#xabar #shvetsiya #muftiy
Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahri markazidagi “Zayd ibn Sulton al-Nahayyon” masjid-majmuasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Yangi O‘zbekistondagi diniy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zi davomida Ramazon hayiti arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi xalqimizga tuhfa etilganini aytish barobarida mezbon davlat vakillarini mazkur muhtasham majmualar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdilar.
Muloqot davomida masjid bosh imomi Mahmud Xalfiy O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulamolar diniy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari olimlar dunyo ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etdi.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Kristian Kamil o‘z so‘zida O‘zbekiston va Shvetsiya davlatlarining o‘xshash jihatlari ko‘pligini ta’kidlab, ikki davlat delegatsiyalarining o‘zaro muloqoti davomida katta natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Yaqinlashib kelayotgan muborak Qurbon hayiti ayyomiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Surxondaryo viloyatidagi barcha qabriston va ziyoratgohlarda umumxalq xayriya hasharlari yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.
Mazkur savobli tadbirlarda diniy soha vakillari ham alohida faollik ko‘rsatib, o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.
Joriy yilning 23 may kuni viloyat hokimining o‘rinbosari hamda viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Ma’rifat” mahallasida joylashgan “Mullo Hazrat” qabristoniga tashrif buyurdilar.
Mutasaddilar u yerda olib borilayotgan tozalash va ko‘klamzorlashtirish ishlari jarayoni bilan yaqindan tanishib, hududni yanada tartibga keltirish hamda ziyoratchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berdilar.
Bu kabi xayrli hashar tadbirlari ayni paytda viloyatning barcha shahar va tumanlarida qizg‘in davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati