Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kimki mo'mindan dunyo g'amlaridan bir g'amni aritadigan bo'lsa, Alloh qiyomat kunidagi g'amlardan bir g'amni undan aritadi” (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy va Ibn Moja rivoyati).
Ma'lum bo'ladiki, kimda-kim “Alloh taolo qiyomat kuni kulfat va g'amlarimni aritsin”, desa, u musulmonlarning g'amlarini aritishda jonbozlik qilishi darkor! Umuman, har bir musulmon ushbu hadisdan nasihat olib, odamlarga yordam berishga, ularning og'irini engil qirishga urinmog'i lozim!
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim bir musulmon(ning gunohi)ni yashirsa, Alloh u(ning gunohi)ni dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi”.
Islom dini har bir musulmonni boshqalarning gunohini yopishga undaydi, zotan, biz insonmiz, hammamiz ham xato qilamiz, gohida bandachilik qilib gunohga qo'l urib qo'yamiz. Lekin, odamlar orasida gunoh ishning yoyilishiga, tarqalishiga sababchi bo'lib qolmasligimiz kerak. Buning yo'li – boshqalarning gunohini yopishimizdadir, shunda Alloh dunyo va oxiratda bizning ham gunohlarimizni yopgay!
Quyidagi satrlar, nasihatlar buyuk ulamolarimizdan bugunga qadar naql qilib kelinadi:
“Boshqaning g'amini aritishing g'aming arishiga sabab bo'ladi!
Gunohlaring yashirilishini istasang, boshqalarning gunohini yashir!
Boshqalarga yordam bersang, Alloh senga yordam beradi!”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Modomiki, banda birodarining yordamida bo'lar ekan, Alloh taolo uning yordamida bo'ladi”.
Bu nabaviy ko'rsatmadan o'rganadiganimiz – musulmon kishi barcha ishlarida Alloh taoloning yordamiga erishishining yo'li boshqalarga yordam berish bilan shug'ullanishida ekan. Alloh taoloning borliqda joriy qilgan odatlaridan biri – ko'rinishidan boshqa uchun qilgan amalingiz aslida o'zingiz uchun bo'ladi va bu orqali sizga Alloh taolo tomonidan tavfiq beriladi.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qurbon hayiti yaqinlashgani sari ijtimoiy tarmoqlarda qurbonlik qilinadigan hayvonlarni masxara qilish, ustidan kulish, ularni insonlar kabi “gapirtirish”, so‘yilishi oldidan qo‘rquvini hazil qilish kabi turli mazaxni aks ettirgan videolar ko‘payadi.
Dinimizda qurbonlik qilinadigan hayvonlarni masxara qilish “shar’an harom va gunoh amal” sanaladi. Buning bir nechta asosiy sabablari bor:
1. Jonliqlarni mazax qilish – Allohning shiorlarini ulug‘lashga zid amal.
Qurbonlik – bu shunchaki jonliqni so‘yish emas, balki Alloh taologa yaqinlashtiradigan ulug‘ ibodat va dinning shioridir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Kim Allohning nishonlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu, qalblarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).
Boshqa oyatda: “Biz tuyalarni sizlar uchun Allohning shiorlaridan qildik...” deyiladi (Haj surasi, 36-oyat).
Imom Qurtubiy rahimahulloh va boshqa bir qancha mufassirlar “Oyatdagi “shior” so‘zi – insonni Alloh taologa yaqinlashtiradigan ibodatni anglatadi” deydilar.
Demak, qurbonlikka atalgan jonliqni masxara qilish – bevosita Alloh buyurgan ibodatni masxara qilish, Allohning shiorlarini pastga urish bilan barobardir.
2. Ibodat bilan hazillashishning xatari
Diniy amallar, xususan qurbon hayiti kabi muqaddas kunlarda bajariladigan qurbonlik ibodati hazil-mazax mavzusi bo‘lmasligi kerak. Agar inson qurbonlikni yoki shariatning biror amalini qasddan kamsitib, masxara qilsa, bu uning iymoniga putur yetkazadi. Hatto “shunchaki hazil” deb qilinayotgan bo‘lsa ham, bu ish gunoh va ibodat hisoblangan amalga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Agar ulardan so‘rasang, albatta: “Biz faqat o‘zimizcha gap qilib o‘ynayotgan edik, xolos”, deyishadi. Sen: “Allohni va Uning oyatlarini istehzo qilayotgan edingizmi?” deb ayt» (Tavba surasi, 65-oyat).
Xulosa qilib aytganda, qurbonlik – Alloh taolo buyurgan ibodat. Uni “mem” yoki “prikol”ga aylantirishdan ehtiyot bo‘ling. Buning uchun:
1. Bunday rasm va videolarga “layk” bosmang va ularni tarqatmang.
2. Bunday kontent tayyorlayotganlarni ogohlantiring.
3. Qurbonlik bu – Alloh buyurgan va Uning roziligi uchun qilinadigan ibodat ekanini unutmang.
Davron NURMUHAMMAD