Ramazonga sanoqli kunlar qolganida eng avvalo tanamizni ro‘zaga tayyorlash kerak bo‘ladi.
Bu yil nasib etsa Ramazon bahor oyiga to‘g‘ri kelmoqda. Kunlar uzayib, havo isishi bilan iqlim o‘zgaradigan pallalarda to‘g‘ri kelayotgan ro‘zada to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish, taomlanish vaqti va ozuqalar o‘zgarishi, ochlik hissi ortishi bilan kechadi. Bu holatlarga tanamizni avvaldan o‘rgatib borishga erishsak, muborak Ramazon oyida sog‘liq bilan bog‘liq muammolarsiz ibodatlarimizni bajarishga muvaffaq bo‘lamiz, insha Alloh.
Muborak Ramazon oyiga kirishdan avval eng muhim hozirliklardan biri porsiyalarni kamaytirishdir. Albatta, bu borada Shabon oyida ro‘za tutish eng asosiy yordamchi bo‘ladi. Biroq, Shabon oyida ro‘za tutolmaganlar Ramazon uchun tayyorgarlikni porsiyalarni kamaytirishdan ish boshlaganlari ma’qul.
Dasturxonga foydali va to‘yimli ozuqalar, meva- sabzavot, sut mahsulotlari va dukkakli mahsulotlar tortamiz. Bu yeguliklarga Ramazondan avval vujudni ko‘niktirish, ro‘za kunlarida oshqozon-ichak tizimi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaslikni kafolatlaydi. Bugundan boshlab yengil salatlar, qaynatilgan yoki bug‘da pishirilgan sabzavotlarni tanovvul qilishni boshlasak, Ramazonda bu yeguliklarni iste’mol qilishga tanamiz ko‘nikma hosil qilgan bo‘ladi. Yog‘li, sho‘r, dudlangan mahsulotlarni oddiy kunlarda hazm qilish qiyin bo‘lgani uchun, Ramazonda bemalol xavfli yeguliklar guruhiga qo‘shishimiz mumkin.
Bu yeguliklar ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqish xavfi yuqori bo‘lgani uchun ham Ramazon oyida ulardan keskin tiyilgan ma’qul. Mol va qo‘y go‘shti, tovuq, baliq mahsulotlarini pechda toblab yoki qaynatilgan holda iste’mol qilish foydali. Avvalo, tanovvul qilayotgan yeguliklar salomatligimiz, ibodatlar uchun kuch-quvvat bo‘lishini hisobga olish kerak. Uzoq ochlikdan keyin shirinliklar iste’mol qilish qonda shakar miqdorini oshirish bilan birga, salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun hozirdan shirinliklar iste’mol qilishda me’yordan oshmaslik, imkoni bo‘lsa, shakar va shakar mahsulotlarini quruq mevalar, shakarsiz qoqi qaynatmalari, toza meva va sabzavot sharbatlari (uy sharoitida tayyorlangan) hamda asal bilan almashtirgan yaxshi. Ramazondan avval, Ramazonda va undan keyin iste’mol qilishdan tiyilish kerak bo‘lgan gazli ichimliklar, tayyor meva sharbatlari va yuqori kaloriyali shirin suvlardan parhez qilish uchun hozir ayni vaqti.
Turli damlamalar, giyohli, dorivor o‘tlar qaynatmalarini ichish bilan ham kundalik qabul qilinadigan suyuqliklar bilan ortiqcha vazndan qutulish, ham Ramazondan avval vujuddagi ortiqcha toksinlardan xalos bo‘lish mumkin. Ayni kunlarda Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rishning vaqti. Kech qolmang va shaytonlar kishanlanib, bandalar ruhan poklanadigan oyga avval tanangizni poklab kirishsangiz, ibodatlarni xotirjam va halovat bilan ado etish imkoniga ega bo‘lasiz.
Ramazondan avval toksinlardan qutulish uchun maxsus parhez oldi ichimlik tayyorlash:
2. litr suv
2 dona ko‘k olma
1 dona limon
1 choyqoshiqda qalampirmunchoq donalari
1 choy qoshiqda donali qora murch
1 dona dolchin po‘chog‘i (koritsa)
Olma va limon parrak to‘g‘raladi va ikki litr suvga solinadi. Qalampirmunchoq, qora murch va va dolchin ham ortidan solinadi va 15 daqiqa davomida qaynatiladi. Tayyor bo‘lgan damlama kun davomida ichiladi. Bu dorivor damlama zaharli toksinlardan xalos bo‘lishga va Ramazonga tetik, sog‘lom kirishga yordam beradi.
Har doim salomat bo‘ling!
Alloh bizni Ramazonga sog‘-salomat, xotirjam va hamjihatlikda yetkazsin!
Manba: https://azon.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Keltirdik iymon Rabbimiz Rahmonga,
Ergashdik elchisi mukarram zotga.
Qadrli singlim, ko‘proq uyingizda bo‘ling, muhim ishingiz bo‘lmasa ko‘chada behuda yurmang, chunki uyingiz saodatingiz siridir. Uyingizda baxt ta’mini totasiz, ibo-hayo va nomusingizni saqlaysiz. Ko‘chaga huda-behuda chiqaveradigan, bozoru guzarlarda aylanib yuraveradigan, keraksiz qandaydir narsalarni surtishtirib chiqaveradigan ayolda oxirat g‘ami bo‘lmaydi, biror narsani o‘rganish yoki ma’rifat hosil qilishga qiziqmaydi. Balki u vaqtini isrof qilayotgan, g‘ami faqat yeyish va ichish bo‘lgan ayol bo‘ladi. Shuning uchun ham siz ko‘chada behuda yurishdan saqlaning. Aslida, uyingiz baxt makoni, rohat o‘rni, insonlar aziyatidan salomat joydir, uni shunday go‘zal makonga aylantirish sizning qo‘lingizda. Shunday ekan, uyingizni muhabbat va surur makoniga aylantiring!
Shu’la: Tashvishlaringizni faqatgina sizga fikrlari va so‘zlari bilan saodatga eltadigan eng yaqin insonlaringizganiga oshkor qiling.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan