#Sayyor_yig‘ilish
Odamlarning og‘irini yengil qilish, ularning dardu tashvishlarini eshitish dinimizning talabi hamda odamiylikning oliy mezonidir.
Bugun, 4 may kuni poytaxtimizning Yashnobod tumani «Islom ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlari, Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosarlari Abdulloh domla Yo‘ldoshev, Ergashali domla Rustamov, «Haj 2025» ziyoratchilari, mahalla faollari, nuroniy otaxonu onaxonlar ishtirok etdi.
Sayyor yig‘ilishda tumandagi 100 dan ziyod oilaga kirildi. Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalardan, bemorlardan hol so‘raldi.
Shu bilan birga, adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan, ichkilikka ruju qo‘ygan shaxslar bilan ham yakkama-yakka muloqotlar qilindi. Ularga zarur ko‘rsatma va yo‘l-yo‘riqlar berildi.
Aholi bilan muloqotdan o‘zgalar ko‘magiga muhtoj kishilarning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.
Xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilindi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
2026 yilning 25 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti jamoasi uchun quvonchli voqea yuz berdi. Institut Kengashining yig‘ilishida rektor Uyg‘un G‘afurov tomonidan “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi, islomshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Ma’murjon Rahmonberdiyevich Erkayevga Fiqh, kalom ilmi (Ilohiyot) ixtisosligi bo‘yicha dots.nt ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’murjon Erkayev 2005 yilda Toshkent islom institutini, so‘ngra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Olim 2024 yilda “Burhoniddin Mahmud Buxoriyning “Muhitul Burhoniy” asarida ijara shartnomalari” mavzusidagi dissertatsiyasini yuksak saviyada himoya qilgan edi. Jonkuyar pedagog sifatida u so‘nggi uch yilda “Faroiz ilmi” va “Fiqh ilmiga kirish” o‘quv qo‘llanmalari hamda “Hidoyatul muhtor” asarini nashr ettirdi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
Muhtaram ustozni ushbu yuksak ilmiy unvon va e’tirof bilan muborakbod etib, ularning ilm yo‘lidagi xayrli izlanishlariga zafarlar va kuch-quvvat tilab qoladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati