Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Noyabr, 2026   |   30 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:44
Quyosh
07:05
Peshin
12:12
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:27
Bismillah
10 Noyabr, 2026, 30 Jumadul avval, 1448

Haqiqiy din qanday bo‘ladi?

27.09.2024   22741   3 min.
Haqiqiy din qanday bo‘ladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nihoyat Makka fath qilindi. Unga o‘zligi qaytarildi. Tavhid qiblasi, mo‘minlar qalbining ma’shuqasi shirk botqog‘idan qutqarildi. Endi navbat butun arab jazirasini shirkdan qutqarishga kelgan edi.

Nabiy sollallohu alayhi vasalom islom arsloni Ali ibn Abi Tolib roziyallollohu anhuni chaqirdilar. U zotni qo‘shinga bosh qilib, Toy qabilasi buti Fulsni parchalagani yubordilar.

Hazrati Ali karramallohu vajhahu qo‘shin bilan borib yuklatilgan vazifani a’lo darajada bajarib asirlar bilan Madinaga qaytdilar. Asirlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima qilish haqida mashvarat qilish uchun masjid oldida qo‘ydilar.

Ertasi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirayotganlarida u zotni asir ayollardan biri to‘xtatib dedi:

– Ey Muhammad! Agar mumkin bo‘lsa meni ozod qilsang. Arablar mendan kulishmasa yaxshi bo‘lar edi. Otam o‘ldi. Kelib-ketuvchilar to‘xtadi. Menga iltifot qil, Alloh ham senga iltifot qilsin! Otam qavmining sayyidi edi. U qiynalganlarga yordam qilar, jinoyat qilganlarni avf qilar, qo‘shnichilikni saqlar, sharafni himoya qilar, faqirlarni suyar, ularga taom berar, salomni tarqatar, yuki og‘irlarning yukini ko‘tarar, taqdir zarbalariga uchraganlarga yordam berar edi. Hojatini so‘rab kelgan biror kishini noumid qilgan emas. Men Hotam Toiyning qizi Saffona bo‘laman.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga dedilar:

– Bular haqiqiy musulmonning sifatlaridir. Agar otang musulmon bo‘lganida biz Allohdan unga rahm qilishini so‘ragan bo‘lar edik.

So‘ngra sahobalarga qarab:

– Uni qo‘yib yuboringlar. Uning otasi go‘zal axloqqa da’vat qilar edi, dedilar.

Yuqoridagi sifatlar haqiqatdan ham musulmonlarning sifati. Biz e’tibor beradigan joy mana shu yer.

Haqiqiy din masjidda emas, joynamoz ustida ham emas.

Haqiqiy din tijorat va mansabdagi omonatdorlikda.

Haqiqiy din ota-ona oldidagi kamtarlikda.

Haqiqiy din aka-ukalar va opa-singillarga qilinadigan yaxshilikda.

Haqiqiy din jufti halolning aziyatiga sabr etish va farzandlarga rahm qilishda.

Haqiqiy din qo‘shnilaring bilan qilinadigan muomalada.

Haqiqiy din bemorga pul yig‘ilganida baxillik qilmaslikda.

Haqiqiy din birov g‘iybat qilinganda g‘iybatchilarga qo‘shilib ketmaslikda.

Haqiqiy din odamlarning aybini yashirishda.

Haqiqiy din ishonib aytilgan sirni saqlay olishda.

Tavhid, namoz, ro‘za va boshqa ibodatlar Allohning bandalari ustidagi haqqidir. Ular dinning yarmi. Qolgan yarmi esa, boshqalar bilan qanday muomala qilishingdadir.

Hayotda ko‘rinmaydigan dindorlik ichi bo‘sh dindorlikdir.

Seni yumshoq, saxiy va birovga zarari tegmaydigan bo‘lishingni ta’minlamagan iymon nuqsonli iymondir.

To‘g‘ri, kishi agar kufrda vafot etsa bu axloqlar unga foyda bermaydi. Ammo xulqsiz iymon ham oqsoq iymondir.

Ushbu ibrat naqadar o‘rinli: «Dinning barchasi xulqdir. Kim sendan xulqda o‘zib ketgan bo‘lsa, demak dinda o‘zib ketibdi!».

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halollikning mukofoti

10.11.2026   589   2 min.
Halollikning mukofoti

Kunlar soviy boshladi. Ammo Azamat har kungi ishi – plastik idish va qog‘ozlarni yig‘ishi kerak... Chunki uyda to‘shakka mixlanib qolgan onasi va singlisining rizqi u topadigan shu pulga bog‘liq edi.
O‘n, o‘n ikki yoshlardagi bola maktabdan qaytishi bilan yelkasiga qop olib, ko‘cha kezardi.
Shunday kunlarning birida bankomat oldida shoshib, qulog‘iga telefon tutib turgan ayolni ko‘rdi. U shoshilgancha pul yechib oldi-yu, bankomat tirqishida qolgan kartasini unutib, moshinasiga yugurdi.
Buni ko‘rgan Azamat uning ortidan?
– Hoy, xola! – deb yugurdi.
Ayol uni ko‘rinishidan tilanchi deb o‘yladi, shekilli, ortiq e’tibor bermadi. Avtouloviga o‘tirarkan, Azamat unga yetishdi. Ayol esa mashina oynasini ko‘tarib, uni eshitmoqchi emasdi. Shunda Azamat unga kartasini ko‘rsatdi. Ayol kartasini unutib qoldirganini eslab, xijolat bo‘ldi.
– So‘ng eshigini ochib, bolaga rahmat aytib, kartasini oldi.
– Umringdan baraka top, bolam! Sendek halol bolani o‘stirgan ota-onangga ming rahmat!..
Ayol unga pul bermoqchi edi, Azamat olmadi:
– Men buning uchun qilmadim...
So‘ng o‘z ishiga qaytdi. Ayol ortidan qarab qoldi...
Kun botib, tergan idish va qog‘ozlarini topshirib, topgan ozgina puliga uyda kasal yotgan onasi uchun dori va non oldi.
Uyga yetib borib, avval onasiga dorisini berdi, so‘ng amallab kechki ovqat tayyorladi. Ona o‘g‘lining charchagan ko‘zlariga qarab yig‘lardi:
– Bolam, bizni deb qiynalib ketding. Alloh iqbolingni baland qilsin...
Azamat onasining qo‘lini mahkam ushlardi:
– Unday demang, oyijon. Kuchim boricha xizmatingizni qilaman. Axir o‘zingiz o‘rgatgansiz-ku, o‘g‘il bola oilaning erkagi, boquvchi bo‘lishi kerak, deb. Siz qayg‘urmang...
O‘sha kundan beri bolaning kunlik ishini kuzatib yurgan haligi ayol bir kuni uning qaysi uyda yashashiga qiziqdi. Kuzatib, ko‘rib ketgach, bir kuni u yo‘g‘ida narsalar olib kelib, eshik oldiga qo‘yib, eshikni taqillatdi. Kirib, onasi bilan tanishdi. Vaziyatni bilgach, o‘zining shifokor ekanini aytib, Azamatning onasini tekshiruvga, so‘ng davolanishga olib bordi. Bu ishga o‘g‘lining birgina ishi sabab bo‘lgan edi...
 

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar