Sayt test holatida ishlamoqda!
27 May, 2026   |   9 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:55
Peshin
12:25
Asr
17:31
Shom
19:50
Xufton
21:22
Bismillah
27 May, 2026, 9 Zulhijja, 1447

Ramazon oyi ro'zasi – hadisi shariflarda

14.03.2024   6649   8 min.
Ramazon oyi ro'zasi – hadisi shariflarda

Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Islom besh narsa ustiga qurilgan: bular Allohdan o'zga iloh yo'qligiga va Muhammad alayhissalom Uning payg'ambari ekanlariga guvohlik berish, namoz o'qish, zakot berish, Ka'bani haj qilish va ramazon ro'zasini tutishdir», deganlarini eshitdim» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim ishonib va mukofotini Allohdan umid qilib Ramazon ro'zasini tutsa, o'tmish gunohlari kechiriladi», deganlar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam insonlar ichida xayr qilishda eng saxiyi edilar. U zotning yana ham saxiy bo'lishlari Ramazon oyiga to'g'ri kelar edi. Ramazonning har kechasida u zotga Jabroil alayhissalom kelib uchrashar edi. Rasululloh solallohu alayhi va sallam undan Qur'onni o'tkazib olar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Jabroil kelgan paytda saxiylikda tez esgan shamoldek bo'lib ketar edilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Abdurrahmon ibn Avfdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom bunday deganlar: «Agar ayol kishi besh vaqt namozini o'qisa, bir oy (ramazon) ro'zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: «jannatning qaysi eshigidan xohlasang – kiraver», deyiladi» (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ramazon kelsa jannat eshiklari ochiladi, do'zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi», deganlar (Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyati).

Uboda ibn Somitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o'n kunligidadir. Kim unda iymon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta Alloh avvalgiyu oxirgi gunohlarini kechiradi. U toq raqamli kechada bo'ladi. To'qqizinchi yoki ettinchi yoxud beshinchi yo uchinchi yoki oxirgi kecha Qadr kechasidir», deganlar» (Imom Ahmad rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ummatimga Ramazon oyida o'zga ummatlarga berilmagan beshta xislat berildi: 1) ro'zadorning og'zida paydo bo'ladigan noxush hid Alloh taolo nazdida mushk-anbar hididan ham xushbo'yroqdir; 2) Iftor vaqtigacha ro'zadorlarga daryodagi baliqlar ham istig'for aytib duo qilishadi; 3) Alloh taolo har kuni jannatini ziynatlaydi, so'ngra unga: «Mening solih bandalarimning dunyo mashaqqatlarini ortga tashlab huzuringgga kelishlari yaqindir», deydi; 4) bu oyda isyonkor shaytonlar kishanlanadi, shu sababdan ular boshqa oylardagi kabi yomonliklar qila olishmaydi; 5) ramazon oyining oxirgi kechasi ro'zadorlarning gunohlari mag'firat qilinadi», dedilar. Sahobalar: «Yo Allohning Rasuli, bu Qadr kechasimi?» deb so'rashdi. Payg'ambar (alayhissalom): «Yo'q, balki xizmatchiga beriladigan haq u vazifasini ado etganidan keyin to'liq beriladi», deb marhamat qildilar (Imom Ahmad, Bazzor, Bayhaqiy rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Ramazon oyi kelganida  Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Sizlarga Ramazon oyi, muborak oy keldi. Alloh sizlarga bu oyda ro'za tutishni farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, do'zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Kim undagi yaxshiliklardan mahrum bo'lsa, mahrum qilinadi», deganlar» (Imom Ahmad va Nasoiy rivoyati).

Mo'minlar onasi hazrati Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa oylarda qilolmagan (ibodat)larini Ramazon oyida astoydil bajarardilar. Ramazon oyida ado etolmagan (ibodat )larini oxirgi o'n kunlikda bajarar edilar (Imom Muslim rivoyati, «Riyoz us-solihiyn»).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Ramazon oyining chiqqanini ko'rib ro'za tutinglar. Shavvol oyining chiqqanini ko'rib, og'iz ochinglar. Agar osmon bulutli bo'lib oy ko'rinmasa, sha'bon oyini o'ttiz kun mukammal qilib tutinglar», deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).  

Izoh: bu lafz Buxoriyniki, imom Muslimning rivoyatida esa: «Osmon bulutli bo'lib yangi oy ko'rinmasa o'ttiz kun mukammal ro'za tutinglar», bo'lib kelgan.

Mo'minlar onasi hazrati Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam agar (Ramazon oyining oxirgi) o'n kuni kirsa, butun kechani ibodat bilan o'tkazib, bunga ahli-ayollarini ham uyg'otardilar. O'zlari ko'p g'ayrat qilib, ibodat uchun belni mahkam bog'lardilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). 

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim ishonib va mukofotini Allohdan umid qilib Ramazon ro'zasini tutsa, o'tmish gunohlari kechiriladi», deganlar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Payg'ambar alayhissalom: «Qanchadan-qancha ro'zadorlar borki, ularning ro'zasi ochlikdan boshqa narsa emas. Yana qanchadan-qancha namozxonlar borki, ularning namozdan topadiganlari uyqusizlikdan qiynalish, xolos», deganlar» (Ibn Moja, Ahmad, Bayhaqiy rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Ro'za (do'zax o'tidan asrovchi) qalqondir. Ro'za tutgan kishi yomon so'zlarni so'zlamasin, qo'pollik qilmasin. Agar biror kishi uni urishsa yoki haqorat qilsa, ikki marta «men ro'zadorman», desin. Allohga qasamki, ro'zador og'zining hidi Alloh nazdida mushk-anbar hididan ham xushbo'yroqdir. Chunki Alloh taolo: «Ro'zador Mening uchun emaydi, ichmaydi va shahvatini tark qiladi. Ro'za xolis Menga ibodatdir, unga O'zim hisobsiz savob beraman. Vaholanki, har bir yaxshilikka o'n barobar yaxshilik bordir», degan (Imom Buxoriy rivoyati). 

Sahl ibn Sa'd So'idiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Jannatning bir eshigi bor: u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat ro'zadorlar kirishadi, ulardan boshqa hech kim kirmaydi. «Ro'zadorlar qayerda?» deyiladi. Ro'zadorlar turadilar. U eshikdan ulardan boshqa hech kim kirmaydi. Ular kirgach, eshik berkitiladi, (so'ng u eshikdan) boshqa hech kim kirmaydi», dedilar (Imom Buxoriy, Muslim va Nasoiy rivoyati).

Tobe'inlardan Abu Atiyya va Masruq Hazrati Oishaning huzurlariga kirib: «Ey mo'minlar onasi, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan ikki kishi bor, ikkovlari ham yaxshilikda musobaqalashishadi. Birlari iftor bilan (shom) namozni tezlatadi. Boshqasi esa iftor bilan (shom) namozni ortga suradi», deyishdi. Hazrati Oisha: «Ikkovlaridan qay biri iftorni va namozni tezlatadi», deb so'radilar. Tobe'inlar: «Abdulloh ibn Mas'ud», deb javob qilishdi. Hazrati Oisha: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday qilar edilar», dedilar. Iftor va namozni ortga surgan Abu Muso edi (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyati). 

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Ro'zador mo'min biror musulmonni g'iybat qilmasa, ortidan uning sha'niga bo'hton yog'dirmasa, Alloh uni ibodatda, deb hisoblaydi» (Daylamiy rivoyati). 

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Kim yolg'on so'zlashni tark etmasa va Alloh qaytargan narsalardan qaytmasa, ro'za tutib, emay-ichmay qo'ygani bilan ro'zasi qabul bo'lmaydi, Alloh unga rahmat nazarini tashlamaydi», deganlar» (Imom Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiylar rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Ro'zador ikki bor xursand bo'ladi: birinchisi – og'iz ochganida (iftor qilganida) va ikkinchisi – ro'za tutib Allohga yorug' yuz bilan yo'liqqanida», deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati). 

Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Biror kimsa osiylikni va yolg'onni tashlamasa, emoq-ichmog'ini tark etishiga Allohning ehtiyoji yo'qdir» (Tabaroniy rivoyati).

Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhumo) rivoyat qilinishicha, «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taolo va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga rahmat tilab, duo qiladilar», deganlar (Imom Tabaroniy va Ibn Hibbon rivoyati).

Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Saharlik qilinglar, albatta saharlikda baraka bordir» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Amr ibn Ossdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Payg'ambarimiz (alayhissalom) bunday marhamat qildilar: «Bizning ro'zamiz bilan ahli kitoblarning ro'zasi orasidagi farq saharlik eyishdir» (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI

26.05.2026   5307   1 min.
ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI

Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.



Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
 

Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.


 

Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI
O'zbekiston yangiliklari