Boshqalarga qalbingiz, aqlingiz, molingiz ila yordam bering. Yordamingiz, amalingiz faqat Alloh taoloning rizoligi uchun bo‘lsin. Qilgan yaxshiligingizni eslab yurishdan saqlaning. Aksincha, birov sizga yaxshilik qilsa, uni doim yodingizda tuting. Zero, Alloh taolo Baqara surasining 264-oyati karimasida: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..» deb marhamat qildi.
Qarshingizdan chiqadigan har qanday ko‘ngilsizlikni muvaffaqiyat keltiradigan hayot tajribalaridan biri deb biling. Zero, tun naqadar uzun bo‘lmasin, albatta, quyosh chiqishi bordir. Aytishadi-ku, muvaffaqiyat narvondir, ikki qo‘ling cho‘ntakda bo‘la turib, unga ko‘tarila olmaysan, deb.
Bir burda nonga ham Allohga hamd ayting, shukr qiling. Doim ham to‘kin-sochinlik bo‘lavermaydi. O‘tayotgan kuningizdan noliyvermang, qanoatli bo‘ling. Hasad qilishdan saqlaning. Zero, Alloh taolo bandalarini O‘zi siylagan ne’matlar bilan xoslab qo‘ygan. Boshqalarning o‘sha ne’matlardan mahrum bo‘lishlariga orzumand bo‘lmang, aksincha, Alloh sizni ham ne’matlantirishini, barakotini so‘rang.
Har kuni Alloh azza va jalladan afv va ofiyat so‘rashni unutmang. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan afv va ofiyat so‘ranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin ofiyatdan-da yaxshirog‘i berilmagan”[1], deya marhamat qilganlar.
Alloh taolodan foydali ilm va keng rizq so‘rang. Boisi, ilm o‘zgalar tortib ololmaydigan xazinadir. Johilning qo‘lidagi ming dinor bir hovuch tuproqqa aylanadi, ilm talabidagi kimsaning qo‘lidagi bir siqim tuproq esa, ming dinorga.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilmning fazli borasida: “Ey Kumayl, ilm mol-dunyodan yaxshiroqdir. Ilm seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm – hokim, mol esa mahkumdir. Molni berganing sari kamayaveradi. Ilm esa tarqatish orqali ko‘payib boradi”, deganlar.
Ilm mag‘rurlikni so‘ndiradi. G‘urur go‘yo bananning po‘stlog‘iga o‘xshaydi. Muvaffaqiyat cho‘qqisiga ko‘tarilayotganingizda, u sabab toyib ketasiz. Foydali ilm so‘rash borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan manfaatli ilm so‘ranglar va foyda bermaydigan ilmdan panoh tilanglar”, deganlar.
O‘zingiz va atrofingizdagilar birdek baxtli bo‘lishi uchun ularning har birini baxtiyor qilishga harakat qiling. Yig‘i orasida kula olmaganingizdek, atrofingizdagilar zulmat qa’rida bo‘lgan bir holda, siz tong yog‘dusi ichra tura olmaysiz. Axir, insonning baxti uning ko‘magi sabab muvaffaqiyatga erishganlarning adadi bilan belgilanadi. O‘ziga to‘q kishilardan bo‘lsangiz davlatingizdan ozroq berish ila boshqalarning saodatiga hissangizni qo‘shing. Bordi-yu, qo‘lingiz kaltalik qilsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa-da, bu jarayonda ishtirok eting.
Qora kuningizda sizga yordam qo‘lini cho‘zgan, dunyo to‘nini teskari kiyganida siz bilan birga yelkadosh bo‘lgan, ba’zan yaqinlaringiz tashlab ketib yolg‘iz qolganingizda sizni jarlikdan olib chiqqan kishilarni unutmang...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham minnatdorchilik bildirish mo‘minlarning sifati ekanini ta’kidlab: “Odamlarga tashakkur aytmagan kishi, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmaydi”, deganlar va yana boshqa bir hadislarida yaxshilikni mukofotlashni o‘rgatib, shunday deya marhamat qilganlar: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofotlab qo‘yinglar. Taqdirlashga arzirli biror narsa topa olmasangiz, haqqi ado bo‘ldi deb o‘ylaguningizgacha uning haqqiga duo qilib qo‘ying” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Siz bilmay xafa qilgan insonlaringizni ismini yodingizda tuting va, albatta, uzringizni ayting. Odamlarni hisob-kitob qilmang, odamlarni muhokama qilish vaqtni behuda ketkazishdan boshqa narsa emas.
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy rivoyati.
Insoniyat tarixining qaysi bir davriga nazar tashlamaylik, millatning mavjudligi, uning o‘ziga xosligi va ma’naviy qiyofasini belgilovchi eng bosh omil bu — uning tili ekaniga guvoh bo‘lamiz. Til shunchaki aloqa vositasi emas, balki xalqning madaniyati, dunyoqarashi, o‘tmishi va kelajagini o‘zida mujassam etgan jonli xazinadir. O‘zbek tili asrlar davomida turli murakkab sinovlarni, ijtimoiy-siyosiy to‘fonlarni boshidan kechirib, bugungi kunda mustaqil davlatimizning rasmiy bayrog‘i, madhiyasi va gerbi kabi muqaddas ramzlaridan biriga aylandi.
1989-yil 21-oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi mamlakatimiz tarixida milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi eng ulkan va dadil qadamlardan biri bo‘lgan edi. Mazkur sana jamiyatimiz hayotida har yili nafaqat rasmiy bayram, balki o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga ehtirom ko‘rsatish va kelajak poydevorini mustahkamlash kuni sifatida keng nishonlanadi. “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi kabi diniy-ma’rifiy maskanlar zimmasiga ham bugungi kunda davlat tilining jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, uning ilmiy salohiyatini oshirish borasida muhim vazifalar yuklangan.
Islom dini insoniyatga ato etilgan barcha ne’matlarga alohida mas’uliyat bilan yondashishni buyuradi. Yer yuzida turli millat va elatlarning mavjudligi, ularning o‘zaro farqli tillarda so‘zlashishi tasodif yoki oddiy ijtimoiy hodisa emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Yaratganning hikmati va Uning ulug‘vorligiga dalolat qiluvchi oyat-belgidir. Alloh taolo Qur’oni karimning Rum surasi 22-oyatida shunday deydi: “Uning belgilaridan (yana biri) - osmonlar va Yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xilligidir. Albatta, bunda barcha olamlar uchun alomatlar bordir”.
Ushbu ilohiy kalomdan ma’lum bo‘ladiki, tillarning xilma-xilligi insoniyat tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan emas, balki koinotning yaralishi kabi yuksak nizom va ilohiy iroda mahsulidir. Demak, har bir xalq o‘z ona tilini saqlashi, uni asrab-avaylashi va rivojlantirishi Yaratganning bu buyuk ne’matiga shukrona keltirishning bir ko‘rinishidir. Zero, har bir lison o‘zida muayyan bir qavmning asriy tajribasi va madaniy boyligini omonat sifatida saqlaydi.
Kalomning go‘zalligi va tilning sofligi insonning ichki ma’naviy dunyosini, uning iymoniy komilligini ko‘rsatuvchi muhim mezondir. Islom dini har bir mo‘minni o‘z tilidan faqat yaxshilik, ma’rifat va chiroyli so‘zlarni chiqarishga targ‘ib qiladi. Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab sahih hadislar vorid bo‘lgan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim o‘zlarining sahih to‘plamlarida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gapni gapirsin yoki sukut saqlasin”.
Ushbu hadis insonning so‘zlashuv madaniyatini uning e’tiqodi bilan uzviy bog‘lamoqda. Yaxshi so‘z, go‘zal nutq va lisoniy mukammallik jamiyatda fitna va buzg‘unchilikning oldini oladi. Tildan o‘rinli foydalanish, adabiy til me’yorlariga rioya qilish va so‘zlarni asliga muvofiq ishlatish ham o‘z navbatida muloqot madaniyatining oliy namunasidir.
Bugungi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanish tarixi Movarounnahr zaminidagi buyuk ilmiy-madaniy yuksalishlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Ma’lumki, o‘rta asrlarda ushbu mintaqada arab va fors tillari ilm-fan hamda she’riyat tili sifatida keng qo‘llangan bo‘lsa-da, turkiy xalqlarning o‘z tili ham chuqur ijtimoiy-madaniy asosga ega edi.
Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asari turkiy tilning boyligi, leksik imkoniyatlari va arab tilidan qolishmasligini isbotlash yo‘lidagi ilk ulkan ilmiy qadam edi. Keyinchalik, Temuriylar renessansi davrida hazrat Alisher Navoiy o‘zining “Muhokamatul-lug‘atayn” (Ikki til muhokamasi) asari orqali turkiy tilning naqadar jozibador, boy va chuqur ma’nolarni ifodalashga qodir lison ekanini ilmiy asosda mukammal isbotlab berdi. Navoiy bobomiz o‘z ona tilida betakror shoh asarlar yaratib, uni jahon adabiyoti darajasiga ko‘tardi. Demak, bugungi davlat tilimiz — shunchaki oddiy so‘zlashuv tili emas, balki buyuk mutafakkirlar, faqihlar va allomalarning ilmiy va ijodiy mehnati singan yuksak merosdir.
Har qanday mustaqil davlatning o‘ziga xos suverenitet belgilari bo‘ladi. Til — davlatning siyosiy, ijtimoiy va madaniy mustaqilligini ta’minlovchi eng bosh quroldir. Davlat tili jamiyatdagi barcha millat va elatlarni yagona davlat tuzilmasi va umumiy maqsadlar atrofida birlashtiruvchi vositadir. Konstitutsiyamizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi qat’iy belgilab qo‘yilganligi mamlakatimizda qonun ustuvorligi va milliy manfaatlarning himoyasidir.
Jamiyat hayotida, davlat boshqaruvida, rasmiy ish yuritishda, xalqaro aloqalarda o‘zbek tilining keng qo‘llanishi milliy g‘ururimizni yuksaltiradi. Shu bois, har bir fuqaro, ayniqsa, davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan mas’ul shaxslar adabiy til me’yorlariga qat’iy rioya qilishlari shart. Davlat tilining mavqeyini oshirish — milliy mustaqillikni mustahkamlash bilan barobardir.
Bugungi kunda jahon globallashuvi sharoitida tilimiz o‘zining sof jozibasini yo‘qotmasligi uchun har qachongidan ham ko‘proq e’tibor talab qilinmoqda. Jamiyatimiz hayotida lisoniy madaniyat bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Ko‘chalardagi reklama bannerlari, do‘konlar nomlanishi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi imlo xatolari, chet tilidan kirib kelayotgan va tilimizda muqobili bor so‘zlarning o‘rinsiz qo‘llanishi achinarli holdir.
“Tilga e’tibor — elga e’tibor” degan shior shunchaki balandparvoz gap emas. Kim o‘z millatining tilini hurmat qilmasa, u o‘z elini, milliy qadriyatlarini ham hurmat qilmagan bo‘ladi. Davlat tilini toza saqlash, yoshlar ongiga soxta va sun’iy so‘zlarni kiritmaslik — bugungi kun ziyolilari, pedagoglari va ayniqsa, diniy ulamolarning asosiy vazifalaridan biridir. Biz yosh avlodga ona tilida to‘g‘ri va ravon gapirishni, uni qadrlashni o‘rgatishimiz lozim.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tili — xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi eng go‘zal va mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Uni asrash, boyitish va jamiyat hayotidagi mavqeyini yuksaltirish har bir vatandoshimizning, xususan, ilm ahlining muqaddas burchidir. 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan barchamiz ona tilimiz sofligi uchun mas’ul ekanligimizni chuqur his etmog‘imiz lozim.
Tilimiz yashasa — millatimiz yashaydi, davlatimiz barqaror bo‘ladi. Ona tilimizning nufuzi va go‘zalligi hech qachon so‘nmasin, u kelajak avlodlarga munosib omonat sifatida sof va boy shaklda yetkazilsa, ajdodlarimiz ruhi shod, kelajagimiz esa buyuk bo‘ladi.
Shahzod Eshboyev,
“Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi