Bir kuni quyon o‘zining chopqirligini namoyoish qilish uchun toshbaqaga yugurish bo‘yicha musobaqalashishni taklif qilibdi. Toshbaqa rozi bo‘libdi. Marra uchun o‘rmon chetidagi bir daraxtni belgilashibdi. Musobaqa boshlanibdi. Toshbaqa shoshilmay yo‘lga tushibdi, uni ko‘rgan quyon rosa kulibdi va: "Men bir oz mizg‘ib olsam ham bo‘ladi, marraga bir pasda yetib olaman", deb daraxt tagiga yonboshlabdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tibdi, quyon qattiq uxlab qolibdi. Bir payt uyg‘onib qarasa, toshbaqa marraga yetay deb qolibdi. Bor kuchini yig‘ib yuguribdi, lekin kech qolgan ekan. Toshbaqa undan oldin marraga yetib boribdi. Quyon qilgan ishidan afsuslanib, hayvonlar oldida rosa uyalibdi.
Har bir ishning harakatini o‘z vaqtida qilgan yaxshi. Fursat o‘tgach, qobiliyat ham foyda bermaydi.
Akbarshoh Rasulov
Joriy yilning 26 oktyabridan boshlab “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi Toshkent va Islomobod shaharlari o‘rtasida qo‘shimcha muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Hozirda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi “Toshkent–Islomobod–Toshkent” yo‘nalishida haftasiga ikki marta – seshanba va shanba kunlari parvozlarni amalga oshirmoqda. 26 oktyabrdan boshlab aviaqatnovlar jadvaliga o‘zgartirish kiritilib, reyslar dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini kengaytirish, sayyohlar, tadbirkorlar va tranzit yo‘lovchilar uchun yanada qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Yangi jadval yo‘lovchilarga safarlarini rejalashtirishda ko‘proq tanlov imkonini beradi. Natijada ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik, turizm va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yuzaga keladi.
Yangi aviaqatnovlar Pokistondan O‘zbekistonga keluvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda mamlakatimizning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, Buyuk ipak yo‘lining muhim markazlari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohat qilish istagidagi sayyohlar uchun transport imkoniyatlari kengayadi.
Shuningdek, Toshkentning mintaqaviy transport markazi sifatidagi ahamiyati ortib, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga yo‘naltirilgan sayyohlik safarlarini tashkil etish uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
2025 yilda Pokistondan O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 20 ming nafardan oshgan. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa ushbu ko‘rsatkich qariyb 20 ming nafarni tashkil etdi. Bu raqamlar ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun muhim salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Toshkent–Islomobod yo‘nalishida aviaqatnovlar sonining oshirilishi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro sayyohlar oqimini rag‘batlantirish hamda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Hozirgi kunda ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga jami 8 ta muntazam aviareys amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent–Lahor yo‘nalishida haftasiga 4 ta, Islomobod–Toshkent yo‘nalishida 2 ta va Toshkent–Karachi yo‘nalishida 2 ta reys qatnamoqda.
Yangi qo‘shimcha aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi bilan O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni haftasiga 9 taga yetadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati