Uyimizda farzandlarim bilan bir ehson qutisi tashkil qilgandik. U paytda ular hali maktabda o'qishardi. Maktabda ovqatlanishlari uchun bergan pulimdan tejab qolib bir qismini o'sha ehson qutimizga tashlashardi.
O'shanda bolalarim bilan bir narsaga kelishib olgandik. Ular men beradigan pulning to'rtdan bir qismini tejab qolib qutiga tashalashadi. Yana to'rtdan birini olib o'zlari uchun yig'ib qo'yishadi. Oyning oxirida o'zlari uchun yig'gan pullarini hisoblardik. Qancha yig'gan bo'lsalar, yoniga xuddi shuncha pul qo'shib berardim. Masalan, ularga kundalik 10ming so'm beraman. Ular uning to'rtdan birini, ya'ni 2500 so'mni ehson qutisiga tashlashadi. Yana o'shancha pulni o'z qutilariga yig'ishadi. Oy oxirida o'zlari uchun yig'gan pullari, deylik, 50 ming so'm bo'ldi. Shunda men ularga yana 50 ming so'm berardim. Bu pullarga o'zlariga, maktablariga kerakli narsalar olishni tavsiya qilardim. Bexudaga sarflamaslikni tayinlardim.
Allohga shukrki, farzandlarim hammasi sadaqani yaxshi ko'rishda bir-biridan o'zib ketishdi. Ehson qutimizga yig'ilgan pullar har oy oxirida hisoblanganda kutganimizdan ko'p chiqardi. Bolalarimga Alloh salohiyat berib, ba'zi kunlari pullarining to'rtdan birini emas, yarmini ham sadaqa qiladigan bo'lib ketishgandi. Har oy so'nggida yiqqan pullarimizni olib, faqir kishilarning uylarini ziyorat qilardik, ularga uy-ro'zg'or uchun kerakli mahsulotlar olib borardik. Ham ularni xursand qilardik, ham o'zimizning ko'nglimiz yashnardi, ham bir vaqtning o'zida bolalarga zo'r tarbiya maktabi bo'lardi.
Mana oradan ko'p yillar o'tdi. Farzandlarim ulg'ayganlaridan keyin ham shu xayrli odatimizni to'xtatmadik. Hozir ham farzandlarim o'z oylik maoshlaridan bir qismini o'sha uyimizdagi ehson qutisiga tashlab turishadi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.