#xabar #hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, professor Davron Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, shuningdek, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mas’ul xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Arab Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Dastlab Muzaffar Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Al-Azhar” majmuasi rahbari o‘rinbosari, bosh imom o‘rinbosari va Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Doktor Muhammad Abdurrahmon ad-Duvayniy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda “Al-Azhar” majmuasi raisi va “Al-Azhar” bitiruvchilari butunjahon tashkiloti kengashi raisi o‘rinbosari doktor Salama Dovud, Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Doktor Muhammad al-Jundiy va bir qator davlat arboblari hamda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muzaffar Kamilov ad-Duvayniy bilan o‘zbekistonlik talabalarni Al-Azharga qabul qilishni osonlashtirish maqsadida ta’lim, targ‘ibot va o‘qitish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy dasturlarni tashkil etish va O‘zbekistondagi ta’lim sertifikatiga tenglashtirilishi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish yo‘llarini muhokama qildi.
Shuningdek, Imom Moturidiy ilmiy merosini birgalikda tadqiq etish, ekstremizmga qarshi kurashda o‘zaro tajriba almashish va birgalikda ilmiy anjumanlar tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus ishchi guruhning xulosalari soha mutasaddilariga taqdim etishi belgilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muborak Haj amallarini sog‘-salomat ado etgan farg‘onalik ziyoratchilarning dastlabki guruhi Vatanga qaytib keldi. Hojilarni Farg‘ona xalqaro aeroportida viloyat mutasaddilari, diniy soha vakillari hamda ziyoratchilarning yaqinlari tantanali ravishda kutib oldi.
Mazkur marosimda davlatimiz rahbari tomonidan yurtdoshlarimizning muqaddas amallarni xotirjam va munosib ado etishlari uchun yaratilayotgan yuksak shart-sharoitlar alohida e’tirof etildi.
Ziyoratchilar Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlarida bo‘lib, Haj ibodatlarini to‘liq ado etganliklarini, muborak qadamjolarda turib yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda el-yurt ravnaqini so‘rab xayrli duolar qilganliklarini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, Farg‘ona viloyatidan muqaddas safarga yo‘l olgan ziyoratchilarning keyingi guruhlarini kutib olish ishlari reja asosida joriy yilning 13 iyuniga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati