Qur’onda xurmo yigirma martadan ortiq zikr qilingan. Jabroil alayhissalom Maryamga Iso alayhissalomni tuqqanidan keyin yangi xurmo mevasidan yeyishni maslahat berdi:
“Xurmo shoxini silkitgin, u senga yangi xurmo mevalarini tashlar” – Maryam surasi, 25-oyat.
“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shom namozini o‘qimasdan oldin bir necha xurmo bilan og‘iz ochar edilar. Agar xurmo bo‘lmasa, xurmo qoqisi bilan ochar edilar. Agar quritilgan xurmo ham bo‘lmasa, bir necha qultum suv ichar edilar” – Imom Termiziy rivoyat qilgan, 696.
Hadislarda xurmoning foydalari, shuningdek, uning mo‘minga o‘xshashligi haqida ko‘p marta aytilgan. Lekin xurmo navlari orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, ayniqsa ajvani alohida ta’kidlaganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ajva jannatdandir, u zaharlanishga qarshi davodir” – Imom Termiziy rivoyat qilgan, 2066.
Imom Munaviy aytadi: “Ajva shakli va nomi jihatidan jannatdagi ajvalarga o‘xshab ketadi, lekin shirinligi va ta’mi jihatidan emas”. Ajva Hijoz bo‘yicha tana uchun eng foydali, yoqimli va mazali xurmodir. Mana shu xususiyatlariga ko‘ra boshqa navlardan ustunligini anglatish uchun “ajva jannatdandir” degan ta’rif qo‘llanilgan.
Aksariyat olimlarning fikriga ko‘ra, hadisdagi bu xurmo Madina plantatsiyalarida o‘sadigan ajva naviga tegishlidir, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaharga baraka so‘rab duo qilganlar.
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Yo Alloh! Bizga, mevalarimizga, shahrimizga, so’larimizga va muddlarimizga barakot ber”.
So’ va mudd o‘lchov birliklari:
So’ – o‘lchov idishi, jumhur ulamolar va imomayn nazdida = 2,750 l. yoki 2,176 kg; Abu Hanifa rahmatullohi alayh nazdida = 4,125 l. yoki 3,264 kg.
1 mudd – katta bir hovuch = 0,6875 l. yoki 0,544 kg.
Sahobalar pishib yetilgan ilk mevani Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga keltirardilar. U zot mevani qo‘llariga olib, yuqoridagidek duo qilardilar. So‘ngra o‘sha joydagi yosh bolalarga u mevani berardilar.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.
Islom olamida Qur’oni karimni muayyan qiroat yo‘nalishi va sanad (ustozlar zanjiri) bilan o‘rganish hamda bu borada ijoza olish qadimiy an’ana bo‘lib, u ilohiy kalomni asl holicha saqlashga xizmat qiladi.
Toshkent islom instituti huzuridagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursida ushbu xayrli an’ana izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, quyidagi ustozlar qiroat ilmini muvaffaqiyatli yakunlab, ijoza sohibiga aylandi:
Nurulloh qori Saydullayev – “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi ustozi. U kishi Imom Osim qiroatining Hafs rivoyatini “Shotibiy” yo‘li asosida to‘liq topshirdi.
Fayzulloh qori Izzatullayev – O‘quv kursining Yangiyo‘l tumani filiali ustozi, Zangiota tumanidagi “Sadr ota” jome masjidi imom-xatibi. Fayzulloh qori Imom Osim qiroati, Hafs va Sho‘ba rivoyatlarini “Shotibiya” yo‘li orqali yakunladi.
Qur’oni karimni mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha to‘liq xatm qilgan ustozlarimizga ijoza shahodatnomalarini 10 ta qiroat sohibi, Al-Azhar shayxi Ibrohim Muhammad tantanali ravishda topshirdi. Mazkur hujjat sohibiga Qur’oni karimni nafaqat qiroat qilish, balki o‘zlashtirilgan yo‘nalishlar bo‘yicha boshqalarga ham dars berish huquqini beradi.
Ma’lumki, ijoza – Qur’oni karimni rivoyat qilish uchun ustoz tomonidan beriladigan ilmiy izndir. Bu shahodatnomaning ahamiyati shundaki, uning silsilasi ustozdan ustozga o‘tib, bevosita Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga borib taqaladi.
Alloh taolo ustozlarimizning ilmiy faoliyatlarini xayrli va barakotli qilsin. Qur’on nuri bilan xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlarida zafarlar yor bo‘lsin!
Oliymahad.uz