Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz! Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay (A’rof surasi, 31-oyat).
Shunday ekan musulmon kishi ovqat va ichimlik iste’molida isrofdan va haddan tashqari ko‘p yeyishdan saqlanishi lozim. Chunki Ramazon oyi sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy tarbiya uchun katta imkoniyatdir.
Tabiblarning ta’kidlashicha, ro‘zador kishining hazm qilish tizimi dam oladi, tanasining to‘qimalari va hujayralari zararli moddalardan xalos bo‘ladi, ortiqcha yog‘ va qand miqdori kamayadi. Shuningdek, ro‘za tanani tozalaydi va Allohning izni bilan ko‘plab jismoniy va ruhiy kasalliklarga shifo bo‘ladi.
Ro‘za nafsni tarbiyalashda katta ahamiyatga ega bo‘lib, shahvat va orzu-istaklarni nazorat qilishga yordam beradi. Shu bilan birga, shaytoniy vasvasalarni quvib, hayvoniy istaklarni zaiflashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Bu jihatlar musulmon kishini tarbiyalaydi, uni ovqatda me’yorga rioya qilishga o‘rgatadi va turli taomlardan haddan tashqari iste’mol qilishdan qaytaradi. Shuningdek, ro‘za tutish taom va ichimliklar qabul qilish vaqtini tartibga solishni, taom ustiga taom yeyishning zararlarini anglashga o‘rgatadi.
Ramazon oyida me’yor va iqtisod
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Odam bolasi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagan. Odamga belini tutish uchun ozgina lukimalar kifoya qiladi. Agar shunga ham qodir bo‘lmasa, qornini uch qismga bo‘lsin: uchdan biri taom uchun, uchdan biri ichimlik uchun va uchdan biri nafas olish uchundir” (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Bir donishmand bunday degan: “Dard-alamning ko‘pchiligi taom va ichimlik sababli yuzaga keladi.”
Shu sababli, biz o‘zimizni hamisha, xususan, Ramazon oyida oziq-ovqat va ichimlikda iqtisod va me’yorga rioya qilishga tarbiyalashimiz kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobalar roziyallohu anhum Ramazon oyidan boshqa oylarda ham ko‘p vaqtda och qolishgan, kam taom iste’mol qilib, hayotlarini sodda o‘tkazganlar. Bir shoir dunyo hayoti haqida bunday degan: “Bu dunyoda payg‘ambarlar och qolgani uchun sharaf topdilar, ammo hayvonlarning qorni esa to‘q holda kuzatib qo‘yildi”.
Bu so‘zlar inson hayotida moddiy ne’matlardan ko‘ra ma’naviy qadriyatlar ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Payg‘ambarlar va solih insonlar qiyinchiliklarga sabr qilib, ochlikka duch kelgan bo‘lsalar-da, ularning maqsadi oliy bo‘lgan. Ular dunyo lazzatlariga berilmasdan, haqiqat va hidoyat yo‘lida yashaganlar. Shuningdek, bu satrlar odamlarni faqat moddiy boylikka emas, balki ruhiy poklik va taqvoga e’tibor berishga chaqirgan
Bas, shunday ekan Ramazon oyini faqat ko‘p yeyish-ichish mavsumiga aylantirmaslik kerak. Aksincha, uni tana sog‘lig‘ini tiklash, zararli moddalardan xalos bo‘lish va ichki poklikni oshirish imkoniyati sifatida qabul qilish lozim. Ramazon nafaqat jismoniy, balki ruhiy yuksalish, Allohga yaqinlashish va ko‘p savoblar yig‘ish oyidir.
Doktor Solih bin Ali Abu A’rrodning
“Ramazon maktublari” kitobidan
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Muso alayhissalom zamonida bir kambag‘al er-xotin yashar, yillar davomida qashshoqlikda kun kechirardi.
Bir kuni xotini eriga:
- Muso Allohning payg‘ambari emasmi? - dedi.
- Ha, shunday, - dedi eri.
- Uning huzuriga borib, ahvolimizni aytmaymiz? Robbiga bizning haqimizda duo qilsa, balki Alloh taolo bizga ham boylik ato etar. Shunda qolgan umrimizni farovonlikda o‘tkazarmidik?!
Eri rozi bo‘ldi.
Ertasi kuni ular Muso alayhissalom huzuriga borib, ahvollarini bayon qildi. Muso alayhissalom munojot qilib, ularning haqiga duo qildi. Shunda Alloh taolo vahiy yubordi:
- Ey Muso, ularga aytgin. Men ularni boy qilaman, ammo faqat bir yilga. Bir yildan so‘ng yana avvalgi hollariga qaytishadi.
Muso alayhissalomdan bu xabarni eshitgan er-xotin xursand bo‘lishdi. Oradan ko‘p o‘tmay rizqlari kutilmagan tomonlardan kelib, qavmining boy kishisiga aylandi.
Bir kuni xotin eriga bunday dedi:
- Esingizda bo‘lsa, bu boylik bir yilgagina.
Eri bosh irg‘ab:
- Unda kel, shu ne’matlardan muhtojlarga ulashaylik. Ular qilgan yaxshiligimizni eslab, bizni duo qilishar, - dedi.
Shu maqsadda ular karvonlar ko‘p o‘tadigan yo‘l yuzda katta uy qurib, undan yettita eshik ochdi. So‘ngra kechayu kunduz yo‘lovchilarni kutib olib, ularni mehmon qilishardi. Shu tarzda bir yil o‘tdi. Ular ehson qilishdan to‘xtamadi. Lekin ularning boyligi kamaymas edi.
Muso alayhissalom ajablanib, Robbiga munojot qildi:
- Ey Robbim. Sen ularga faqat bir yil degan eding. Muddat o‘tsa-da, hanuz boyligi kamaymasligidan ajablanyapman.
Alloh taolo marhamat qildi:
- Ey Muso, Men ularga rizq eshiklaridan bittasini ochdim. Ular esa bandalarimni rizqlantirish uchun yettita eshik ochdilar. Men ulardan hayo qildim. Mening bandam Mendan ham saxiy bo‘ladimi?..
Subhanalloh! Alloh har bir saxiydan saxiyroq, har bir rahmlidan rahmliroqdir!..
Ilyosxon Ahmedov