"Taqdirda baxtli deb yozib qo‘yilgan odam haqiqiy baxtlidir. Shuningdek, taqdirda baxtsiz yoki badbaxt deb yozib qo‘yilgan inson haqiqiy baxtsizdir. Taqdir esa insonlardan sir tutiladi, u faqat Allohgagina ma’lumdir. Uni hatto, Allohga yaqin bo‘lgan farishtalar ham, payg‘ambarlar ham bilmaydilar. Taqdir to‘g‘risida chuqur xayol yurgizish yoki bahslashish behuda ishdir, balki tug‘yondir. Bundan juda hazar qilish zarur. Uni Alloh taolo o‘ziga xos ilm qilib, bandalarini taqdir to‘g‘risida fikr yuritishdan man etadi. Bir oyati karimada: «Alloh O‘zining qiladigan ishlaridan hech kimga hisobot bermaydi, balki odamlar Unga hisobot berurlar», deyiladi. Kimiki: "Nega Alloh bunday qiladi yoki nega unday qilmadi?" desa, Taqdir hukmini rad etgan bo‘lib, iymondan ajrab qoladi".
"Aqida matnlari" kitobidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahar "Jome" jome masjidi imom noibi Nuriddin domla Hoshimovning padari buzrukvorlari Xolbek ota Hoshimovning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Nuriddin domla Hoshimovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun soat 18:00 da Sirdaryo viloyati Xovos tumani Gulbahor MFY Qayirma qishlog‘ida o‘z xonadonida ado etiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz