Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Dekabr, 2024   |   29 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:25
Bismillah
29 Dekabr, 2024, 29 Jumadul soni, 1446

LA_''NAT AYTIShNING HATARLI EKANI

3.03.2022   3629   15 min.
LA_''NAT AYTIShNING HATARLI EKANI

YaZID IBN MUOVIYa HAQIDAGI BAHSLAR

- وَلَمْ يَلْعَنْ يَزِيدًا بَعْدَ مَوْتٍ     سِوَى الْمِكْثَارِ فِي الإِغْرَاءِ غَالِي

 

Ma'nolar tarjimasi:

Yazidga o'limidan keyin gij-gijlashda qattiq mutaassib, o'ta sergap (kimsalar)dan boshqalar la'nat aytmagan.

 

Nazmiy bayoni:

Yazidni vafotidan so'ng la'natlashmagan,

Mutaassib sergaplar mustasno bundan.

 

Lug'atlar izohi:

لَمْ – nafiy, jazm va qalb[1] harfi.

يَلْعَنْ – muzori' majzum fe'li. La'nat aytish lug'atda “qarg'ash”, “uzoqlashtirish” ma'nolarini anglatadi. Istilohda esa ikki xil ma'noda ishlatiladi:

– Allohning rahmatidan uzoqlashtirish. Bu ma'noda faqat iblis singari kofirligi aniq bo'lgan kimasalarga nisbatan ishlatiladi;

– Yaxshilar darajasidan uzoqlashtirish. Bu ma'noda zulm qilgan musulmonlarga nisbatan ishlatiladi.  

يَزِيدًا – maf'ul. Bu ism “alam”lik va “vazni fe'l”likka ko'ra g'oyri munsorif hisoblanadi. Ammo ushbu o'rinda nazm zaruratiga ko'ra tanvinli bo'lib turibdi. 

بَعْدَ – zarfi zamon.

مَوْتٍ – muzofun ilayh. O'lim deganda hayot sifatidan ajralish tushuniladi. Shuningdek, ochlik ham “oq o'lim” deb ta'riflangan. Chunki ulamolar ixtiyoriy ravishda qorinni och tutish “qalb yuzi” oqarishiga sabab bo'ladi, deyishgan. Shu ma'noda hikmatli so'zda:

مَنْ مَاتَتْ بِطْنَتُهُ حَيِيَتْ فِطْنَتُهُ

“Ochofatligi o'lganning donishligi yashaydi”, – deyilgan.  

سِوَى – istisno ma'nosini anglatuvchi ism.

 الْمِكْثَارِ – “o'ta ko'p gapiruvchi” ma'nosini anglatuvchi siyg'ai mubolag'a.

فِي – “zarfiyat” ma'nosida kelgan jor harfi.

الإِغْرَاءِ – jor majrur الْمِكْثَارِ ga mutaalliq.

غَالِي – badal. غُلُوٌّ masdaridan olingan ismi foil.

 

Matn sharhi:

Yazidga la'nat aytish joiz emasligi va unga la'nat aytadiganlarning dalillarini o'rganishdan oldin Yazidning tarjimai holi bilan tanishib chiqish maqsadga muvofiq bo'ladi. Yazidning nasabi quyidagicha bo'lgan: Yazid ibn Muoviya ibn Abu Sufyon ibn Soxr ibn Harb ibn Umayya ibn Abdushshams. Uning nasabi Umayya ibn Abdushshamsda Usmon roziyallohu anhu bilan birlashadi. Yazid yigirma beshinchi, yo yigirma oltinchi, yo yigirma ettinchi hijriy sanada tug'ilgan. Otasining hayotlik davridayoq u valiahd etib tayin qilingan. Otasi Muoviya roziyallohu anhu vafot etganidan so'ng  hijriy 60 yilning rajab oyida uning o'rnini egallagan. U otasi Muoviya roziyallohu anhudan :

مَنْ يُرِدِ الله بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ

“Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo'yadi”, hadisini rivoyat qilgan.

Tarix kitoblarida uning solih kishi bo'lganiga ham, ashaddiy fosiq kishi bo'lganiga ham dalolat qiladigan xilma-xil rivoyatlar kelgan. Bunday holatlarda esa  doimo yaxshi tarafini olish va yaxshi gumonda bo'lish a'loroq hisoblanadi. Uning vafot etayotgan paytda aytgan so'zi haqida quyidagi rivoyat kelgan: “Abdurrahmon ibn Abu Maz'ur aytadi: “Menga ahli ilmlardan biri gapirib berdi, Yazid ibn Muoviyaning oxirgi so'zi ushbu bo'lgan: “Ey Allohim, men yaxshi ko'rmagan va men iroda qilmagan narsa bilan meni aybdor qilmagin. Men bilan Ubaydulloh ibn Ziyod orasida o'zing hukm qilgin”[2].

Yazid ibn Muoviya hijriy 64 yilning rabiul avval oyida Damashqda vafot etgan.

 

La'nat aytishning xatarli ekani

Aslida birovga la'nat aytish deganda, uni Allohning rahmatidan uzoq bo'lishini tilash ma'nosi tushuniladi. Mo'min kishi boshqa bir mo'min birodarini Allohning rahmatidan uzoq bo'lishini tilashi oqibati xatarli bo'lgan ishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni bir-birlariga la'nat aytishdan qaytarganlar:

عَنْ سَمُرَةَ بْنِ جُنْدُبٍ  قَالَ قَالَ رسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَلاَعَنُوا بِلَعْنَةِ اللهِ  وَلا بِغَضَبِهِ  وَلَا بِالنَّارِ.   رواه أَبُو دَاوُدَ  وَالتِّرْمِذِيُّ

Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringizga  Allohning la'nati bilan ham, Uning g'azabi bilan ham, do'zax bilan ham la'nat aytmanglar”, – dedilar”.  Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: “Bir-birlaringiz bilan la'natlashmanglar” degan so'zdan “bir-birlaringizning ismini aytib, la'natlamanglar”, ma'nosi tushuniladi. Zero, la'nat aytish joiz bo'lgan o'rinlar ham bor:

– Birovni aniq aytmasdan umumiy vasf bilan, masalan, “kofirlarga Allohning la'nati bo'lsin”, deyish mumkin;

– Alohida xos vasf bilan, masalan, “Allohning g'azabiga duchor bo'lgan qavmga Allohning la'nati bo'lsin”, deyish mumkin;

– Kofir holida o'lgani aniq bo'lgan kimsalarga, masalan, “Fir'avnga, Abu Jahlga Allohning la'nati bo'lsin”, deyish mumkin.  

Ushbulardan ko'rinib turibdiki, mo'min kishi boshqa bir mo'min kishini qilgan gunohi uchun la'natlashi, ya'ni uni Allohning rahmatidan uzoq bo'lishini tilashi joiz emas. Ammo ba'zi toifalar Yazid ibn Muoviyaga nisbat berilgan ayrim ishlar sababli unga la'nat aytishni joiz sanashgan. Ahli sunna val-jamoaning ichidagi ba'zi ahli ilmlar ham ayrim dalillarni keltirishib, shu qarashni quvvatlashgan. Bulardan tashqari, avom odamlar orasida ham ushbu gaplar tarqalgan. Jumhur ulamolar esa ularga qarshi keskin raddiyalar yozishgan. Shu kabi omillar bu masalaning aqida kitoblariga kirib qolishiga sabab bo'lgan. Yazid ibn Muoviyaga la'nat aytishni joiz sanaydiganlar quyidagi sabablarni keltiradilar:

  1. Yazid zolim bo'lgan, zolimlarga esa la'nat bo'lishi Qur'oni karimda kelgan:

﴿ أَلَا لَعۡنَةُ ٱللَّهِ عَلَى ٱلظَّٰلِمِينَ

“Ogoh bo'lingizki, Allohning la'nati zolimlarga (bo'lur)”[3].      

  1. U Husayn roziyallohu anhuning qatl etilishiga sabab bo'lgan, shuning uchun unga la'nat aytish joiz bo'ladi.
  2. Yazidning askarlari Madina ahliga xunrezliklar qilishgan, bunga yo'l qo'yib bergani uchun unga la'nat aytiladi. Bunga dalil:

عَنِ السَّائِبِ بْنِ خَلاَّدٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَنْ أَخَافَ أَهْلَ الْمَدِينَةِ أَخَافَهُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ وَعَلَيْهِ لَعْنَةُ اللَّهِ وَالْمَلاَئِكَةِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ لَا يَقْبَلُ اللَّهُ مِنْهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ صَرْفًا وَلَا عَدْلاً.  رَوَاهُ اَحْمَدُ

Soib ibn Hollad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Madinada yashovchilarni qo'rqitsa, albatta buyuk Alloh uni qo'rqitadi, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la'nati bo'ladi. Alloh qiyomat kunida uning tavba-tazarrusini ham, rostgo'yligini ham  inobatga olmaydi”, – dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.       

Yuqorida keltirilgan uchta sababning har biriga ulamolarimiz batafsil raddiyalar bildirishgan. Birinchi sababda ko'rsatilgan uning zolim bo'lganiga ko'ra “Ogoh bo'lingizki, Allohning la'nati zolimlarga (bo'lur)” ma'nosidagi oyatning hukmiga kirishi haqidagi da'volariga shunday javob berilgan: Bu oyat umumiy ma'noda bo'lib kim zolim bo'lsa, unga la'nat bo'lishini taqozo qiladi. Ammo ba'zida tavba bilan yo qilgan gunohini o'chiradigan savobli ish bilan, yo qilgan ishiga kafforat bo'ladigan musibatga uchrash sababli yo biror shafoatchining shafoati bilan, eng muhimi mehribonlarning mehriboni bo'lgan Zotning rahmati tufayli bu hukm ko'tarilishi ham mumkin. Shunday bo'lganidan keyin mazkur oyatni dalil qilib unga la'nat aytayotganlar, Yazid o'sha gunohidan tavba qilmaganini, Allohga istig'for aytmaganini qayerdan biladilar yoki uning gunohlarini o'chiradigan savoblari bo'lmagan deya oladilar-mi yoki qilgan ishlariga kafforat bo'ladigan musibatlarga uchramaganiga guvoh bo'lmaganlar-ku. Yoki Alloh taolo uni kechirish yo kechirmasligini aniq bilmaydilar-ku, vaholanki, Qur'oni karimda shunday xabar berilgan:

﴿إِنَّ ٱللَّهَ لَا يَغۡفِرُ أَن يُشۡرَكَ بِهِۦ وَيَغۡفِرُ مَا دُونَ ذَٰلِكَ لِمَن يَشَآءُۚ

“Albatta, Alloh O'ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqani, kimni xohlasa kechirur”[4].   

Shuning uchun agar unga nisbat berilgan ishlar aniq bo'lgan taqdirda ham, Ahli sunna val-jamoa mazhabidagi “agar halol sanamasa, gunohi kabira mo'min bandani iymondan chiqarmaydi” hukmiga ko'ra u gunohkor mo'min bandadir. Gunohkor mo'min bandaning kechirilishiga shuncha ehtimollar bo'lgandan keyin unga la'nat aytgandan ko'ra, u tavba qilgan deya “husni zon” qilib, tavbasini mehribonlarning mehriboni bo'lgan Zot qabul qilgan bo'lsa ajab emas, deyish afzaldir. 

Unga la'nat aytadiganlarning ikkinchi dalillari bo'lgan “u Husayn roziyallohu anhuning qatl etilishiga sabab bo'lgan, shuning uchun unga la'nat aytish joiz bo'ladi” degan so'zlariga ham batafsil javoblar berilgan. Hujjatul Islom imom G'azzoliy rahmatullohi alayhning javobi javoblar ichidagi ajoyibidir: “Agar Yazidga la'nat aytish joizmi? Chunki u Husayn roziyallohu anhuni qatl qilgan yoki qatl qilishga amr qilgan kishidir deyilsa, aytamizki: “Bu aslo aniqligi sobit bo'lgan xabar emas, shuning uchun unga la'nat aytish u yoqda tursin, u Husayn roziyallohu anhuni o'ldirgan, yo o'ldirishga amr qilgan deb ham bo'lmaydi. Chunki aniq bo'lmasdan turib, musulmon kishini gunohi kabira qilishda ayblab bo'lmaydi...”. Agar Husaynning qotiliga Allohning la'nati bo'lsin, yo uni qatl etishga buyurganga Allohning la'nati bo'lsin desa bo'ladimi? deyilsa, aytamizki, “To'g'risi shuki, agar Husaynning qotili tavba qilmasdan o'lgan bo'lsa, unga Allohning la'nati bo'lsin deyish joiz bo'ladi, chunki uning tavba qilgandan so'ng vafot etgan bo'lishi ehtimoli bo'ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Hamza roziyallohu anhuni Vahshiy kofir holida qatl qilgan edi, so'ngra u kufrdan tavba qildi, qatl gunohi kabira, ammo kufr darajasiga etmaydi, shunga ko'ra hamisha ham bu gunoh sohibiga la'nat aytish joiz bo'lavermaydi. Tavba bilan qayd etilmagan paytda ham bu gunoh sohibiga la'nat aytishda xatar bordir, sukut qilishda esa xatar yo'q, shuning uchun sukut qilish avlodir”[5].  

Yazidga la'nat aytishni joiz hisoblaganlarning uchinchi dalillari “Yazidning askarlari Madina ahliga qanchalar xunrezliklar qilishgan, uning bunga yo'l qo'yib berganligi sababli unga la'nat aytiladi”, degan so'zlaridir. Muhaqqiq ulamolar bu da'volarini ham  batafsil o'rganib chiqqanlar hamda qat'i va sobit yo'llardan rivoyat qilinmaganini va birortasi ham qabul qilishga yaroqli rivoyatlar emasligini isbotlaganlar. Modomiki, unga nisbat berilgan ishlar isbot etilmay shubha ostida qoldimi, shubhali dalillar bilan mo'min kishiga gunohi kabira nisbat berilmaydi, – deyishgan.

Hulosa qilib aytganda, Ahli sunna val-jamoaning jumhuri Yazid ibn Muoviyaga la'nat aytishni joiz sanamagan. Uning ishi haqida haddan tashqari gapni ko'paytiradigan  xavorij va ba'zi mo''taziliy kabi firqalargina unga la'nat aytishgan.

 

 

KYeYINGI MAVZU:

Muqallid iymonining e'tiborli ekani

 

[1]لَمْ harfi fe'lni hozirgi zamondan o'tgan zamonga aylantirgani uchun qalb (aylantirish) harfi ham deb nomlanadi.

[2] Ibn Kasir. Al-Bidaya van-Nihaya, 8-juz. “Maktabatush shomila”. – B. 2235.

[3] Hud surasi, 18-oyat.

[4] Niso surasi, 116-oyat.

[5] Abu Homid G'azzoliy. Ihyo ulumid-din, 3-juzi. “Maktabatush shomila”. –B 125.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   4470   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi