Qadim zamonda suv tashuvchi bir yigit bo‘lgan ekan. U obkashining ikki chetiga ilingan chelaklarda suv tashir ekan. Chelaklardan birining tagida teshik bo‘lib, manzilga yetguncha suvning yarmi to‘kilib borar ekan. Butun chelak o‘z vazifasini to‘la-to‘kis bajarayotganidan mag‘rurlanar, teshik chelak esa ishining yarminigina bajara olayotganidan uyalib, xijolat chekar ekan.
Bir kuni teshik chelak egasiga debdi: "Men sendan uzr so‘ramoqchiman, olgan suvingning yarminigina yetkaza olaman". Suv tashuvchi yigit unga javoban: "Seni ko‘tarib keladigan tomonimdagi gullarni ko‘rganmisan? Men ularni ataylab shu tomonga ekkanman. Har safar suv tashiganimda sen ularni sug‘orib ketasan. Men necha martalab ayolimga shu gullardan guldastalar sovg‘a qilganman. Buning uchun senga rahmat aytaman", debdi.
Tadbirkor odam hatto teshik chelakdan ham o‘zi uchun foyda ola biladi.
Akbarshoh Rasulov
Savol: Janoza namozi o‘qib bo‘lingandan keyin tobut bilan birga qirq qadam yurish haqida hadis bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, bor, lekin u tobut bilan birga qirq qadam yurish haqida emas, balki tobutni ko‘tarib qirq qadam yurish haqida kelgan.
Fuqaholarimiz ta’kidlashlaricha, tobutni ko‘tarishda dastlab uning bosh tomonidagi tutqichini o‘ng yelkasiga oladi, so‘ngra oyoq tomonidagi o‘ng tutqichidan ko‘taradi. Keyin chap tomoniga o‘tib, avval bosh, so‘ngra oyoq tomonidan chap yelkada ko‘tariladi. Har tomondan o‘n qadamdan, jami qirq qadam ko‘tarib yurish mustahabdir. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim tobutni qirq qadam ko‘tarsa, qirqta katta gunohlari o‘chiriladi”, deganlar.
Aytib o‘tilganidek, bu yo‘sinda ko‘tarish mustahab sanaladi. Qilsa, savob, qilmasa, gunoh bo‘lmaydi. Odatda janozada va tobut ko‘tarishda ko‘pincha, tiqilinch ro‘y beradi. Shu bois inson tobut ko‘tarishda o‘ziga qulay va boshqalarga ozor bermaydigan tarzda ko‘tarishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi