Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2026   |   19 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2026, 19 Rajab, 1447

“Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik - jamiyat barqarorligi garovi” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman

17.11.2016   7219   5 min.
“Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik - jamiyat barqarorligi garovi” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman

Press-reliz

Bizning mamlakatimiz azal-azaldan qadimiy dinlar rivoj topgan makon sifatida dunyo sivilizatsiyasi tarixida alohida mavqega ega. Bu muborak zaminda bizning ajdodlarimiz boshqa din vakillariga doimo hurmat bilan qaraganlar, mana shu yurt ozodligi yo‘lida ular bilan birga kurash olib borgani, yelkadosh bo‘lib mehnat qilganini hech kim inkor qila olmaydi.

I.A.Karimov

Ma’lumki, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega bo‘lgan, xilma xil dinlarga e’tiqod qiluvchi va bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan turli xalqlar, millatlar, yashagan va yashab kelayotgan o‘lkadir. Qadim zamonlardan bizning yurtimizda zardushtliylik, buddaviylik, yahudiylik, nasroniylik kabi dinlar mavjud bo‘lgan. VIII asrda Movarounnahrga kirib kelgan islom dini mahalliy xalqlarning axloq g‘oyalari, huquqiy me’yorlari va urf-odatlari bilan uyg‘unlashib, hozirgi O‘zbekiston mintaqasida o‘z bag‘rikenglik xususiyati bilan ajralib turuvchi hanafiy mazhabi ta’limoti hamda ijtimoiy-axloqiy va huquqiy me’yorlar uzul-kesil qaror topdi.
Mustaqillik yillari O‘zbekistonda ushbu tarixiy an’anaga yangicha rux bag‘ishlagan holda turli dinlarga mansub qadriyatlarni avaylab-asrashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, ushbu yo‘nalishda boshqa davlatlarga namuna bo‘ladigan boy tajriba orttirildi.
Joriy yilning 16 noyabr kuni Toshkent islom universitetida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarkibidagi “YUNЕSKO” Xalqaro tashkiloti tomonidan “16 noyabr kuni - Xalqaro bag‘rikenglik kuni” deb e’lon qilingan kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik - jamiyat barqarorligi garovi” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanda respublikamizda turli millat va diniy urf-odat hamda an’analar hurmat qilinishini ta’minlash, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish, tenghuquqlilik va o‘zaro hamkorlikni qaror toptirish sohasida amalga oshirilayotgan salmoqli ezgu ishlar muhokama qilindi. 
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti, “YUNЕSKO”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorlikda tashkil etgan mazkur tadbirda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan turli diniy konfessiyalar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari va keng jamoatchilik a’zolari ishtirok etdilar.
Konferensiyada so‘zga chiqqanlar tomonidan O‘zbekistonning istiqlol yillaridagi rivojlanish tajribasi ko‘p millatli va turli madaniyatlar vakillari istiqomat qiladigan hamda ko‘pkonfessiyali jamiyatda nafaqat dinlararo totuvlikka erishish mumkinligi, balki demokratik islohotlar va bag‘rikenglik ruhini qaror toptirishning muhim vositasi bo‘la olishini isbotlab kelayotganini e’tirof etdilar.
Bugun O‘zbekistonda 2239 ta diniy tashkilotlar, jumladan, 2065 ta musulmon, 157 ta xristian, 8 ta yahudiy, 6 ta bahoiy, 1 ta Krishnani anglash hamda 1 ta Budda ibodatxonasi va O‘zbekiston Bibliya jamiyati kabi diniy tashkilotlarning o‘zaro hurmat va hamkorlik asnosida faoliyat yuritib kelayotgani, davlatimiz tomonidan yuzlab masjid, cherkov, ibodatxona, ziyoratgoh va osori-atiqalar asl ko‘rinishida ta’mirlanib, diniy tashkilotlar ixtiyoriga berilgani, dindorlarimiz muqaddas ziyoratlarni bajarishlari uchun alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinayotgani, diniy ta’lim tizimi izchil rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratilgani yuqoridagi fikrning yorqin dalillari hisoblanadi.
Mahalliy va xorijiy diniy arboblari o‘z ma’ruzalarida O‘zbekiston davlatining dunyoviylik, diniy bag‘rikenglik, barcha dinlarga bir xilda munosabat, jamiyat taraqqiyotida esa dinlar bilan hamkorlik qilish siyosati barcha fuqarolarning diniy e’tiqodi va dunyoqarashidan qat’iy nazar, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida teng ishtiroki tamoyili asosida amalga oshirilayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. 
Diniy konfessiya rahbarlari respublikamizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini turli noto‘g‘ri aqidalardan saqlash, dining ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini jamiyatdagi barqarorlik, ijtimoiy hamkorlik, konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlashga yo‘naltirish borasida izchil siyosat yuritilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.
Anjuman qatnashchilari xulosa sifatida Markaziy Osiyoning jahon geosiyosiy tizimidagi ahamiyati ortib borayotgan bugungi kunda mintaqada muhim o‘rin tutgan yurtimizni dinni siyosatlashtirayotgan oqimlarning tahdididan himoya qilish, fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish, asl diniy qadriyatlarni avaylab-asrash, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash muhim vazifalardan bo‘lib qolayotgani, ushbu masalalarni muvaffaqiyatli hal etilishi o‘lkamizda asrlar osha hukm surib kelayotgan diniy bag‘rikenglikning bundan buyon ham jamiyatimiz taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim omillardan bo‘lib qolishiga mustahkam zamin yaratishini qayd etdilar. 
Konferensiyada respublikamizda bugungi kunda dinlararo totuvlikni va hamjihatlikni ta’minlash, jamiyatda bag‘rikenglik ruhini mustahkamlashda erishilgan yutuq va boy tajriba boshqa ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali davlatlar uchun namuna bo‘la olishi alohida e’tirof etildi.
Tadbir doirasida mustaqillik yillarida respublikamizda turli konfessiyalar tomonidan chop etilgan diniy mazmundagi adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil qilindi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Girdobdan chiqish imkoni bormi?

07.01.2026   2734   3 min.
Girdobdan chiqish imkoni bormi?

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.

Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?

Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)

Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.

Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.

Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.

Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:

«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)

Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:

  • Muloqotni uzmang: Nafrat bilan emas, mehr bilan yondashing.
  • Tanqidiy fikrlashni uyg‘oting: Savol berishga va voqelikka xolis baho berishga o‘rgating.
  • Ilmga yo‘naltiring: Faqat bitta manba emas, balki sof diniy va ilmiy manbalardan foydalanishga undang.

To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA