Yigirmanchi asrning eng katta kashfiyotlaridan biri bu – xalqaro tarmoq, ya’ni internet bo‘ldi desak, mubolag‘a emas. Bu tarmoq qisqa yillarda televideniye, radio, gazeta va jurnallarni orqada qoldirdi. Dunyo bo‘yicha son-sanoqsiz odamlar internet xizmatlaridan foydalanadilar, axborot almashadilar, turli masalalarni hal qiladilar.
Internet haqida odamlarning fikri turlicha, ba’zilar uni ijobiy baholashsa, ba’zilar salbiy tomonlarini gapiradi. Bu mavzudagi maqbul qarash shuki, internet ham televideniye, radio kabi bir vosita. Muhimi undan qanday foydalanishda. Uni yaxshilikka ham, yomonlikka ham ishlatish mumkin. Demak, eng muhim vazifamiz, internetdan g‘arazli maqsadda foydalanayotganlarga, ayniqsa, yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, zararli oqibatlardan ogohlantirishdir.
Quyida dinimiz ta’limotlariga uyg‘un holda internetdan foydalanish odoblarini bayon qilamiz:
Yaxshi niyat – dinimizdagi eng go‘zal asoslardandir. Hatto bir qaraganda oddiy bo‘lib ko‘ringan ishlar ham yaxshi niyat bilan ibodatga aylanadi. Xuddi shunday internetdan foydalanishda ham dinimiz qoidalariga muvofiq ish qilishni niyat qilgan kishi, ishi bitishi bilan birga savobga ham ega bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) shunday deydilar: “Albatta, amallar niyatlarga bog‘liqdir…” (Imom Buxoriy rivoyati).
Internet ham xilvat joy hukmida bo‘lganidan, odamlar orasida qilmaydigan ishlarimizni, yolg‘iz qolganda ham o‘zimizga ravo ko‘rmasligimiz kerak. Alloh taolo bizni doim kuzatib turganini his qilishimiz lozim. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashini) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur” (G‘ofir surasi, 19-oyat).
Internetda bolalarimiz kim bilan muloqot qilmoqda, kimlar bilan do‘stlashmoqda – bu nihoyatda muhim. Chunki hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: “Yaxshi hamroh va yomon hamrohning misoli atir sotuvchi va temirga dam uruvchi kabidir. Atir sotuvchi yo senga xushbo‘ylik surtib qo‘yadi yo undan xushbo‘ylik sotib olasan yo undan kelayotgan xushbo‘y hiddan bahra olasan. Temirga dam uruvchi esa yo kiyimingni bir chetini kuydirib qo‘yishi mumkin yo undan kelayotgan qo‘lansa hid dimog‘ingni achitadi” (Imom Muslim rivoyati).
Internetdan foydalanishda yana bir jihat bor, ya’ni ikki va undan ortiq kishilar orasidagi virtual aloqalar. Bunga chat, forum, feysbuk, telegram, instagram va tvitterlarni misol qilish mumkin. Bugungi kunda mana shu sohadagi xato-kamchiliklarimizni isloh qilishga juda muhtojmiz. Chunki jamiyat, din, oila va shaxsga bo‘layotgan aksariyat tahdidlar mana shu virtual aloqalar orqali ro‘y bermoqda. Quyida bu borada eng muhim bo‘lgan odoblarga to‘xtalamiz:
Ijtimoiy tarmoqlar g‘iybatchilar “javlon” uradigan maydon bo‘lib qolmasin. Bu borada ham bir inson aql bilan fikr yuritishi lozim bo‘ladiki, erta qiyomatda pushaymon bo‘lib qolmasin. Doimo yaxshi gumon, bag‘rikenglik va chiroyli xulqni mahkam tutsin.
Husni xulq haqida hadisi sharifda shunday deyiladi: “Qayerda bo‘lsang ham Allohdan qo‘rqqin, yomonlikka yaxshilikni ergashtirki, yomonlikni yuvib ketadi, odamlarga chiroyli xulq bilan muomala qil” (Imom Termiziy rivoyati).
Ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini haqorat qilish holatlari kuzatilmoqda.
HIKOYA. Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldi, so‘ng chiqib ketdi. Uketganidan keyin Oisha onamiz roziyallohu anho: "Agar bu ayolning bo‘yi past bo‘lmaganida u qanday ham go‘zal va chiroyli bo‘lardi", dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ey oisha, seni uni g‘iybat qilding", dedilar. Oisha onamiz: "Men unda bor (rost) narsani aytdim-ku", dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sen unda bor narsani aytganing uchun g‘iybat bo‘ldi, unda yo‘q (yolg‘on) narsani aytsang, bo‘hton qilgan bo‘lar eding", dedilar. Shuning uchun bizlar bunday gap-so‘zlardan ehtiyot bo‘lishimiz darkor.
Mana shu masalaga beparvolik ko‘plab muammolarga sabab bo‘lmoqda.
Masalan : Erkakka kelgan xatlar xotinning qo‘liga tushib yoki er xotinning begona erkaklar bilan yozishmalarini topib olgan xolatlar yo Oila qurmagan yosh yigit – qizlarning Ijtimoiy tarmoqdagi yozishuvlari sababidan to‘ydan so‘ng oilalarda halovat yo‘qolib, nikohning buzulishigacha bormoqda.
Bugungi kunning talabi – internetning ijobiy jihatlaridan unumli foydalanib, dunyo-oxiratimizni obod qiladigan, xalqimizga manfaat keltiradigan ishlarni amalga oshirishdir. Har bir musulmon hayotda umuminsoniy va diniy qoidalarga amal qilishi lozim bo‘lsa, internetdan foydalanishda ham shu asoslarga rioya etishi shart. Aks holda, turli gunoh ishlarga aralashib qolinadi. Demak, yaqinlarimiz, ayniqsa, yoshlarni ijtimoiy tarmoqning salbiy jihatlari va zararli oqibatlaridan himoya qilish, doimiy tushuntirish ishlarini olib borish burchimizdir.
Manbalar asosida tayyorlandi
Ma’rufxon ALOXODJAYEV,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin”. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.
Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:
وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ
“(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).
يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ
“Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur” (Shuaro surasi, 80-oyat).
قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ
Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).
Davron NURMUHAMMAD