Shu yil yanvar oyining birinchi yarmida yurtimizdan umra ziyoratini ado qilish uchun ketgan 48 nafar hamyurtimiz umra amallarini bajarib, yurtimizga keldi. Ularni Nukus xalqaro aeroportidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy madrasasi, imom-xatiblar, ziyoratchilarning yaqin qarindoshlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.
ؘ– Umra amallarini ado etishga ulkan imkoniyat va qulayliklarni hozirlab bergan muhtaram Yurtboshimiz va mutasaddi rahbarlarga tashakkur. Madina va Makka shaharlarida ziyoratchilar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar hammasi ko‘ngildagidek. Hamsafarlarimiz ham minnatdor. Safar davomida ibodat amallarini ado etish chog‘ida yurtimiz tinchligi va xotirjamligi uchun duolar qildik», – deydi ziyoratchilardan biri.
Darhaqiqat, barcha mo‘min-musulmonlar katta savoblarga erishish va gunohlardan poklanishdan umid qilgan holda Umra ibodatini bajarishga intiladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Haj va umrani Alloh uchun mukammal bajaring”, – deydi. Shuningdek, umra amali uchun katta mukofotlar va’da qilingan. Payg‘ambar alayhissalom o‘z hadisi sharifda: “Umra (oldin qilingan) umragacha (bo‘lgan) ikkalasining o‘rtasidagi (sag‘ira gunohlar)ga kafforot bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Miras ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari
qoziyoti xodimi