudiy bo‘lsa ham turamizmi? deb so‘ralganda, Rasululloh “U inson emasmi”? dedilar, deb javob berdilar.
Islom dini kelganida insonning ulug‘ligini badnom qiladigan qullik tuzumi hukm surardi. Islom dini insoniylikka xilof bo‘lgan, adolatsizlikka asoslangan qullik tuzumini tadrijiy yo‘l bilan muolaja qildi.
Avvalo, pul to‘lab ozod etiluvchi qullarga mollarning zakotlaridan nasiba borligini bayon qildi: Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir”, (Tavba, 60).
Ikkinchidan, qasamning kafforatiga qul ozod qilishga buyurdi: Qasamlaringizdagi behuda so‘zlar uchun Alloh sizlarni javobgar qilmaydi, balki sidqidildan bog‘lagan qasamlar (buzilgani) uchun sizlarni javobgarlikka tortadi. Buning kafforati (jarimasi) – oilangizni oziqlantirish uchun lozim taomlarning o‘rtacha miqdorida o‘nta miskinga taom berish yoki ularning kiyimlari yoxud bir qulni ozod qilishdir”, (Moida, 89).
Uchinchidan, qul egasi qulini ursa uning kafforatiga uni ozod qilishga buyurdi. Bu haqda Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Kim qulini mushtlasa yoki ursa uning kafforati uni ozod qilish”, deganlarini eshitganman dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) aytadi: “Qulimni urgandim, orqamdan “Ey, Abu Mas’ud albatta Alloh sen uni jazolashga qodir bo‘lganingdan seni jazolashga qodirroqdir”, degan ovozni eshitib, burilib qarasam, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ekanlar. “Yo, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Alloh uchun uni ozod qildim”, dedim. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Agar shunday qilmaganingda albatta do‘zax seni ushlardi”, dedilar (Muslim rivoyati).
Imom Navaviy (rahmatullohi alayh): “Bu hadisda qul ozod qilish, g‘azabni ichga yutish, kechirimli bo‘lish hamda banda bandaga hukm qilganidek Alloh ham unga shunday hukm chiqarishiga tanbeh va nasihat bor”, degan.
Usmonali ORALOV
Jizzax tumani “Yakkaqayrag‘och”
jome masjidi imom xatibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga sharh
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarni namoyon etgan holda hamda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 392 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 82 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.
Shuningdek, 53 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 3 nafarini chet el fuqarolari, 26 nafarini ayol, 14 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 166 nafarini yoshlar hamda 24 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.