Bu dunyo hayoti – sinov.
Bu dunyo hayoti – ne’mat.
Bu dunyo hayoti – omonat.
Bu dunyo hayotida baxt qadrini bilish uchun qayg‘u, sukunatni his qilish uchun olamon, yomg‘irni sevish uchun jazirama, inson qadrini bilish uchun esa ba’zan uning yo‘qligi kerak bo‘ladi...
Aqlli inson bilib yashaydiki, har kun, har dam g‘animat. Ertangi kunga kafolat berilmagan: “Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Luqmon surasi, 34-oyat)
Biz esa, hayot ma’nisini ko‘pincha mol-dunyo, mansab, shon-shuhrat, rohat bilan deb o‘ylaymiz. Lekin asl hayot faqat bu dunyo bilan tugamaydi. Demak, bu dunyo hayoti – bir yo‘l, oxirat – manzil, bizlar esa yo‘lovchilar ekanmiz. Shunday ekan, bizga manzilda kerak bo‘ladigan narsalarga intilishimiz, shularni zaxira qilishimiz lozim ekan.
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Niyatni to‘g‘rilash, ixlos bilan, xolis Alloh uchun ziyorat qilish.
2. Tahoratli bo‘lish.
3. Dunyo mashg‘ulotini tark etib, oxiratni o‘ylash.
4. Ziyoratgohda viqor bilan sokin yurish.
5. Qabr ahliga bunday salom berish:
“Assalamu alaykum, ya ayyuhal-qubur. Yag‘firullohu lana va lukum, antum salafuna va nahnu bil-asar”
“Assalomu alaykum, ey qabr ahli! Alloh bizni va sizlarni mag‘firat etsin. Sizlar bizdan oldin kelgansiz, biz ham sizning ortingizdan kelamiz”.
6. Qabrni siypash, o‘pish va aylanib tavof qilishdan uzoq bo‘lish.
7. “Yosin” surasini o‘qish.
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “O‘liklaringizga Yosinni qiroat qiling”, deganlar.
Shuningdek, Fotiha surasi, Baqara surasining dastlabki besh oyati, “Oyatul-Kursiy”ni, “Amanar-rasul”ni, “Mulk”, “Takaasur” suralarini, “Falaq”, “Naas”ni uch martadan va “Ixlos” surasini uch, yetti yoki un bir marta o‘qish mumkin.
8. Marhumning yaxshi sifatlarini eslash.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyodan o‘tganlarning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
9. Qabrni bosmaslik. Qabr usti mayyitning haqqidir. Qabr ustidan yoki qabriston ichidan o‘tishga zarur tug‘ilsa, tasbeh, tahlil, takbir, duo va istig‘for aytib o‘tish.
10. Ziyoratdan va’z-nasihat olish.
Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam janozada hozir bo‘lganlarida qayg‘ulari ortar, nihoyatda kam gapirar, fikr-mulohazaga g‘arq bo‘lar edilar” (Imom Hokim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD