Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Noyabr, 2025   |   15 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:40
Quyosh
07:00
Peshin
12:12
Asr
15:31
Shom
17:16
Xufton
18:31
Bismillah
06 Noyabr, 2025, 15 Jumadul avval, 1447
Yangiliklar

06.11.2025   284   1 min.
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Sarvari olamni nechun sevamiz?

06.11.2025   579   8 min.
Sarvari olamni nechun sevamiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Biz, musulmonlar suyumli Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamni haddan ortiq yaxshi ko‘ramiz. U zotni hammadan ham ko‘proq sevishga buyurilganmiz. Bu Alloh taoloning mo‘minlarga amri! Chunki u zot butun olamlarga rahmat o‘laroq yuborilganlar. Alloh taolo aytadi: “Biz sizni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik” (Anbiyo, 107).

Mo‘minlar Faxri koinotni sollallohu alayhi vasallam hatto o‘zlariyu yaqinlaridan ham yaxshi ko‘rishadi.

Chunki Qur’oni karim shunga buyuradi: “Payg‘ambar mo‘minlar uchun o‘zlaridan ko‘ra haqlidir. Uning ayollari esa ularning onalaridir” (Ahzob, 6). Bu zotni yana shuning uchun yaxshi ko‘ramizki, Sarvari olamda insonlar uchun go‘zal namuna bordir.

Alloh taolo bunday deydi: Sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umdvorlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi(Ahzob, 21).

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni yana nihoyatda chiroyli xulq sohibi bo‘lganlari uchun sevamiz. Buning xabari ham Qurhonda kelgan: “Albatta siz chiroyli xulq uzrasiz” (Qalam, 4).

Payg‘ambar alayhissalomni hammadan ortiq ko‘rishimizning yana bir boisi bor. U zot butun insoniyatga payg‘ambar o‘laroq yuborilgan eng oxirgi elchidirlar. U zot butun payg‘ambarliklari davrida ummat qayg‘usi bilan yashadilar, ummatni haq yo‘lga boshladilar. Hatto jonlari chiqayotganda ham ummatlarini o‘yladilar.

Rivoyat qilinadiki, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘lim onlarida Jabroil alayhissalomdan: “Mendan so‘ng ummatimningg ahvoli nima bo‘ladi?” deb so‘radilar. Shunda Alloh taolo Jabroil alayhissalomga vahiy etdi: Habibimga xushxabar ber, ummati ichida uni uyaltirmayman. Hashr kunida u qabrdan eng oldin chiqadiganlardan bo‘ladi va Mahshargohda to‘planganlarning sayyidi qilinadi. To uning ummati kirmagunicha boshqa ummatlarga jannatga kirish haromdir”.

Ana endi ko‘zim quvonchga to‘ldidedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam (Imom Tabaroniy rivoyati).

Shuning uchun Alloh elchisini sevish komil iymon ramziga aylandi. Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Banda nazdida men uning ahlidan, molidan, odamlarning barchasidan afzal bo‘lmagunimcha u komil mo‘min bo‘la olmaydi», deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Zuhra ibn Ma’budning (roziyallohu anhu) bobolaridan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birga edik. U zot Umar ibn Xattobning qo‘llaridan tutib turardilar. Umar: «Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, siz menga o‘zimdan boshqa hammadan sevimlisiz», dedi. Shunda Rasuli akram: «Sizlarning birortangizga o‘zidan ham sevimli bo‘lmagunimcha u mo‘min bo‘lolmaydi», dedilar. Hazrati Umar: «Ey Allohning Rasuli, Allohga qasamki, endi siz menga o‘zimdan ham sevimlisiz», dedi. Rasululloh: «Ana endi to‘g‘ri bo‘ldi, ey Umar», dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).

Yana Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Uch xislat kimda bo‘lsa, ular sababli iymon halovatini topadi: kimga Alloh va Uning Rasuli boshqalardan ko‘ra suyukli bo‘lsa, kim bir bandani faqat Alloh uchun yaxshi ko‘rsa va kim Alloh uni kufrdan qutqarib olganidan keyin yana o‘sha kufrga qaytishni xuddi do‘zaxga tashlanishni yomon ko‘rganidek yomon ko‘rsa», deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

U zotdan keyin Nabiyning qabrlarini ziyorat qilish sunnatga aylandi. Shuning uchun dunyoning turli burchaklaridan haj va umra niyatida Payg‘ambar shahri Madinai munavvaraga kelishganda u zotga salom va salovotlarini yetkazishadi. Xotibdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim meni vafotimdan keyin ziyorat qilsa, go‘yo hayotligimda meni ziyorat qilgan kabidir. Kim ikki Haramning birida vafot etsa, qiyomat kuni omonda bo‘lganlar qatorida tiriladi», deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Allohning Elchisini qanday va qanchalik sevishni bizga sodiq sahobalar, solih salaflar ko‘rsatib, o‘rgatib ketishgan. Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Sobit ibn Qays ibn Shammos baland ovozli kishi edi.

«Ey iymon keltirganlar, ovozingizni Payg‘ambar ovozidan balandlatmang…» (Hujurot, 2) oyati tushganida u kishi: «Ovozini Payg‘ambarga ko‘targan odam menman, do‘zax ahlidan bo‘lgan ham menman, qilgan amalim habata (bekor) bo‘ldi», deb ahli ayoli ichida xafa-mahzun bo‘lib o‘tirib qoldi.

Ittifoqo, shu paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni axtarib qoldilar. Odamlar uning oldiga borib: «Seni Payg‘ambar alayhissalom qidiryaptilar, senga nima bo‘ldi?» deyishdi.

Shunda u kishi: «Ovozini Payg‘ambar ovozidan ko‘targan menman, u kishiga dag‘al so‘z aytgan ham menman, amalim habata bo‘ldi, men do‘zax ahlidanman», dedi. Odamlar Payg‘ambar alayhissalomga bu xabarni yetkazishdi. Shunda u zoti bobarakot: «Yo‘q, u jannat ahlidandir», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Mashhur sahobalardan Vaysul Qaraniy (roziyallohu anhu) Uhud jangida Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam bitta tishlari singani xabari kelganida u zotning qaysi tishlari singanini bilolmagani uchun barini o‘zidan birdaniga begona qildi. Barcha tishlarini oldirib tashlab, Payg‘ambarga yaqin bo‘lish zavqidan shodlandi.

Bani Dinor qabilasidan bir ayolning Uhud jangida eri, ukasi va otasi shahid bo‘ldi. Uchta yaqin kishisining vafot etganini eshitgan ayol: “Menga Rasulullohni ko‘rsating, u kishini bir ko‘ray” dedi. Payg‘ambarni ko‘rganidan keyin: “Ey Allohning elchisi, siz sog‘-salomat ekansiz, menga qolgan falokatlar arzimasdir”, dedi.

Ishq bazmlari sultoni Volida Sulton “Muhabbatdan Muhammad bo‘ldi hosil, Muhammadsiz muhabbatdan ne hosil”, deya ruh ozig‘ining faqat Payg‘ambarga (alayhissalom) nisbatan bo‘lgan muhabbat ekanini go‘zal bir tarzda ifodalagan edi.

Imom Molik (rahimahulloh) dunyo ishlarining hammasida oxirzamon
Payg‘ambariga (alayhissalom) taqlid qilish ishqida yashab o‘tgan edi. Bu
mazhabboshi olim Nabiy alayhissalomning muborak qadamlari tekkan Madinai munavvarada biror marta ham otda yoki tuyada yurmadi.

Ravzada imomlik qilganida doimo past ovozda gapirar edi. Hatto o‘sha paytdagi xalifa Abu Ja’far Mansurdan ham Payg‘ambar shahrida ovozini baland qilmaslikni talab etgan edi.

“Payg‘ambar yoshidan keyin menga bu tuproq ustida yurish haromdir” degan buyuk ishq qahramoni Xoja Ahmad Yassaviy oltmish uchdan keyin Nabiy alayhissalom bilan bir xil hayot tarzini tanladi va shu yo‘lda abadiylashdi. U yashagan tuproqlar Faxri koinotga muhabbat ramzi o‘laroq “Hazrati Turkiston” deya ulug‘landi.

Turkiy hukmdorlardan sulton Mahmud G‘aznaviy dini komilligi, Payg‘ambar alayhissalom sunnatlariga uyg‘un yashagani, adolatpeshaligi bilan mashhur edi.

Uning bir vaziri bo‘lib, vazirning Muhammad ismli o‘g‘li sultonga kotiblik qilardi. Bir kuni Mahmud G‘aznaviy kotibini ismi bilan emas, “Ey vazirning o‘g‘li!” deb chaqirdi. Bu holdan kotib sergaklandi. Biror yanglish ish qilib, podshohni ranjitib qo‘ydimmi, deb o‘yladi. Bo‘lgan voqeani otasiga aytib, maslahat so‘radi. Vazir ham ming andishada javob izlab hukmdorga murojaat qildi.

Shunda Mahmud G‘aznaviy: “Tashvishlanmang, ey vazir, hamisha o‘g‘lingizning ismini aytib chaqirganimda tahoratli bo‘lardim. Bu safar tahoratim yo‘q edi. Shuning uchun tahoratsiz holda uni Muhammad, deb chaqirishdan, Payg‘ambarimiz muborak ismlarini tilga olishdan qo‘rqdim”, deb javob qildi. Ulug‘larimiz, salaflarimiz Sarvari olamni shunchalik qattiq sevishgan, har ishda u zotga ergashishgan. Alloh Elchisiga bizlarning muhabbatimiz nimada ayon bo‘ladi?

U zotning nomlari zikr etilganida u zotga, ahli baytlari va sodiq sahobalariga salovotu salomlar yo‘llashimiz, butun Islom tarixini o‘zida mujassam qilgan siyratlarini keng o‘rganishimiz, sunnatlariga iloji boricha puxta amal qilishimiz, u zotning ummatlariga xos hayot tarzi va axloq qoidalariga mos hayot kechirishimiz, xullasi Muhammad (alayhissalom) ummati degan sharafli nomga munosib ish tutishimiz kerak. Shunda Faxri koinotni chinakamiga sevgan bo‘lamiz.

Odilxon YUNUSXON o‘g‘li

 

Maqolalar