Qadim zamonda bir oyna soluvchi bo‘lgan ekan. Bir kuni u o‘z foydasini ko‘zlab bir devonaga debdi: "Agar borib odamlarning oynalarini sindirsang, menga yordam bergan bo‘lar eding, keyin mening ishim yurishar edi". Devona uning gapiga kirib, oyna soluvchining uyiga yugurib borib, hamma oynalarini bitta qo‘ymay sindiribdi. Kechqurun uyiga kelgan oyna soluvchi buni ko‘rib g‘azablanibdi va devonani urisha boshlabdi.
– Nega mendan jahling chiqadi, axir oynalarni sindir, deb o‘zing ayting-ku?! - debdi devona.
– Men senga boshqalarning uyidagi oynalarni sindir, shunda mening ishim ko‘payadi, dedim.
– Agar boshqalarning oynasini sindirsam, ular boshqa oyna soluvchini chaqirishlari mumkin edi. Senikini sindirsam, sen hech kimni chaqirmaysan va o‘zingning ishing ko‘payadi, - debdi devona.
Bilginki, boshqalarga ziyon yetkazish evaziga tirikchilik qilishning oqibati mana shunday bo‘ladi.
Akbarshoh RASULOV
Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan anjuman asosiy qismida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar. Shuningdek, Misr muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, Misr Vaqflar vaziri Usoma Azhariy, Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano, Al-Azhar shayxi vakili Shayx Ayman Abdulg‘aniy, Musulmon olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari doktor Abdurrahmon ibn Abdulloh az-Zayd va Abu-Dabi Islom ishlari raisi, doktor Umar Habtur ad-Dari’iy kabilar nutq qildilar.
Muftiy hazratlari muhokama qilinayotgan oila, ayollar huquqi va farzand tarbiyasi masalasi g‘oyat dolzarb ekaniga urg‘u qaratdilar. Xususan, turli mintaqalarda oila instituti inqirozga yuz tutayotgani, yoshlarning oila qurishga qiziqishi pasayib, ajrashishlar soni ortib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otayotgani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, bu sinov butun insoniyat oldida turgan umumbashariy muammoga aylanmoqda.
Shu munosabat bilan Muftiy hazratlari tomonidan bir qator dolzarb takliflar ilgari surildi:
– Qo‘shma fatvo ishlab chiqish: ilmiy asoslangan hamda ilg‘or tajribalarni o‘zida jamlagan qo‘shma fatvo ishlab chiqish zarurligi ma’lum qilindi. Ushbu hujjatni turli tillarga tarjima qilib, OAV, raqamli platformalar, ma’rifiy tadbirlar va juma xutbalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish ta’kidlandi.
– Yoshlarni oilaga tayyorlash dasturlari: turmush qurish ostonasida turgan yoshlarning diniy, milliy va ijtimoiy mas’uliyatini yuksaltirishga qaratilgan maxsus kurslar va psixologik-ma’rifiy maslahat dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
– Fatvo markazlari va OAV hamkorligi: milliy qadriyatlar va islomiy ta’limotlarni yoshlarga zamonaviy, ta’sirchan usullarda yetkazish uchun fatvo markazlari bilan OAV o‘rtasidagi hamkorlik lozimligiga e’tibor qaratildi.
Shu o‘rinda, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar ham bayon qilindi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari Muftiy hazratlari tomonidan ilgari surilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, oila institutini mustahkamlash borasidagi ishlarga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati