Suv ichishdan oldin Fotiha surasi to‘liq o‘qiladi. So‘ngra o‘tirgan holatda suvni ichiladi. Fotiha surasini o‘qib keyin suv ichilganda tiqilib qolgan qon tomirlari ochilib ketadi, qon aylanish sistemasi iziga tushadi, yurak faoliyati yaxshilanadi, qalb orom oladi. Insonda ichki quvvat paydo bo‘ladi, ichki a’zolar (oshqozon, jigar, ichaklar) ravon ishlaydi.
Aslida, Qur’on boricha shifo, Rabboniy dorixonadir. Bir stakan suvni Fotiha surasini o‘qib ichishga odatlangan kishi buni his qiladi.
Fotiha surasi ruhingizga ruh, kuchingizga kuch bahsh etadi.
Fotiha surasi hayotingizdagi barcha muammolarni hal qiladi, hattoki er-xotin o‘rtasidagi, farzandlar o‘rtasidagi, ishdagi, o‘qishdagi muammolar ham bundan mustasno emas.
Fotiha surasi qalbdagi kina kudurat, bug‘zu adovatga ham barham beradi. Hasad, kibr, ujb va g‘urur kabi qalb hastaliklarini davolaydi, turli mikroblar va zararli viruslarni o‘ldiradi.
Xonangizni Fotiha surasining xushbo‘y atri bilan muattar qiling. To‘shagingizga yotganingizda ham takror va takror o‘qing.
Fotiha surasini o‘qishlik ishlaringizni tartibli bo‘lishini ta’minlaydi.
Fotiha surasini ma’nolarini tushunib o‘qishga harakat qiling. Alloh taolo “Fotiha” surasini tavsiflar ekan:
وَلَقَدْ ءَاتَيْنَٰكَ سَبْعًا مِّنَ ٱلْمَثَانِى وَٱلْقُرْءَانَ ٱلْعَظِيمَ
“Darhaqiqat, Biz Sizga yetti takrorlanuvchi (yetti oyatli «Fotiha» surasi)ni va ulug‘ Qur’onni ato etdik”, deb marhamat qilgan (Hijr surasi, 87-oyat).
Arab tilida “و” “va” bog‘lovchisi tenglikni ifodalaydi. Ya’ni, Alloh taolo “Fotiha” surasini Ulug‘ Qur’onga tenglashtiryapti. Shuning uchun ulamolar: Qur’oni karimning ma’nolari Fotiha surasiga singdirilgan, Fotiha surasining ma’nolari “Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz” degan oyatga singdirilgan, deydilar.
Fotiha surasi bir kunda sunnat va nafl namozlardan tashqari faqat farz namozlarining o‘zida o‘n yetti marta takror o‘qiladi. Takror-takror o‘qilishida ham sir bor. Agar biror namozning birorta rak’atida o‘qilmay qolsa, namoz mukammal bo‘lmay qoladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotiha surasini “Shofiya” (Shifo beruvchi), “Kofiya” (Kifoya qiluvchi), Qur’ondagi eng buyuk sura deb nomlaganlar. Sahobalar bemorning og‘riyotgan yeriga qo‘llarini qo‘yib Fotiha surasini yetti marta o‘qiganlarida Allohning izni bilan kasal tuzalar edi.
Qachon Qur’on o‘qisangiz uni Fotiha surasi bilan boshlang. Fotiha surasi zulmatlarni nurga aylantiradi, ko‘ngil siqilishidan xalos etadi, g‘am-tashvishlarni aritadi.
Shunday ekan, bir stakan suvni Fotiha surasini o‘qib iching, Allohning izni bilan farqini bilasiz.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ozor bersa zamonning o‘tkir nishlari,
Yagona Zotdan so‘rang Uning yordamin.
Muslima, soliha ayol eri bilan yaxshi yashaydigan, Robbisidan so‘ng eriga itoat etadigan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mana shunday ayolni madh etganlar va uni erkak kishi erishishi lozim bo‘lgan namunaviy ayol ekanini bildirganlar. Eng yaxshi ayol haqida so‘ralganda bunday javob berganlar:
قال: التي تسره إذا نظر، وتطيعه إذا أمر، ولا تخالفه في نفسها ومالها بما يكره
“(Eng yaxshi ayol) eri qarasa xursand qiladigan, buyursa itoat etadigan, o‘z nafsi va molida eri yomon ko‘rgan narsa bilan unga xilof qilmaydiganidir” (Imom Nasoiy rivoyati).
عن ابن عباس قال: لما نزلت الآية (والذين يكنزون الذهب والفضة) فانطلق عمر واتبعه ثوبان فأتى النبي صلى الله عليه وسلم فقال: يا رسول الله، إنه قد كبر على أصحابك هذه الآية. فقال النبي صلى الله عليه وسلم: ألا أخبرك بخير ما يكنزه المرء؟ التي إذا نظر إليها سرته وإذا أمرها أطاعته وإذا غاب عنها حفظته
Alloh taoloning:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّ كَثِيرًا مِنَ الْأَحْبَارِ وَالرُّهْبَانِ لَيَأْكُلُونَ أَمْوَالَ النَّاسِ بِالْبَاطِلِ وَيَصُدُّونَ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ وَالَّذِينَ يَكْنِزُونَ الذَّهَبَ وَالْفِضَّةَ وَلَا يُنْفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ اللَّهِ فَبَشِّرْهُمْ بِعَذَابٍ أَلِيمٍ﴾
“Oltin va kumushni xazinaga bosadigan, Allohning yo‘lida sarflamaydiganlarga alamli azobning bashoratini beraver” (Tavba surasi, 34-oyat) oyati nozil bo‘lganda Umar va Savbon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga borishdi. Umar roziyallohu anhu: "Yo Rasululloh, bu oyat sahobalaringizga og‘ir keldi", dedilar.
Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey Umar, kishi eng yaxshi xazina qiladigan narsaning xabarini beraymi? Unga qarasa xursand qiladigan, buyursa itoat qiladigan va eri g‘oib vaqtida (moli va obro‘sini) himoya qiladigan soliha ayol (kishining eng yaxshi xazinasidir)” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning jannatga kirishini erining roziligiga bog‘lab qo‘ydilar. U zot aytadilar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: أيما امرأة ماتت وزوجها عنها راض دخلت الجنة
“Qaysi ayol eri undan rozi bo‘lgan holda vafot etsa jannatga kiradi” (Imom Termiziy rivoyati).
Siz ana shu ayol bo‘lishga intiling, shunda haqiqiy baxtga erishasiz.
Shu’la: Oxirat diyorida eng avvalgilar qatorida siz uchun ajratilgan o‘rin bor. Faqatgina siz amallaringizni kundan-kunga mukammal qilib boring.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan