Otaning ovozi onaning ovozidan kuchli. Lekin gap uning balandligida emas... Oilada onaning ovozi baland chiqsa, u bilan farzandning muomilasi tez orada tiklanadi. Chunki onaning hissiyotlarini bola onaning qornidayoq his qila boshlagan, onaning kechinmalari qamrovini biladi. Ammo otaning ovozi baland chiqsa, endi bu boshqa hissiyot bo‘ladi...
Bolalar uchun ota hayotdagi tirgak, himoya vositasi dunyodagi barqaror hayot timsolidir. Ana shu maqom egasining ovozi baland ko‘tarilsa, g‘azabi kelsa, bu farzand uchun juda jiddiy masaladir.
Ayni paytda, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bunda otalarga ham katta mas’uliyat tushadiki, ular oilada ovozlarini imkon qadar baland ko‘tarmasliklari lozim. Chunki bu bilan farzand nafaqat g‘amgin bo‘ladi, balki bunda qo‘rquv paydo bo‘lishi, u o‘z fikr va hissiyotlarini aytishga cho‘chib qolishi mumkin.
Otalar farzandlarining tushkunlikka tushib, siqilib qolishlariga sababchi bo‘lib qolmasligi lozim. Qolaversa, ota oiladagi muammoni ovozni baland ko‘tarish bilan hal qilaman, deb o‘ylasa, bu hol farzand uchun bora-bora oddiy holga aylanib qoladi. Kelajakda u ham shu yo‘lni tutadi. Hatto, kun kelib, ota-onasi bilan ham baland ovozda gaplashishi ehtimoli bor. Demak, haqiqiy otalik ovozning balandligida emas, balki mehribonlik ila haybat hosil qilishda.
Ba’zida ishdan uyga charchab kelganimizda farzandlarimizning sho‘xligi malol kelib qolsa, sabrli bo‘laylik. Ularga biz otalarning mehri va e’tibori juda kerakligini unutmaylik.
Akbarshoh RASULOV
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabini tashkil etildi. Mazkur muhim ilmiy-ma’rifiy loyiha buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan «Temuriylar davri xattotlik merosi — an’analar davomiyligi» mavzusidagi seminarda e’lon qilindi.
Seminar islom san’ati, tarix va filologiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirib, xattotlik san’atining ma’naviy va madaniy ahamiyatini keng muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.
- Hattotlik maktabi Islom sivilizatsiyasi markazida ochish tashabbusi 2025 yil 29 yanvarida muhtaram Prezidentimiz tomonidan taklif etilgandi. Bir yil o‘tgach, ushbu tashabbusni barcha halqaro tashqilotlar qo‘llab-quvvatlab, Temuriylar tamadduniga bag‘ishlangan konferensiya doirasida bu loyihaga start berildi. Xattotlik maktabining tashkil etilishi mamlakatimizda madaniy merosni asrash va targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomidir, - dedi F. Abduxoliqov tadbir ishtirokchilariga qaratilgan nutqida.
Qayd etilganidek, Temuriylar davrida xattotlik san’ati yuksak taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘tarilib, madaniy yuksalish ramziga aylangan. Olimlar taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur markazlashgan davlat barpo etgach, turli o‘lkalardan eng mohir xattotlarni poytaxtga jamladi. Suls, nasta’liq va kufiy xat turlari o‘zining cho‘qqisiga chiqdi. Qur’oni Karimning "Boysunqur" nusxasi kabi ulug‘vor asarlar bitildi.
Xalqaro ekspertlar ushbu tashabbusni yuqori baholadilar. Jumladan, IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich islom xattotligining jahon madaniyatidagi o‘rni, uning yuksak estetik va ma’naviy qiymati haqida fikr bildirdi. Turkiya Qo‘lyozma asarlar boshqarmasi raisi Jo‘shqin Yilmaz Suleymaniya kutubxonasida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar haqida ma’lumot berib, ularning katta qismi Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Buyuk Britaniyadagi Al-Furqan Islamic Heritage Foundation direktori Sali Shaxsuvari esa Temuriylar davrini haqiqiy ma’rifiy va madaniy uyg‘onish davri sifatida baholadi.
Ta’kidlanishicha, Xattotlik maktabi nafaqat ta’lim muassasasi, balki ilmiy-tadqiqot va madaniy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Uning doirasida mutaxassislar tayyorlash, qo‘lyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
t.me/islommarkazi