#haj_umra
#noqonuniy_faoliyat
"Biznes niqobi" ostida "Haj" va "Umra" ziyoratiga yuborishda noqonuniy faoliyat olib borayotgan firibgarlardan ogoh bo‘ling!
"Bundan tashqari, ilgari faqat "ko‘cha" deb ko‘rilgan uyushgan jinoyatchilik bugun "biznes niqobi" ostida daromadli sohalarga kirib boryapti. Ayniqsa, jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘p qavatli uylar va avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, "Haj" va "Umra" ziyoratiga yuborishda ancha ko‘paygan" – Sh.Mirziyoyev.
So‘nggi bir yil davomida "Umra" tadbirlarini noqonuniy amalga oshirish bilan bog‘liq 178 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan 47 ta, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan 15 ta turistik tashkilotlarga jarimalar qo‘llanildi.
"Sizni Haj safariga olib boramiz" deb turli aylanma yo‘llar orqali fuqarolarimizni sarson qilayotgan firibgarlarning aldoviga uchib qolmang.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati
#xabar #uchrashuv #vatandosh
O‘zbekiston delegatsiyasining Shvetsiya safari doirasida 25 mart kuni Shvetsiya, Norvegiya va Daniyada o‘qish va ish bilan bo‘lib turgan 200 nafardan ziyod vatandoshlarimiz bilan bir piyola choy ustida uchrashuv tashkil qilindi.
Tadbir avvalida Shvetsiyadagi vatandoshlar jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xususan, milliylikni saqlash, hamjihatlikni mustahkamlash, sport musobaqalari va ta’lim-tarbiya ishlari to‘g‘risida taqdimot qilindi.
Uchrashuvda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar holidan xabar olish, ularning huquq va manfaatlari, e’tiqodlarini himoyalash borasida Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan juda katta ishlar qilinayotgani e’tirof etildi. Jumladan, Ramazon oyida ulamolar, imom-xatiblar va qorilarni dunyo davlatlariga yuborish an’anaga aylangani, bu yil ham bir guruh ulamolar Rossiya, Janubiy Koreya, AQSH va Yevropa mamlakatlarida bo‘lib qaytgani, u yerlarda vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari yozilib, ma’rifiy suhbatlar tashkil etilgani yuqori baholandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari vatandoshlar jamoasi va ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek jamiyati muhiti yaxshi shakllangani, Vatan nafasi yaqqol sezilib turgani va vatanparvarlik fazilati sayqallanayotganini ta’kidladilar.
Yangi O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, Ramazon oyidagi tadbirlar, xatmi Qur’onlar, Qadr kechasidagi duolar, Ramazon hayiti arafasida Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi ochilishi katta bayram tuhfasi bo‘lgani alohida qayd etildi.
Muftiy hazratlari Vatan va unga bo‘lgan muhabbat tushunchasi borasida Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflar va mo‘tabar manbalar asosida so‘zlab berdilar.
Mamlakatimizda insonni qadrlashga bo‘lgan e’tibor yil sayin ortayotgani, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, xayriya ishlariga juda katta mablag‘ ajratilgani raqamlar va misollar asosida keltirib o‘tildi.
Shuningdek, bugungi murakkab va qaltis davrda har qachongidan ham ogoh va hushyor bo‘lib yashash zarur bo‘layotgani, har qanday diniy masalada savol yoki murojaatlar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markaziga bog‘lanish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Vatandoshlarimiz, xususan, fan doktori Muhiddin Shirinov Sobiq ittifoq davri bilan bugungi kunni qiyoslansa, juda katta o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, Shvetsiya parlamentida chiqish qilish ham O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi nufuzi ortib borayotganiga bir misol bo‘lishini ta’kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan vatandoshlarning ilm-fan, madaniyat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, sport sohasidagi yutuqlari yuqori baholandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan korxonalar faoliyati bilan ham tanishdi.
Uchrashuvda vatandoshlarimiz olis masofalardan kelib ona Vatan nafasini his ettirishga harakat qilgani uchun delegatsiya a’zolariga o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi. Yakunda Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati