Shu yil 14-15 aprel kunlari Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov va Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘ofurov, Oliy ma’had Qur’on va tajvid ustozlari ishtirokida ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tashrif doirasida dastlab Farg‘ona shahri va Buvayda tumanidagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslarini tamomlagan 150 nafar bitiruvchiga sertifikatlar topshirilib, soha rivojiga hissa qo‘shayotgan mas’ullar taqdirlandi.
Shu bilan birga, viloyatdagi 160 nafar otinoyi va xotin-qizlar faollari uchun “Xotin-qizlarni radikal g‘oyalar ta’siridan himoya qilish tizimini mustahkamlash asoslari” mavzusida sayyor malaka oshirish o‘quvlari boshlandi.
Uchrashuv va seminarlarda asosiy e’tibor jamiyatda sog‘lom diniy muhitni barqarorlashtirish, yoshlar tarbiyasi, bid’at va xurofotlarga qarshi ilm-ma’rifat bilan kurashish hamda tinchlik ne’matining qadriga yetish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.
Bu singari tadbirlar hududlarda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Yolg‘iz namoz o‘qiyotgan odam masalan, xufton namozini jahriy qilib o‘qiyotgan bo‘lsa va esidan chiqib maxfiy o‘qib yuborsa, uning hukmi nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kishining namozi to‘liq ado etilgan hisoblanadi. Chunki yolg‘iz o‘qiyotgan namozxon jahriy namozlarni xohlasa jahriy yoki maxfiy o‘qishi mumkin. Ammo jahriy o‘qishi jamoat bilan ado etishga o‘xshaganligi uchun afzal hisoblanadi. Maxfiy namozlarda esa u ham maxfiy o‘qiydi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kunduz vaqtida o‘qiladigan namozlarda ovoz chiqarilmaydi, deganlar.
Yolg‘iz holatda namozni maxfiy o‘qiyotgan namozxon esida yo‘q jahriyga o‘tib ketib qolsa yoki jahriy o‘qiyotib maxfiyga o‘tib ketib qolsa, bu holatda sajdai sahv vojib bo‘lmaydi. Lekin qasddan qilsa, xatokor hisoblanadi.
Jahriy namozlarda qiroatni jahriy va maxfiy namozlarda maxfiy qilishning vojibligi jamoatga, ya’ni imomga tegishli masala hisoblanadi. Shuning uchun imom bu ishlarni unutib tark etsa, sajdai sahv qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi