Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Har kim qiyomat kuni odamlar o‘rtasida hukm chiqarilguncha sadaqasi soyasida bo‘ladi" deganlarini eshitdim».
Yaziyd: "Abul Xayr biror kunni ham sadaqasiz o‘tkazmas edi. Hech bo‘lmasa, bir burda qotgan non yoki bir dona piyoz bo‘lsa ham", dedi.
Qiyomatning dahshatli jaziramasida hamma soya izlab zor yurgan paytda bandaning boshiga bu dunyoda qilgan sadaqalari soyabon bo‘lib turadi.
Kim oxiratdagi soyasi quyuq bo‘lishini, oxiratning kuydiruvchi issig‘idan soyada jon saqlashni istasa, ko‘proq sadaqa qilishi kerak.
Abul Xayr roziyallohu anhu mana shu hadisi sharifni eshitib qolgan, odamlarga rivoyat qilgan, uning ma’nosini o‘ziga to‘liq singdirgan, yaxshi bilgan.
Shuning uchun Allohning bergan kuni sadaqa berib yurgan. Juda hech narsa topa olmay qolsa, bir dona piyozni bo‘lsa ham sadaqa qilib, shu hadisga amal qilgan, qiyomatdagi soyasini ko‘paytirgan ekan.
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadi: «Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsa-da, tetik, ko‘zlari ravshan, hatto tishlari ham soppa-sog‘ edi. U kishidan buning sababini so‘raganimda:“Yoshlikda a’zolarimni gunohlardan asragandim, qariganimda ham Alloh taolo ularning xizmatidan mahrum etmadi”, deb javob berdi».
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham qayiqdan sakrab tushardi. U kishini ko‘rganlar: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganida, ustoz: “Biz a’zolarimizni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh 90 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, dalada ishlardi. Buni ko‘rganlar: “Hali ham yosh yigitdek mehnat qilasiz. Bunga qanday erishgansiz?” deb so‘rashdi.
Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedi.
“Yoshligini saqladi” degan iboradan zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD