Hindiston mustaqillik harakatining yetakchisi Mahatma Gandi 1937 yil 27 iyulda chop etilgan “Harijan” nomli haftalik jurnalida ulug‘ sahobalar Abu Bakr va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumni tavozeli va mas’uliyatli rahbarlar sifatida tilga olgan.
Islom tarixi haqidagi kamdan-kam gapiradigan Gandining ushbu maqolasida ikki xalifani kamtarin hayot kechirgani va halollik bilan mamlakatni boshqargani namuna qilib ko‘rsatgan.
Gandi mazkur e’tirofni jurnalda e’lon qilib, endigina davlat lavozimlarini egallay boshlagan Hind milliy kongressi a’zolariga axloqiy maslahatlar bergan.
Maqolada Gandi quyidagicha yozadi:
“Men sizlarga Ram Chandar yoki Krishnadan misol keltira olmayman, chunki ular tarixiy shaxs sifatida qabul qilinmagan. Shu bois men faqat sizlarga hazrat Abu Bakr va hazrat Umar Foruq roziyallohu anhumning nomlarini keltira olaman. Ular ulkan mamlakatning rahbarlari edilar, ammo o‘z hayotlarini juda oddiy va kamtarlik bilan o‘tkazgan edilar”
Bu so‘zlar Hindiston tarixidagi muhim bir pallada aytilgan edi. 1937 yilda Hind milliy kongressi ilk bor Buyuk Britaniya hukmronligi ostidagi bir necha viloyatlarda hukumat tuzish huquqiga ega bo‘ldi. Jarayonlar 1935 yilgi Hindiston boshqaruvi to‘g‘risidagi qonun asosida o‘tkazilgan saylovlar natijasida amalga oshdi.
Gandi har doim siyosatchilarning ma’naviy pokligi haqida qayg‘urardi. U Kongress rahbarlariga mansab va boylikka berilib ketmaslikni, halollik va xalq xizmatini ustuvor qo‘yish borasida o‘git berardi. Shuning uchun ham xalifalar Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumni misol qilib keltirdi va haqiqiy rahbar xalqqa xizmat qiluvchi, oddiy hayot kechiruvchi inson bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
“Harijan” jurnali Mahatma Gandi tomonidan 1933 yilda ta’sis etilgan haftalik nashr bo‘lib, asosan ijtimoiy islohotlar, ayniqsa kasta tizimini yo‘qotish va “past toifa”ning huquqlarini himoya qilish mavzulariga bag‘ishlangan edi.
Jurnalda Gandining din, siyosat va axloq haqidagi fikrlari muntazam chop etilgan.
Nashr ingliz tilida chiqarilar, shuningdek hind va gujarat tilida ham nashr etildi. Jurnal 1955 yilgacha faoliyat yuritgan.
Jurnaldagi e’tirof Gandining Islom qadriyatlariga nisbatan hurmatini namoyon etgan holatlardan biridir. U ko‘pincha o‘z nutq va maqolalarida Qur’on oyatlarini, Muhammad sollallohu alayhi vasallam va sahobalarning so‘zlarini keltirar, ularni insoniyat uchun axloqiy namuna sifatida ko‘rsatar edi.
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev
Global axborot makonidagi shiddatli o‘zgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektning rivojlanishi, feyk xabarlar oqimi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Shu maqsadda respublikamizda yilning eng yirik va muhim ta’limiy-amaliy loyihasi — jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarini yagona platformada birlashtiruvchi "Media haftalik" o‘z ishini boshladi.
Kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur loyiha butun respublikadan qariyb 12,5 ming ishtirokchini qamrab oladi. Joriy yilning 30 martidan 26 iyuniga qadar har bir hududda 5 kunlik intensiv o‘quv-seminarlar va mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dasturda nazariya va amaliyot birlashadi: asosiy urg‘u haqiqiy tajriba orttirishga qaratiladi. Mamlakatimizning eng yetakchi media-ekspertlari, muharrir va prodyuserlari ishtirokida kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, SMM va strategik kommunikatsiyalar kabi muhim mavzular bo‘yicha treninglar olib boriladi.
Mashg‘ulotlar telejurnalistlar, bosma nashrlar, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblari uchun alohida yo‘nalishlarda o‘tkaziladi. Bilimlarini oshirgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
O‘zbekiston bo‘ylab harakatlanuvchi mazkur media-estafetaning ilk bosqichi 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlanadi. Darslar davomida ishtirokchilar real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Spikerlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Haftalik yakunida hududdagi soha vakillarini qamrab oluvchi yirik Media forum tashkil etiladi.
Loyihada ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma va bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.
Media haftalik quyidagi sanalarda hududlar kesimida tashkil etiladi:
30 mart – 3 aprel: Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
6 aprel – 10 aprel: Xorazm viloyatida;
13 aprel – 17 aprel: Surxondaryo viloyatida;
20 aprel – 24 aprel: Qashqadaryo viloyatida;
27 aprel – 1 may: Samarqand viloyatida;
4 may – 8 may: Navoiy viloyatida;
11 may – 15 may: Buxoro viloyatida;
18 may – 22 may: Farg‘ona viloyatida;
25 may – 29 may: Namangan viloyatida;
1 iyun – 5 iyun: Andijon viloyatida;
8 iyun – 12 iyun: Jizzax viloyatida;
15 iyun – 19 iyun: Sirdaryo viloyatida;
22 iyun – 26 iyun: Toshkent viloyati va Toshkent shahrida.