Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Sovchilik» degani muayyan bir ayol yoki qizga uylanish istagini uning o‘ziga yoki valiysiga bildirishdir. Aslida, ayol kishining o‘zi yoki yaqinlari tomonidan kuyovning o‘ziga yoki uning oila tarafiga sovchilik qilinishi ham mumkin.
Bu bildirish uylanmoqchi kishining o‘zi yoki uning vakili tomonidan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sovchilikni nikohi istalgan shaxsga yoki uning ishboshilaridan biriga bildirish ham mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanganlarida u kishining otalari Umar roziyallohu anhuga sovchilik qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanganlarida u kishining o‘zlariga sovchilik qilganlar.
Faziylatli kishilarga ayolning o‘zi, ota-onasi yoki ishboshilaridan biri sovchilik qilishi joiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ba’zi ayollar kelib, o‘zini nikohlab olishlarini so‘raganlar.
عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَجَاءَتْهُ امْرَأَةٌ تَعْرِضُ نَفْسَهَا عَلَيْهِ فَخَفَّضَ فِيهَا النَّظَرَ وَرَفَعَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: قَالَ أَنَسٌ: إِنَّ امْرَأَةً عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَضَحِكَتِ ابْنَةُ أَنَسٍ، فَقَالَتْ: مَا كَانَ أَقَلَّ حَيَاءَهَا فَقَالَ أَنَسٌ: هِيَ خَيْرٌ مِنْكِ عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم.
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir ayol kelib, u kishiga o‘zini taqdim qildi. U zot unga boshdan-oyoq nazar solib qaradilar" (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Boshqa bir rivoyatda: Anas: «Bir ayol o‘zini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga taqdim qildi», dedi.
Anasning qizi kulib: «Muncha ham hayosi oz ekan!», dedi. Shunda Anas: «U sendan yaxshiroq. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘zini taqdim qildi», dedi.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: تَأَيَّمَتْ حَفْصَةُ مِنْ خُنَيْسِ بْنِ حُذَافَةَ السَّهْمِيِّ، وَكَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم تُوُفِّيَ بِالْمَدِينَةِ، فَقَالَ عُمَرُ: عَرَضْتُ حَفْصَةَ عَلَى عُثْمَانَ، فَقَالَ: سَأَنْظُرُ فِي أَمْرِي، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ ثُمَّ لَقِيَنِي، فَقَالَ: قَدْ بَدَا لِي أَلَّا أَتَزَوَّجَ يَوْمِي هَذَا. فَلَقِيتُ أَبَا بَكْرٍ الصِّدِّيقَ فَقُلْتُ: إِنْ شِئْتَ زَوَّجْتُكَ حَفْصَةََ، فَصَمَتَ أَبُو بَكْرٍ، وَكُنْتُ أَوْجَدَ عَلَيهِ مِنِّي عَلَى عُثْمَانَ، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ، ثُمَّ خَطَبَهَا رَسُولُ اللهِ، فَأَنْكَحْتُهَا إِيَّاهُ، فَلَقِيَنِي أَبُو بَكْرٍ فَقَالَ: لَعَلَّكَ وَجَدْتَ عَلَيَّ حِينَ عَرَضْتَ عَلَيَّ حَفْصَةَ فَلَمْ أَرْجِعْ إِلَيْكَ شَيْئًا، قَالَ عُمَرُ: قُلْتُ: نَعَمْ، قَالَ أَبُو بَكْرٍ: إِنَّهُ لَمْ يَمْنَعْنِي أَنْ أَرْجِعَ إِلَيْكَ فِيمَا عَرَضْتَ عَلَيَّ إِلَّا أَنِّي كُنْتُ عَلِمْتُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَدْ ذَكَرَهَا، فَلَمْ أَكُنْ لِأُفْشِيَ سِرَّ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم، وَلَوْ تَرَكَهَا قَبِلْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hafsa Xunays ibn Huzafa as-Sahmiydan beva qoldi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo‘lib, Madinada vafot etgan edi. Bas, Umar aytdi: «Hafsani Usmonga taqdim qildim. U «O‘ylab ko‘ray-chi», dedi. Bir necha kun kutdim. So‘ng u menga uchrab, «Hozirgi kunda uylanmay turganim ma’qulga o‘xshaydi», dedi.
Abu Bakr Siddiqqa uchrab, «Xohlasang, senga Hafsani nikohlab beraman», dedim. Abu Bakr indamadi. O‘shanda undan Usmondan achchig‘im chiqqanidan ko‘ra ko‘proq achchig‘im chiqdi. Bir necha kun turganimdan so‘ng unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovchi bo‘ldilar va men uni u zotga nikohlab berdim. So‘ngra Abu Bakr menga uchrab:
«Hafsani menga taqdim qilganingda, men esa senga javob bermaganimda, achchig‘ing chiqqan bo‘lsa kerak?» dedi.
«Ha», dedim.
«Meni senga javob berishdan faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uni zikr qilganlarini eshitganim man qildi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini fosh qilishim mumkin emas edi. U zot tark qilganlarida, uni qabul qilar edim», dedi Abu Bakr».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Bizning sharoitimizda, odatda, sovchilik yigitning ota-onasi yoki ular tayinlagan kishilar tomonidan kelinlikka nomzodning ota-onasiga yoki oila a’zolariga qilinadi.
Aytaylik, mazkur ish sodir bo‘ldi. Erkak tomondan ayol-qiz tomonga sovchilik qilindi. Endi ayol-qiz taraf munosib kuyov tanlash majburiyatida qoladi. Albatta, ular ham bu tanlashda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatma va tavsiyalariga amal qilsalar, juda ham yaxshi bo‘ladi va bunday o‘ta nozik, umr savdosi bo‘lgan ishda eng to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladilar.
"Baxtiyor oila" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ona farzandini to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi, og‘ir mashaqqatlar bilan dunyoga keltiradi va butun umrini uning kamoli uchun bag‘ishlaydi. Farzandga bo‘lgan bu muhabbat Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir.
Ammo ayol kishi o‘g‘lini uylantirgan kuni qaynonaga aylanadi. Shu kundan boshlab u farzandi hayotidagi eng muhim inson sifatidagi o‘rnini boshqa bir inson — kelini bilan baham ko‘rishga to‘g‘ri keladi.
Darhaqiqat, qaynona bo‘lish oson emas. Bu ayol hayotidagi muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘lib, ko‘pincha uning ahamiyati yetarlicha e’tirof etilmaydi.
Har bir ayol yaxshi qaynona bo‘lishni istaydi. Biroq buni aytish oson, amal qilish esa ancha mushkul. Chunki ona bilan o‘g‘lining turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi munosabat juda nozik va ehtiyotkorlikni talab qiladi.
Musulmon inson hayotdagi har bir o‘zgarishga tayyor turishga harakat qilishi lozim. Qaynonalik mas’uliyati ham bundan mustasno emas.
1. Kelin sizning qizingiz emas
Har bir qaynona avvalo bir haqiqatni qabul qilishi kerak: o‘g‘lingizning ayoli sizning qizingiz emas. U boshqa oilada, boshqa muhitda tarbiya topgan. Shuning uchun undan o‘z qizlaringizdan kutgan narsalarni kutmang.
U bilan qo‘pol yoki haddan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri muomala qilmang. Chunki u sizning yaxshi niyatingizni qizlaringiz kabi darhol tushunmasligi mumkin.
2. Keliningizga qizingizga qanday munosabat qilinishini istasangiz, shunday munosabatda bo‘ling
Keliningiz ham bir oilaning ardoqli farzandi. Qizingizga qanday munosabatda bo‘lishlarini istasangiz, unga ham shunday munosabatda bo‘ling.
Uning har bir xatosini kuzatib yurmang. Har bir kamchiligi uchun hukm qilishga shoshilmang. Agar biror xato qilsa yoki kamchilikka yo‘l qo‘ysa, qizingizni kechirganingiz kabi kechirishga harakat qiling.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi” (Imom Buxoriy, Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Hamdun Qassor rahmatullohi alayhning quyidagi hikmatli so‘zlarini ham yodda tuting: “Agar do‘stingizdan biror xato o‘tsa, unga yetmishta uzr toping. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, aybni o‘zingizdan qidiring”.
3. Ayollar tug‘ma uy bekasi emasligini unutmang
O‘zingizning yosh kelin bo‘lgan davringizni eslang. O‘sha paytdagi tajribangiz bilan bugungi mahoratingizni taqqoslang.
Yaxshi uy bekasi bo‘lish bir kunda shakllanmaydi. U vaqt, sabr va tajriba orqali qo‘lga kiritiladigan fazilatdir.
4. O‘g‘lingizga tegishli har bir narsa sizga tegishli emas
Oila qurgan o‘g‘lingizning va uning turmush o‘rtog‘ining mol-mulki ularning shaxsiy mulki hisoblanadi. Ularning hayotiga va shaxsiy qarorlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhimdir.
5. O‘g‘lingiz o‘z mas’uliyatlarini anglashi kerak
Ona sifatida farzandlaringiz ustida katta haq-huquqlarga egasiz. Farzandingizni bu haq-huquqlarni to‘g‘ri anglagan holda tarbiyalang. Ayniqsa, o‘g‘lingizga ayolining haqlarini ham o‘rgating. Toki u onasining haqlarini ado qilish bahonasida turmush o‘rtog‘ining huquqlarini poymol qilmasin.
6. Dushman emas, ittifoqchi bo‘ling
O‘g‘lingiz va nabiralaringizga g‘amxo‘rlik qilish yo‘lida keliningiz bilan ahil bo‘lishingiz lozim. Sizlar bir-biringizga qarshi emas, balki bir maqsad yo‘lida harakat qilayotgan ittifoqchilarsiz.
Ishonch va samimiyatga asoslangan munosabatlarni shakllantiring. Keliningiz uning manfaatlarini o‘ylayotganingizni his qilsin.
Uning yutuqlaridan o‘zingiznikidek quvoning. Zero, uning baxti va muvaffaqiyati butun oilaning baxtidir.
Eng muhimi, keliningizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsating. Unga yaxshi so‘zlar ayting. Chunki shirin so‘z va samimiy munosabat inson qalbida muhabbat uyg‘otadi.
Unutmang: siz ham bir vaqtlar qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan kelin bo‘lgansiz.
Yurtimizdagi har bir oila baxtiyor oila bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD