Joriy yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov va Moliyaviy nazorat va taftish bo‘limi mudiri Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov Namangan viloyatiga tashrifi doirasida «Hidoya» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bo‘ldi.
Tashrif davomida tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda sohadagi islohotlarning bugungi holati va kelajakdagi istiqbollari muhokama qilindi. Zayniddin domla o‘z ma’ruzasida yosh avlodning ma’naviy qiyofasi, ilmiy salohiyati va odob-axloqi masalalariga urg‘u berib, tolibi ilmlarga muhim hayotiy tavsiyalarini berdi.
Talaba-yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish va ularni diniy-milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ushbu uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida yakunlandi.
Ravza.uz
Bugun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qohiradagi Al-Azhar universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamkorligida onlayn ilmiy seminar o‘tkazildi.
“Imom Termiziy merosi: merosni qabul qilish va o‘rganish an’analari hamda undan zamonaviy foydalanish istiqbollari” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Imom Termiziyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning hadis ilmi rivojidagi o‘rni, alloma asarlarining keyingi avlodlar tomonidan qabul qilinishi va tadqiq etilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Seminarda Qohiradagi Al-Azhar universiteti Islomiy da’vat fakultetining islomiy da’vat va madaniyat yo‘nalishi dots.nti, professor doktor Odil Abdulloh Hindiy ma’ruza qildi. Unda Imom Termiziyning ilmiy merosi, xususan, allomaning hadis ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, asarlarining ilmiy ahamiyati va ularni zamonaviy tadqiqotlar asosida o‘rganishning dolzarb jihatlariga to‘xtaldi.
Shuningdek, buyuk muhaddis merosini xalqaro miqyosda tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, ilmiy manbalardan zamonaviy ta’lim va tadqiqot jarayonlarida samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Imom Termiziy merosini o‘rganishga qaratilgan bunday ilmiy muloqotlar alloma ilmiy merosining xalqaro miqyosda yanada keng tadqiq etilishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati