Qadim zamonda suv tashuvchi bir yigit bo‘lgan ekan. U obkashining ikki chetiga ilingan chelaklarda suv tashir ekan. Chelaklardan birining tagida teshik bo‘lib, manzilga yetguncha suvning yarmi to‘kilib borar ekan. Butun chelak o‘z vazifasini to‘la-to‘kis bajarayotganidan mag‘rurlanar, teshik chelak esa ishining yarminigina bajara olayotganidan uyalib, xijolat chekar ekan.
Bir kuni teshik chelak egasiga debdi: "Men sendan uzr so‘ramoqchiman, olgan suvingning yarminigina yetkaza olaman". Suv tashuvchi yigit unga javoban: "Seni ko‘tarib keladigan tomonimdagi gullarni ko‘rganmisan? Men ularni ataylab shu tomonga ekkanman. Har safar suv tashiganimda sen ularni sug‘orib ketasan. Men necha martalab ayolimga shu gullardan guldastalar sovg‘a qilganman. Buning uchun senga rahmat aytaman", debdi.
Tadbirkor odam hatto teshik chelakdan ham o‘zi uchun foyda ola biladi.
Akbarshoh Rasulov
Shu yilning 11 aprel kuni Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zokirov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlar tashrif davomida ta’lim muassasasining faoliyati, o‘quv jarayonlari va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Besh asrlik boy tarixga ega bo‘lgan Mir Arab madrasasining islom olamidagi o‘rni, bu yerdan yetishib chiqqan zabardast ulamolar va majmuaning noyob me’moriy yechimi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Muloqot davomida mazkur ta’lim dargohida tahsil olgan qirg‘izistonlik mashhur din va davlat arboblari, allomalar haqidagi ma’lumotlar alohida yodga olindi. Bu kabi tarixiy rishtalar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ta’lim muassasasi
Matbuot xizmati