Bismillahir Rohmanir Rohiym
2014 yili Yorqinjon domla bilan birga Buxoroga safar qildik. U yerda kechki payt tunab qolish uchun Masjidi Kalon yonidagi mehmonxonaga joylashdik. Kechki payt buxorolik talabalar bizni bomdod namoziga Buxoroning yetuk qorilaridan biri Abdulbosit qori aka imomlik qiladigan masjidga borishimizni, u yerda qori aka o‘zi namozga o‘tib go‘zal qiroat qilib berishini aytishdi.
Biz erta tongda turib o‘sha masjidga boramiz deb harakatga tushdik. Hamma tahorat olib tayyorgarlik ko‘rdi, lekin Yorqinjon domla bir ish bilan band bo‘lib qolib, yaqinroqdagi boshqa masjidga borishimizga to‘g‘ri kelgandi, shu tufayli “Masjidi Kalon”ga chiqdik.
U yerda jamoat juda oz ekan. Masjidga kirganimizda kiyimi, tashqi ko‘rinishidan hindistonlikka o‘xshash to‘rt musofir ziyoratchi bomdodning sunnatini o‘qib, o‘tirishgan ekan. Biz ham darrov sunnatni o‘qidik, imom yetib kelmagan ekan, meni imomlikka o‘tkazishdi. Namozni tugatib, duo qiling desam, Yorqinjon domla hindistonlik shayxlarga ishora qilgan edilar. Ulardan biri duo qildi.
Namozdan chiqib u mehmonlar bilan ko‘rishdik. Yorqinjon domla urduchada "Ahvolingiz yaxshimi?" degan edilar. Hind mehmonlar: “Sen qayerliksan, urdu tilini qayerdan bilasan?” deb so‘rab qolishdi. U kishi Devbandda o‘qiganliklarini aytdilar.
Ular ham o‘zini tanishtirib, biri Hindistonda katta madrasa mudiri va yana biri Janubiy Afrika Respublikasidagi diniy madrasalar tizimi rahbari ekanligini aytdi. Boshqalari ham Hindistonning yirik ulamolari ekan.
Ular “Bizni malono Rahmatulloh ismli yana bir hamrohimiz bor. U kishi hozir mehmonxonada o‘tiribdi. O‘zbekistonga kelganimizdan beri shayximiz bir talaba haqida so‘rayapti” deyishdi. Domla “U shayx Rahmatulloh Kashmiriymi?” deb so‘ragan edilar, ular: “Ha aynan o‘sha kishi. Sen biz bilan mehmonxonaga borgin, balki shayximiz so‘ragan kishi sendirsan” deyishdi.
Ular bilan mehmonxonaga kirib bordik. Ichkariga kirsak, zikr qilib o‘tirgan ekan. Mehmonlardan biri eshikdan kirishimiz bilanoq: “Shayx siz izlayotgan o‘zbek talabaning ismi nima edi?” dedi. Shayx orqa o‘girib, qiblaga yuzlanib o‘tirganicha: “Yarqiiin” dedilar. Yorqinjon domla shayxning yoniga borib, qo‘llaridan tutib, yig‘lab: “Men Yorqinman” degan edilar. Shayx ham ko‘rib yig‘lab yubordi. Ular salom alik qilishganidan keyin shayx: “Men Hindistonda samolyotga o‘tirayotganimizda kotibimga telefon qilib, uy manzilingni so‘rab yozib olgandim. Bu yerga kelganimdan beri seni izlayman, oldimga qanday kelib qolding?” degan edi. Yorqinjon domla: “Hazrat bu sizning karomatingiz” dedilar.
U yerda uzoq suhbat qurgandan keyin namozga chiqqan mehmonlar menga “Sen namozda tajvid bilan, chiroyli qiroat qilding, yana o‘qib bergin” deyishdi. Men tomog‘im og‘rib, shamollab turganimni aytgandim. Mavlono Rahmatulloh menga: “Ixlos surasini ixlos bilan o‘qigin” dedilar. Tilovat qildim, mavlono duo qildilar.
Xayrlashib ikki kundan keyin Samarqandga qaytdik.
Samarqandda Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning qabrlarini ziyorat qilish uchun majmuaga kirayotganda yana to‘satdan mavlono Rahmatulloh Kashmiriy boshchiliklaridagi o‘sha hindistonlik mehmonlar bilan uchrashib qoldik. Shunda mavlono hazrat Yorqinjon domlaga: “Bu yerga qayerdan kelib qolding?” degandilar, u kishi: “Hazrat bu sizning ikkinchi karomatingiz-da” dedilar. U yerda hazrat bilan uzoq suhbatlashdik. U kishi safar asnosidagi ba’zi taassurotlari, xususan, biroz avval majmuadagi masjidda nikoh xutbasi marosimida qatnashib, kelin-kuyovlarga guvohlik qilganlarini aytib berdilar.
Ushbu uchrashuvimizdan bir yil o‘tib, Yorqinjon domla Devband madrasasiga borgandilar. Madrasa yaqinida mehmonxonada turganlarida xodim “Bu yerga yurtimizning katta shayxlardan biri kelgan” deb aytib qolibdi. Yorqinjon domla “U kishi kim?” deb so‘rasalar “Mavlono Rahmatulloh Kashmiriy” debdi. Yorqinjon domla darrov mavlono turgan xonalariga kirib ko‘rishibdilar. Shunda mavlono “Bu yerga qachon kelib qolding, meni yana qanday topding?” deb so‘rasalar, Yorqinjon domla: “Bu sizning uchinchi karomatingiz” degan ekanlar.
Darhaqiqat, uch safar ham ustoz-shogird bir-birlariga muhabbatlari tufayli to‘satdan ko‘rishib qolishgan. Ular qalban bog‘lanishganda Alloh taolo shunday tarzda uchrashtirgan".
Azhar universiteti magistranti Kamoliddin Usmon suhbatidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim yozib oldi
1-QISM
Da’vo: Hijrat va jang yo‘lini tanlaganlar haq yo‘lda.
Raddiya: Sahobalarning janglari: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam rahbarligida davlat va jamoat hukmi bilan, aniq shar’iy qoidalar asosida bo‘lgan.
Bugungi kunda ayrim guruhlarning o‘zboshimchalik bilan qurol olishi, davlat, jamiyat va ulamolarga qarshi chiqishi sahobalar amaliga umuman o‘xshamaydi.
2. Hijrat – mutlaq va doimiy farzdek ko‘rsatilishi noto‘g‘ri.
Hanafiy–Moturidiy aqidasiga ko‘ra, hijrat sharoitga bog‘liq hukm; agar inson o‘z yurtida: dinini saqlab yashay olsa, farz-voҷiblarni ado etsa, fitna va kufrga majburlanmasa, unda hijrat farz emas.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ochiq aytganlar: “Fathdan keyin hijrat yo‘q” (ya’ni Makka hijrati kabi umumiy hijrat tugadi).
Demak, hijratni har zamon va har joyda barchaga majburiy qilib ko‘rsatish – fiqhga zid.
3. “Jang va xavf – haq yo‘l belgisi” degan tasavvur botil.
Islomda haq yo‘lning mezoni – Qur’on, sunnat va jamoat. Jang, urush, qon to‘kish va xavf esa, fazilat emas.
Abu Mansur Moturidiy ta’limotiga ko‘ra, Alloh bandalari uchun omonlik, adolat va hayotni asrashni istaydi.
Jang: faqat zaruratda, qonunli hokimiyat ostida, fitnani to‘xtatish uchun bo‘ladi.
Zo‘ravonlikni “jihod ruhi” deb ko‘rsatish – jihod tushunchasini buzishdir.
4. “Mujohidlar” obrazini qahramonlashtirish – xavfli g‘oya
Ahli sunna manhajida: qahramon – shariatga itoat qilgan,jamiyatga zarar keltirmagan, qon to‘kishdan ehtiyot qilgan kishi.
O‘zboshimchalik bilan qurol ko‘targan, fitna chiqargan, musulmon yurtlarini vayron qilgan shaxslar mujohid deb emas, balki fitnachi deb baholanadi.
Xulosa, Hanafiy mazhabi va Moturidiy aqidasiga ko‘ra:
1. Sahobalar hayotini zamonaviy qurolli guruhlar bilan qiyoslash – botil.
2. Hijrat har kimga, har joyda farz, degan da’vo noto‘g‘ri.
3. Zo‘ravonlikni jihod deb oqlash – Islomga xiyonat.
4. Bunday ma’ruzalar ilmga emas, radikallashuv va fitnaga xizmat qiladi.
Raddiya: Islomda jihod ma’nosi avvalo urush ma’nosida emas, Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan va bu ma’no shu mavzuda asos bo‘lib qolgan.
Imom Termiziy, Ibn Hibbon va Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taoloning zotida havoi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir”, deganlar.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar.
Bundan insonning havoyi nafsining kuyiga kirmaslik, uni yengib shariatga muvofiq yashash uchun jon jahdi ila qilgan harakati ham jihod ekanligi, jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani chiqadi.
Imom Buxoriy va boshqalar rivoyat qilgan hadisda esa, quyidagilar aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar.
“Ha”, dedi.
“Bas, ikkovlari(xizmati)da jihod qil!” dedilar.
Demak, ota-onaning xizmati ham jihod bo‘lishi mumkin.
Shariatga, zabardast Islom ulamolarining fatvolariga muvofiq tarix davomida butun xalq, mamlakat, davlat uchun kuchga ega qilich jihodini e’lon qilish huquqiga faqat musulmonlar rahbari yoki musulmonlar yashaydigan davlat rahbari ushbu mamlakatning yuqori darajadagi olimlari bilan maslahatlashgan xolda ega bo‘ladi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi