Islom shariatida ribo Qur’oni Karim, sunnat va ijmo bilan harom qilingan. Alloh taolo Baqara surasi 275-oyatida bunday marhamat qiladi:
وَأَحَلَّ اللَّهُ الْبَيْعَ وَحَرَّمَ الرِّبَا
“Va holbuki, Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan” [1]. Bundan boshqa oyatlarda ham ribodan qaytarilib, oxiratda riboxo‘rlarning ayanchli holatlari bayon qilingan.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ribo yeyuvchini, yediruvchisini, kotibini va ikki guvohini la’natladilar va “Ular barobardir” dedilar [2].
Riboning haromligini bilib oldik, endi ribo o‘zi nima, qanday mollarda ribo bo‘ladi, riboning illati nima ekanligini o‘rganib chiqamiz.
Ribo so‘zi lug‘atda “ziyodalik” degan ma’noni anglatadi. Faqihlar istilohida esa:
الربا هو الفضل المستحق لأحد المتعاقدين في المعاوضة، الخالي عن عوض شرط فيه [3]
“Ribo – bu mol almashtirish jarayonida ikki aqdlashuvchining biri uchun shart qilingan evazdan xoli ziyodalikdir”.
Sodda qilib aytganda bir kishining 100 ming so‘m berib 120 ming olishi ayni ribodir. Mana shu 20 ming ta’rifdagi “evazdan holi ziyodalik”dir.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf riboga quyidagicha ta’rif bergan: “Ribo – molni molga almashtirishda evazsiz ortiqcha mol olishdir” [4].
Ko‘pchilik musulmonlar ribo deganda qarz berib foizi bilan qaytarib olishni yoki ba’zi banklardagi foizli kreditlar keladi. Lekin jamiyatimizda riboning bundan boshqa ko‘rinishlari ham borki, ularga ko‘pchilik e’tibor bermaydi yoki riboligini ham bilmaydi. Bu holatlarni bayon qilishdan oldin ribodagi asl qoida bilan tanishib olishimiz kerak. Ribo to‘g‘risida faqihlar hujjatlangan asosiy dalil quyidagi hadisi sharifdir:
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Tillaga tilla, kumushga kumush, bug‘doyga bug‘doy, arpaga arpa, xurmoga xurmo, tuzga tuz tengma teng, qo‘lma qo‘l (sotinglar). Endi agar ushbu mollar bir xil bo‘lmasa-yu qo‘lma-qo‘l bo‘lsa, xohlaganingizdek sotaveringlar” dedilar [5].
Hadisda 6 ta riboviy mol sanaldi va ularni bir biriga faqatgina ziyodasiz teng miqdorda va “qo‘lma-qo‘l” bir vaqtda, nasiya qilmay sotish mumkinligi, agar ziyoda qilsa ribo bo‘lishi hamda jinslari turlicha bo‘lgan vaqt – masalan oltinga bug‘doy sotilsa qo‘lma qo‘l bo‘lish sharti bilan ziyodalik joizligi aytib o‘tildi. Shu va boshqa hadislarga asoslanib faqihlar ribo bo‘lishi uchun qanday mollar bo‘lish kerakligini hamda ribo ikki turga bo‘linishini aniqlaganlar.
Dastlab qanday narsalarda ribo bo‘lishini o‘rganib chiqamiz. “An-niqoya muxtasarul viqoya” asarida quyidagicha keltiriladi:
علته القدر أي الكيل والوزن مع الجنس [6[
“Riboning illati miqdor ya’ni kayl yoki vazn bilan jinsning bir bo‘lishidir”.
Ya’ni shu sifatlarga ega bo‘lgan mollarda ribo bo‘ladi.
Kayl va vazn – o‘lchov birligi bo‘lib, yuqoridagi hadisda keltirilgan bug‘doy, arpa, xurmo, tuz kabi maxsulotlar kayl bilan o‘lchangan, tilla, kumush kabilar esa vazn bilan o‘lchangan. Demak, ribo faqatgina kayl yoki vazn bilan o‘lchanadigan, jinsi bir xil bo‘lgan narsalarda bo‘lar ekan. Hozirgi kunimizda esa tarozida tortib hisoblanadigan mahsulotlarni riboviy mol deyishimiz mumkin. Lekin donalab yoki metrlab o‘lchanadigan narsalarda ribo bo‘lmaydi. Masalan, bitta tuxumni ikkita tuxumga, yoki 1 metr matoni 2 metr matoga almashtirish mumkin, bu ribo hisoblanmaydi.[7] Ammo 10 kg unni 15 kg huddi shunday unga almashtirsa ribo bo‘ladi. Chunki un kayliy mahsulotdir.
Fiqh kitoblarida riboning illatlarini bayon qilgach, aytiladiki:
"إذا بيع الوكيل أو الموزون بجنسه مثلا بمثل: جاز البيع. و إن تفاضل لم يجز. و إذا عدم الوصفان حل التفاضل و النساء و إذا وجدا حرم التفاضل والنساء . و إذا وجد أحدهما و عدم الآخر:حل التفاضل و حرم النساء."[8]
“Agar kayliy yoki vazniy narsa o‘z jinsiga tengma-teng sotilsa, savdo joiz bo‘ladi. Agar ortiqcha bo‘lsa, joiz emas. Agar ikkala sifat (kayl yoki vazn va jins bir bo‘lishi) topilmasa ziyodasi ham nasiya qilish ham halol bo‘ladi. Agar ikkala sifat topilsa – ziyoda ham, nasiya qilish ham harom bo‘ladi. Agar bir sifat topilib, biri yo‘q bo‘lsa ziyoda joiz, nasiya harom bo‘ladi”.
Mana shu ribo haqidagi eng muhim qoidadir.
Yuqorida ribo bo‘lishi uchun vazniy yoki kayliy mahsulot bo‘lishi hamda jinsi bir bo‘lishi kerakligini aytib o‘tdik. Bunday mahsulot o‘z jinsiga tengma teng sotilsa, savdo joiz. Ya’ni 100 kg xurmoni huddi shuncha xurmoga almashtirish joiz. Agar ortiqcha bo‘lsa, joiz emas. Ya’ni 100 kgni 150 kg ga almashtirsa. Bunda mahsulotlarning sifati farqli bo‘lishi ahamiyatli emas. Agar ikkala sifat topilmasa ziyodasi ham nasiya qilish ham halol bo‘ladi. Masalan, un evaziga non almashtirsa, bunda ikkisi teng miqdorda bo‘lishi shartmas va nasiya qilish ham joiz. Agar ikkala sifat topilsa – ziyoda ham, nasiya qilish ham harom bo‘ladi. Masalan, tillani tillaga almashtirishda tengma-teng bo‘lsin, ortiqchasi harom hamda qo‘lma qo‘l bir vaqtda bo‘lsa, nasiya bo‘lmasin, nasiya qilish harom. Agar bir sifat topilib, biri yo‘q bo‘lsa ziyoda joiz, nasiya harom bo‘ladi". Masalan, tilla kumushga almashtirilsa, ortiqchasi joiz, teng miqdorda bo‘lishi shart emas, lekin nasiya qilish harom. Chunki tilla va kumush vazniy, lekin jinsi boshqa-boshqa. Bulardan boshqa holatlarda ham ribo bo‘lish-bo‘lmasligini shu qoidaga asoslanib chiqarish mumkin.
Hozirgi paytda ribo asosan pul bilan bog‘liq masalalarda kuzatiladi. Oldingi davrlarda tijorat masalalarida oltin va kumush ishlatilgan. Hozirda biz keng foydalanadigan qog‘oz pullar, bank plastik kartalaridagi pullar ham oltin va kumush hukmidadir. Misol uchun zamonamizdagi fiqhiy kitoblardan biri bo‘lgan "Al-fiqhul hanafiy fiy savbihil jadiyd" kitobida: "Ribo barcha naqd pullarda haromdir, ular oltin yo kumush bo‘ladimi yoki qog‘oz pullar bo‘ladimi farqi yo‘q" [9] deyilgan. Yuqoridagi qoidadan kelib chiqadiki kundalik hayotimizda ko‘p duch keladiganimiz pul almashtirish jarayonida ham ikki taraf bir vaqtda almashinayotgan pul miqdorlarini bir-birlariga qo‘lma-qo‘l berishlari zarur. Nasiya qilish harom bo‘ladi. Plastik kartadagi pulni naqd pulga almashtirishda ham shu qoidaga asosan pul almashish jarayoni bir vaqtda sodir bo‘lishi talab etiladi. Agar ikki tarafdagi pul jinsi bir xil bo‘lsa, ya’ni so‘mga so‘mni yoki dollarga dollarni almashtirsa ziyoda qilish ham harom bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki kundalik hayotimizda tez-tez duch keladigan savdo-sotiq va boshqa muomalat masalalarida yanada e’tiborli bo‘lishimiz, qaysi holatlarda halol savdo bo‘ladiyu, qaysi holatlarda ribo bo‘lishini bilishimiz va shunga ko‘ra ish tutishimiz lozim. Zero ribo gunohi kabiralardan sanaladi, barcha musulmonlar bundan saqlanishga harakat qilishlari vojibdir.
Jannatxon SAYDILLAYEVA,
Toshkent Islom instituti talabasi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va hayot. 11-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2022. – 304 b.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya. 3-juz. – T.: Hilol-Nashr, – 640 b.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2008. – 664 b.
الإمام الحافظ أبوالحسين مسلم بن الحجاج النيسابوري. صحيح مسلم. – رياض: بيت الأفكار الدولية، ١٩٩٨.-١٤٧٣ص
الإمام علي بن أبي بكر المرغيناني. الهداية. الجزء الرابع. – المدينة المنورة: دار السراج. ٢٠١٩. ٦٠٨ ص
الفقه الحنفي في ثوبه الجديد. عبد الحميد محمود طهماز. الجزء الرابع. – بيروت: الدار الشامية. ٢٠١٨. ٥٠٤ ص
عبيد الله بن مسعود. النقاية مختصر الوقاية. دار الإيمان للمعرفة. ٢٠١٨. ٢٢٤ ص
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. 1-juz. – T.: Hilol-Nashr, 2008. 286-b.
[2] Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya. 3-juz. – T.: Hilol-Nashr.2023. 133-b.
[3]. الإمام علي بن أبي بكر المرغيناني. الهداية. الجزء الرابع. – المدينة المنورة: دار السراج. ٢٠١٩. – ٥٣٣ ص
5-QISM
Raddiya: Hijrat va jihod masalasi sharoit, imkoniyat va shariat hukmlariga bog‘liq.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makka fathidan keyin: “Fathdan keyin hijrat yo‘q” (Imom Buxoriy rivoyati), deganlar.
Jihod esa har bir shaxsning o‘zboshimchalik bilan amalga oshiradigan ishi emas. Ahli sunna ulamolariga ko‘ra, jihod davlat rahbarligi va umumiy maslaxat asosida bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:
﴿وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ﴾
“O‘zingizni halokatga tashlamang” (Baqara surasi, 195-oyat).
Sahobalar hayotini bugungi noqonuniy qurolli guruhlar bilan qiyoslash – noto‘g‘ri qiyos bo‘lib, yoshlarni zo‘ravonlikka undaydi.
Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Is'hoq al-Fokihiy “Makka xabarlari” asarida yozishicha, Ibn Abbos roziyallohu anhu uxlayotganida yostig‘i tagidagi hamyonini o‘g‘rilashadi. O‘g‘ri ushlanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldiga olib borilganida, u o‘z qilmishini shu mablag‘ evaziga hijrat qilmoqchi ekani bilan oqlamoqchi bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uning ishini qoralab, Makkaga qaytib, o‘z shahrida muqim yashashga buyurib: “Hijrat to‘xtatildi!” deya ta’kidlaydilar.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib: “Yo Allohning Rasuli, men ota-onamni yig‘lagan holida tashlab, hijrat qilish uchun sizning huzuringizga keldim”, deydi. U zot esa: “Ota-onangni oldiga qaytib, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldirgin”, deb javob beradi (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hijrat – diniga, moliga va joniga jiddiy xavf bo‘lgan vaqtda o‘z yashab turgan joyidan boshqa bir manzilga ko‘chishdir. Hijratning hukmi esa, har zamonda, har makonda, hammaga bir xil maqomda bo‘lmaydi. Chunki, hijratning hukmi o‘zgarib turadi. Hijratning ommatan yoki xossatan farz bo‘lishini esa, yurtda fatvo chiqarishga mas’ul bo‘lgan muftiy belgilaydi.
Islomning avvalida hijrat mandub, ya’ni targ‘ib qilingan amal edi. Keyin Makkadan Madinaga hijrat qilish farz bo‘ldi. Makka fath qilinganda esa hijratning vojiblik hukmi bekor bo‘ldi. Ish yana mandublikka qaytdi.
Demak, farz hijrat tugatilib, mandub hijrat qolgan. O‘z mazmuniga ko‘ra hijratning Qiyomat kunigacha davom etishini ifoda etuvchi hadislarda ana shu mandublik nazarda tutilgan. Bu Imom Abu Hanifa rahimahulloh va Shofe’iylardan Xattobiyning qarashlaridir. Bizning hanafiy ulamolari mana shu fikrni ta’kidlaydilar (Al-Xattobiy “Ma’olimus-sunan, Imom Saraxsiy “Mabsut”, Kosoniy “Badoi’us-sanoye’”, Ibn Obidin “Raddul muhtor”, Aliy Qori “Mirqotul mafotih”).
Bu yerda shuni eslatib o‘tamizki, hijrat deganda doim “Kufr diyori”dan “Islom diyori”ga ko‘chish tushuniladi. Demak, mazkur imomlarimiz “Kufr diyori”dan “Islom diyorlari”ga ko‘chishni mandub hukmida qoldi, vojib hukmida emas, deganlar. Albatta, ularning mandub degan gaplari «Islom diyori»dan chiqib ketayotganlarga tegishli emas.
Agar kishi o‘zboshimchalik bilan yashab turgan joyidagi ayrim kamchiliklar sababli yurtini tark qiladigan bo‘lsa, bu yo‘lda duch kelgan qiyinchiliklari uchun savob olmaydi. Balki, jonini, salomatligini hamda oila a’zolarini hayotini xavf va mashaqqatga qo‘ygani uchun ma’lomat qilinadi.
Aslida, bugungi kunda musulmon inson uchun eng xavfsiz joy bu o‘zining vatanidir. O‘z vatanidan ko‘ra jon, mol va e’tiqod muhofazasi mukammalroq boshqa joylar borligi aniq emas.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi