Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2026   |   27 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:05
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:39
Xufton
21:06
Bismillah
15 May, 2026, 27 Zulqa`da, 1447

Hayotda qanday qilib muvaffaqiyatga erishsam bo'larkin?

08.01.2024   746   4 min.
Hayotda qanday qilib muvaffaqiyatga erishsam bo'larkin?

To'shagingizda chalqancha yotib, o'zingizdan so'rang: hayotda qanday qilib muvaffaqiyatga erishsam bo'larkin?

Shu on javobni xonangiz ichidan topasiz!

Honaning shifti sizga aytadiki: Marra baland, unga tomon yurar ekansan belingni mahkam bog'la!

Ko'cha tarafga o'rnatilgan deraza der: Atrofingdagi olamga boq, ko'pchilik odamlar avval yutqazib keyin yutadilar.

Devorga ilingan soat aytadi: Har soniya oltinga teng, uni yaxshi ishlar bilan, Allohning toatida o'tkaz!

Ko'zgu aytadi: Odamlar senga qanday munosabatda bo'lishlarini, senga qay holatda ko'rinishlarini xohlasang, sen ham ularga shunday ko'rin!

Shkafga osilgan kalendar aytadi: bugungi ishni ertaga qo'yma, chunki ertaning o'z ishlari bor.

Eshik der: maqsadingga erishish uchun kuch-quvvat bilan, oqillik bilan harakat qil.

Yerni ham unutib qo'ymang, u sizni qayta-qayta sajda qilishga, Parvardigoringizga yaqinlashtirishga da'vat etadi!

Odam o'ziga ishonishi – g'alaba yo'lidir. Muvaffaqiyat esa o'ziga ishonchni mustahkamlaydi. Ya'ni o'ziga ishonib ish ko'rgan odam, ishida yutib chiqsa, o'ziga bo'lgan ishonchi yanada ortadi. Biror yangilik qilib ko'rishdan qo'rqish – to'g'ri yutqazishga olib boradigan yo'ldir!

Ko'pincha qo'rqqaningiz boshingizga keladi. Biror ishga kirishib, uni uddaburonlik bilan amalga oshirishni istasangiz, shashtingizni tushurmoqchi bo'lganlarning gapidan quloq yuming, eshitmang ularning gapini!

Bitta tog' burguti bor ekan, uyasini tog'dagi biror daraxtning uchiga qurarkan. Burgutning uyasi odatda to'rtta tuxumga moslangan hajmda bo'ladi. Bir kuni o'sha tuxumlrdan biri burgut uyasidan tushib, pastga yumalab-yumalab, tovuqning iniga joylashib qolibdi. Ma'lumki, tovuqlar tuxumdan jo'ja ochib chiqquncha tuxumlarga yaxshilab qaraydi, issiqina bosib o'tiradi. Vaqti kelib tuxumlar ochib chiqqanda ulardan biridan kichkina burgut polaponi ochib chiqibdi. Lekin bu burgut tovuqcha tarbiya ko'ribdi!

Bir kuni u tovuqning inida o'ynab yursa, osamondan uchib o'tayotgan burgutlar galasi pastda bir burgut polaponi ularga o'xshab uchishga urinayotganini ko'rib qolishibdi. Lekin atrofidagi tovuqlar: “Sen oddiy tovuqsan xolos, burgutlardek yuqoriga parvoz etolmaysan!” deb uning ustidan kulishibdi.

Shundan keyin polapon umidsizlikka tushib, harakatlarini butunlay to'xtatib qo'yibdi va uzoq vaqt tovuqlarcha hayot kechirgach joni uzilibdi.

Demak, bundan xulosa chiqadiki, ayni vaqtdagi salbiy holatingizga tayanib qolsangiz, o'zingiz ishongan narsaning asiriga aylanasiz.

Agar burgut bo'lsangiz va g'alaba osmonida balandlab parvoz etay desangiz, orzularingiz ro'yosi tomon intiling hamda maqsadingizni qo'llab-quvvatlaydiganlar bilan do'st bo'ling!

Tovuqlarning gapiga quloq solmang!

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Haj – nafaqat safar, balki insonni o‘zgartiruvchi maktab

15.05.2026   1635   5 min.
Haj – nafaqat safar, balki insonni o‘zgartiruvchi maktab

Insoniyat tarixida ayrim makonlar borki, ular faqat geografik nuqta emas, balki ruhiy tarbiya va ma’naviy uyg‘onish markazi hisoblanadi. Ana shunday muqaddas maskanlarning eng ulug‘i – Masjidul harom va uving qalbi bo‘lgan Ka’bai muazzamadir. Millionlab musulmonlar har yili turli millat, til va madaniyatdan qat’i nazar, bir maqsad – Alloh taoloning roziligiga erishish uchun ushbu muborak joyga yo‘l oladilar. Haj – Islomning beshinchi rukni bo‘lib, u oddiy sayohat yoki rasmiy marosim emas. Haj insonning qalbini poklaydigan, nafsini tarbiyalaydigan, uni yanada mas’uliyatli va taqvodor shaxsga aylantiradigan buyuk ibodatdir. Aslida, haqiqiy haj – insonning ichki dunyosini o‘zgartiruvchi hajdir.

Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi uy Bakkada (Makkada) muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lgan (Ka’ba)dir» (Oli Imron surasi, 96-oyat). Ushbu muborak oyat Ka’batullohning insoniyat tarixidagi yuksak o‘rnini ko‘rsatadi. U nafaqat musulmonlarning qiblasi, balki tavhid ramzi hamdir. Yer yuzida turli sivilizatsiyalar paydo bo‘lib, yo‘qolib ketgan bo‘lsa-da, Ka’ba asrlar davomida insoniyatni yagona Robbga ibodat qilishga chaqirib kelmoqda.

Tarixiy manbalarda Ka’baning bir necha bor qayta ta’mirlangani zikr qilinadi. Odam alayhissalomdan tortib, Ibrohim va Ismoil alayhissalomlargacha, hatto Quraysh qabilasi va Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhular davrigacha uning qayta qurilgani haqida rivoyatlar keltirilgan. Bu holat Ka’baning insoniyat ongida nechog‘li muqaddas o‘rin tutishini anglatadi.

Ko‘pchilik hajni faqatgina farz amalini ado qilib qo‘yish deb tushunadi. Aslida esa haj – insonning axloqiy va ma’naviy kamolotini sinovdan o‘tkazadigan ulkan maktabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: «Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir» (Muttafaqun alayh). Lekin har qanday haj ham «mabrur» (qabul bo‘lgan) bo‘lavermaydi. Ulamolar mabrur hajni — xolis niyat bilan, halol moldan, gunoh, riyo va xo‘jako‘rsinlikdan uzoq holda ado etilgan ibodat deb ta’riflaydilar. Demak, hajdan maqsad faqat Ka’bani ko‘rish yoki el qatori «hoji» degan nom olish emas. Balki insonning ichki dunyosi o‘zgarishi, gunohlardan chin dildan tavba qilishi va hayotini yangi, pok bosqichdan boshlashi muhimdir.

Bilishimiz kerak bo‘lgan eng muhim masalalardan biri — hajga ketishdan avval chin dunyodan tavba qilish va odamlar haqini ado etishdir. Zero, zimmasida qarzi yoki o‘zganing haqi bo‘lgan inson haj qilishdan avval ularni egalariga qaytarishi lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday deganlar: «Boy (qodir) kishining qarzini bermay paysalga solishi zulmdir» (Imom Buxoriy rivoyati). Afsuski, bugungi kunda ayrimlar hajni obro‘, tijorat yoki ijtimoiy maqom vositasiga aylantirib yubormoqda. Islom shariatida pora, tanish-bilishchilik yoki nohaq yo‘llar bilan hajga borish qattiq qoralanadi. Bunday yo‘llar ibodatning ruhiy mohiyatini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Islomda ibodatning qabul bo‘lishi uchun uning tashqi dabdabasi emas, balki ixlos, taqvo va halollik asos qilib olinadi.

Haqiqiy hoji hajdan qaytgach, uning xulqida, oilaviy va ijtimoiy hayotida ijobiy o‘zgarishlar sezilishi kerak. Ulug‘ tobein Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: «Mabrur haj — insonning hajdan dunyoga befarq (zohid), oxiratga esa rag‘batli holda qaytishidir». Agar inson tabarruk safardan qaytganidan keyin ham g‘iybat, takabburlik, manmanlik, tarozidan urish va nohaqlikni tark etmasa, u hajning haqiqiy mazmun-mohiyatini anglab yetmagan bo‘ladi. Haj musulmon kishiga sabrni, tartib-intizomni, kamtarlik va birodarlikni o‘rgatadi. Ehromga kirgan paytda boy bilan kambag‘al, rahbar bilan oddiy ishchi bir xil kiyimda, yonma-yon turadi. Bu esa insonlar o‘rtasidagi barcha sun’iy farqlarni yo‘qotib, Alloh huzuridagi haqiqiy tenglik g‘oyasini namoyon etadi.

Hazrati Umar roziyallohu anhu Hajarul asvadni o‘payotib, tarixga muhrlangan ushbu so‘zlarni aytgan edilar: «Sen faqat bir toshsan, na foyda va na zarar yetkaza olasan. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘pganlarini ko‘rmaganimda, seni aslo o‘pmas edim». Bu teran fikr Islomda ibodatlar faqatgina sof aqida va sunnatga asoslanishini ko‘rsatadi. Musulmon kishi Hajarul asvadni qandaydir sehrli kuch deb emas, balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga bo‘lgan cheksiz muhabbat va ehtirom ramzi sifatida ziyorat qiladi.

Haj — musulmon ummatining eng buyuk ma’naviy qurultoyidir. U insonni tashqi jihatdan emas, balki ichki olamini tubdan o‘zgartirish uchun farz qilingan. Haqiqiy haj insonni kamtar, halol, mas’uliyatli va taqvodor qiladi. Bugun musulmon jamiyatimizda hajning faqat tashqi rasmiyatchiligiga emas, balki uning ma’naviy-ruhiy mohiyatiga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur. Chunki Ka’bani shunchaki ko‘z bilan ko‘rishdan ham muhimrog‘i — qalb ko‘zini ochish va uni poklashdir. Haqiqiy mabrur haj esa insonni gunohlardan uzoqlashtirib, Yaratuvchisiga yaqinlashtiradi. 
 

Jamol Mavlonov,

Buxoro shahridagi «Masjidi Kalon» jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar