#xabar #muftiy #anjuman
Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari dunyoda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash va musulmon ummati hamjihatligi yo‘lida ulamolar hamkorligi zarurligi to‘g‘risida nutq so‘zladilar.
Konferensiyada Xalqaro islom fiqhi akademiyasi Bosh kotibi Qutub Mustafo Sano, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdin, Misr Bosh muftiysi maslahatchisi Ibrohim Najm, Muhammad bin Zoid nomidagi gumanitar fanlar universiteti rektori Xalifa Muborak al-Dohariy va Braziliya musulmon uyushmalari federatsiyasi vitse-prezidenti Ali Husayn al-Zohbi kabi davlat va din arboblari, ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari butun dunyoda murakkab vaziyat hukm surayotgan, ayniqsa, insoniyat turli qiyinchilik va muammolarga duch kelayotgan bir pallada ziyolilar, din peshvolari va ulamolarning o‘zaro mushtarak maqsadlarda sa’y-harakat qilishi hamda dunyo xalqlarini tinchlik, birodarlik, ahillikka da’vat etishlari juda dolzarb ekaniga urg‘u qaratdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va o‘zaro totuvlikni mustahkamlash hamda dinimiz ta’limotini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish borasidagi O‘zbekiston tajribasi va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyatini ishtirokchilar e’tiboriga bayon etdilar.
Anjuman doirasidagi tadbirlar va uchrashuvlar 5 sentyabr kuni ham davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“Rossiyskaya gazeta”sida “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalishiga xizmat qilmoqda” nomli tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilm-fan, ta’lim va zamonaviy raqamli texnologiyalarni birlashtirgan yirik madaniy-ma’rifiy platforma sifatida taqdim etilgan. Poytaxtimizda qariyb 10 gektar maydonni egallagan va VII asrga oid muqaddas Usmon Qur’onini saqlaydigan ushbu majmuaning tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islom dinining ma’rifiy mohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbusi bilan bevosita bog‘lanadi. Uchinchi Renessans konsepsiyasi va Sharqning buyuk allomalari merosi orqali maqolada mamlakat ilmiy taraqqiyotining uzviyligi - qadimgi kashfiyotlardan tortib sun’iy intellekt, VR va AR-texnologiyalari qo‘llanilgan interaktiv ekspozitsiyalargacha keng yoritilgan.
Shuningdek, nashrda Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi yakunlari, unda 20 ga yaqin bitimlar imzolangani ta’kidlangan. Ular orasida Xalqaro mediaalyans tuzish, “Sivilizatsiya ovozi” tanlovini ta’sis etish hamda milliy artefaktlarni xorijdan qaytarish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorlar o‘rin olgan bo‘lib, bu O‘zbekiston madaniy merosini dunyoda tizimli targ‘ib qilish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati