O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijlik ustoz sifatida shuni alohida ta’kidlashni istardimki, keyingi yillarda mamlakatingizda barcha sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy hayotda ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohani tizimli rivojlantirish, aholiga qulay sharoitlar yaratish va inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlar yuksak e’tirofga loyiq.
Jumladan, muqaddas Ramazon oyini munosib kutib olish va uni yuqori saviyada o‘tkazish, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, xayriya va iftorlik tadbirlarini keng yo‘lga qo‘yish borasida olib borilayotgan ishlar jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlamoqda. Bu kabi ezgu tashabbuslar davlat va jamiyat hamkorligining amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, diniy ta’limni takomillashtirish, masjidlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, soha xodimlarining malakasini oshirish hamda ma’rifiy targ‘ibotni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish borasidagi islohotlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.
Kuzatuvchi sifatida aytish mumkinki, mazkur izchil islohotlar yurtda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va ijtimoiy barqarorlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyot yo‘lida qat’iy va puxta qadamlar bilan ilgarilayotganini yaqqol namoyon etadi.
Doktor Abdulloh Muhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
#xabar #shvetsiya #muftiy
Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahri markazidagi “Zayd ibn Sulton al-Nahayyon” masjid-majmuasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Yangi O‘zbekistondagi diniy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zi davomida Ramazon hayiti arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi xalqimizga tuhfa etilganini aytish barobarida mezbon davlat vakillarini mazkur muhtasham majmualar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdilar.
Muloqot davomida masjid bosh imomi Mahmud Xalfiy O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulamolar diniy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari olimlar dunyo ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etdi.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Kristian Kamil o‘z so‘zida O‘zbekiston va Shvetsiya davlatlarining o‘xshash jihatlari ko‘pligini ta’kidlab, ikki davlat delegatsiyalarining o‘zaro muloqoti davomida katta natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati