O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, besh respublika muftiysi
Yashagan yillari: 1937 – 2003
Muftiylik yillari: 1982 – 1989
Shayx Shamsiddinxon Boboxonov 1937 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Filologiya fanlari nomzodi, 1962-1966 yillarda Qohirada al-Azhar universitetida arab tili filologiyasi bo‘yicha tahsil olgan. 1962-1974 yillarda Ittifoq Ministrlar Sovetining Diniy ishlar bo‘yicha Kengash tarkibidagi Musulmon tashkilotlarining xalqaro aloqalar bo‘limining katta referenti, 1974-1982 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti prorektori va rektori vazifalarida faoliyat yuritgan.
1982 yil otasi muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonning vafotidan so‘ng shu idoraga rais va muftiy etib saylangan.
Shayx Shamsiddinxon Boboxonovning xizmatlari:
– Boku, Moskva va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarning tashabbuskori. Dinlararo xalqaro anjumanlar tashkiliy qo‘mitalariga a’zo bo‘lib, ularning o‘zaro aloqalarini mustahkamlashga faol qatnashdi;
– 1985 yil Qozon shahrida Qur’oni karimni nashr etish bo‘yicha tashkil etilgan kengashga rahbarlik qildi.
– “Sovet Sharqi musulmonlari” tahririyati uchun “Hazrati Imom” majmuasida yangi bino barpo etdi. Hozirda mazkur tahririyat negizida “Shamsiddinxon Boboxonov” nomidagi nashriyot va bosmaxona faoliyat yuritmoqda;
– “al-Adabul mufrad” tarjimasi, “Ming bir fatvo” va “So‘nmas ziyo” kabi bir nechta kitoblar muallifi;
– 1994 yildan 2003 yilgacha Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni Qirolligi, Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi, Kuvayt Amirligi, Bahrayn Qirolligi va Jazoir davlatida O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritdi;
– Butunjahon Tinchlik Kengashi, Masjidlar bo‘yicha Butunjahon Oliy Kengashi, Osiyo va Afrika xalqlari birdamligi sovet qo‘mitasi, Tinchlikni himoya qilish Sovet va O‘zbekiston qo‘mitalari, Sovet va O‘zbekiston Tinchlik jamg‘armalari kabi qator butunjahon, xalqaro va respublika tashkilotlari a’zosi;
– Iordaniya Qirollik akademiyasi haqiqiy a’zosi, Xalqaro Ibn Sino mukofoti sohibi, xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissa uchun “Xalqlar do‘stligi” ordeni hamda jahonning qator mamlakatlari faxriy va esdalik nishonlari bilan taqdirlangan.
Shamsiddin Boboxonov 2003 yili 15 aprelda Toshkent shahrida vafot etdi.
Shu yil 13–14 mart kunlari yurtimizda "Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki" shiori ostida muborak Ramazon hayitini munosib kutib olish, mahallalar va muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish maqsadida o‘tkazilgan umumxalq xariya hashari diniy soha xodimlari va mo‘min-musulmonlarimizni ezgulik yo‘lida yanada jipslashtirdi.
Mazkur xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi qariyb 2150 ta masjid, 270 ta ziyoratgoh va 4500 ta qabriston hududlarida keng ko‘lamli tozalik ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Hashar doirasida million kvadrat metrdan ortiq maydon chiqindilardan tozalanib, 35 000 tup ko‘chat ekildi hamda 88 000 dona daraxt oqlanib, shakl berildi.
Bayram oldidan nafaqat masjid va ziyoratgohlar, balki insonlar qalbiga ham quvonch ulashildi: imom-xatiblar boshchiligidagi 85 mingdan ziyod hasharchilar tomonidan 750 dan ortiq kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
Shuningdek, 4100 nafardan ziyod ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinib, ularga jami 1 mlrd 465 mln so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bunday olijanob ishlar xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Ramazon hayiti shukuhini xonadonlarga olib kirdi.
Masjidlarda namozxonlar va ziyoratchilar uchun barcha qulay shart-sharoitlar hozirlanib, xonaqoh va tahoratxonalar bayram namoziga shay holga keltirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati