Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2026   |   21 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:16
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
04 Avgust, 2026, 21 Safar, 1448
Maqolalar

"Mahri misl" nima degani?

10.02.2025   11064   3 min.

Sahih xilvatdan oldingi taloq atalgan mahrning yarmini vojib qiladi.

Bu hukm Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday deb marhamat qiladi:

«Agar ularga qo‘l tekkizmay turib taloq qilsangiz va mahrni belgilab qo‘ygan bo‘lsangiz, belgilanganning yarmini berasiz, magar ular afv qilsa yoki nikoh tuguni qo‘lida bo‘lgan kishi afv qilsa», (bermaysiz) (237-oyat).

Agar mahr atalmagan bo‘lsa, sahih xilvatdan oldingi taloqda «mut’a», undan keyingida «mahri misl» vojib bo‘ladi.

Bu hukm ham Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday marhamat qiladi:

«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q. Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting. Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq» (236-oyat).

Bu oyatda nikohdan keyin, mahrni aniqlamagan holatda, duxuldan oldin taloq qilganda nima bo‘lishi haqida so‘z ketmoqda. Avvalo, shunday holatda taloq qilish gunoh emasligi bayon qilindi.

«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q».

Chunki insongarchilik yuzasidan turli holatlar bo‘lib turadi. Albatta, bu taloq kelin uchun, uning ahli uchun og‘ir bo‘ladi. Umid bilan nikohdan o‘tib, orzu-havas bilan yangi turmushni ko‘zlab turganida, oilaviy hayotni boshlamay turib, taloq bo‘lishi katta musibat. Buning ustiga, do‘stu dushman, yoru birodarlarning oldida nima degan gap bo‘ladi?! Ana shu holatlarni hisobga olib, mahr hali tayin bo‘lmaganligi uchun bu kelinga «mut’a» (foyda) deb nomlangan moliyaviy taqdirlash berish shariatda ushbu oyati karima asosida joriy qilingan.

Beriladigan mut’aning miqdori kuyov tarafga bog‘liq, imkoniga qarab, ko‘proq narsa bersa, yaxshi bo‘ladi. Rivoyat qilishlaricha, imom Hasan roziyallohu anhu mut’a uchun o‘n ming dirham bergan ekanlar.

Ulamolarimiz: «Mut’a o‘z davrlarining o‘lchovida beriladi: boy bir xizmatchi olib beradi, kambag‘al uch sidra kiyim-bosh bersin», deganlar.

Shunday qilinsa, kelin tarafga yengil bo‘ladi, ko‘ngillari taskin topadi. Do‘st-dushmanning gap-so‘zidan ham qutuladilar. Chunki shunchalik mol-dunyo berish qizda ayb yo‘qligining, yigit taraf uni hurmat qilishining, ammo noilojlikdan ajralayotganining alomati bo‘ladi. Shu bilan birga, kuyov tarafni ham qiynab yuborish kerak emas.

Oyatda:

«Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting», deyilyapti.

Kuyov taraf «yaxshilik ila» harakat qilishi kerak, shuningdek, kelin taraf ham. Oyatning oxirida foyda berish yuqori maqom ekani:

«Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq», deb yana bir bor ta’kidlanyapti.

«Mahri misl» o‘sha yurtda, o‘sha zamonda boshqa kelinlarga odat bo‘yicha qancha mahr berish joriy bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘sha miqdordagi mahrdir.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi

03.08.2026   5374   1 min.
Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi

#xabar #Sirdaryo #sport

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.


Turnirda viloyatning barcha tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar ishtirok etib, sport mahorati va o‘zaro hamjihatlik ruhini namoyon etdilar.


Bellashuvlar do‘stona muhit, sog‘lom raqobat va yuqori kayfiyatda o‘tdi. Tadbir ishtirokchilarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda hamkasblar o‘rtasidagi o‘zaro ahillikni mustahkamlashga xizmat qildi.


Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Xabibulloh domla Zokirov tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Sirdaryo viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari