#xabar #KPI #imom_xatib #faoliyat
Bugungi kunda diniy soha xodimlari faoliyatida samaradorlikni oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek, o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqat va fidoiylikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va ularning noiblari mas’uliyatini yanada oshirish, faoliyatini tahliliy asosda baholash, mehnatlarini munosib rag‘batlantirish hamda zaruratga ko‘ra lavozim bo‘yicha qarorlar qabul qilish maqsadida KPI tizimi joriy etilmoqda.
Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tuman hamda shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda mazkur tizimdan foydalanish tartibi atroflicha tushuntirilmoqda. Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar domla Kamolov tomonidan KPI tizimining afzalliklari, shuningdek, mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlarni tizimga kiritish amaliyoti batafsil yoritib berilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, KPI (Key Performance Indicator) — tashkilot yoki xodim faoliyati samaradorligini baholashda qo‘llaniladigan asosiy ko‘rsatkichlar tizimi hisoblanadi. U shaxs yoki muassasaning belgilangan maqsadlarga qay darajada erishganini aniq ko‘rish imkonini beradi hamda jahon amaliyotida turli sohalarda samarali boshqaruv mezoni sifatida qo‘llaniladi. Mazkur tizim vazifalar ijrosini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash, mas’uliyatni oshirish va faoliyatdagi kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qiladi. Bu esa diniy-ma’rifiy ishlar, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini yanada samarali tashkil etish imkonini yaratadi.
KPI tizimining joriy etilishi diniy sohada samaradorlik va natijadorlikni oshirish, jumladan, imom-xatiblarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov boshchiligidagi delegatsiya Turkiyaga amaliy tashrif bilan bordi.
Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad xorijiy diniy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Tashrif doirasida delegatsiya 1453 yilda tashkil etilgan nufuzli Istanbul universitetiga tashrif buyurdi.
Ushbu uchrashuv 2018 yilda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Muzokaralar davomida universitetning Ilohiyot fakulteti faoliyati, o‘quv rejalari va xalqaro ilmiy aloqalar bo‘yicha muhim tajriba almashildi.
Tomonlar ta’lim jarayonlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalalarini muhokama qilib, kelgusidagi istiqbolli rejalarni belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunida an’anaviy esdalik sovg‘alari almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati