Soliha ayol dinning yarmidir. Soliha ayol dunyo matolarining eng yaxshisidir. Abdulloh ibn Amr (r.a) dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) aytganlar: “Dunyo o‘zi bir matodir. Dunyo matolarining eng yaxshisi soliha ayoldir”. Muslim rivoyati.
Hokim o‘zining “Mustadrok” nomli kitobida, Anas (r.a)dan saxih deb rivoyat qilgan hadisda, Payg‘ambarimiz (s.a.v) “Kimga Alloh taolo soliha ayol nasib etgan bo‘lsa, Alloh uning dinining yarmiga yordam beribdi. Qolgan yarmida Allohdan taqvo qilsin”, deb keltirgandir.
Soliha ayolning ziynati xususida Abu Nu’aym quyidagini aytadi: Sa’id ibn Musayyibning ayoli, “Biz o‘z erlarimizga, sizlar o‘z amirlaringizga so‘zlagandek, “Alloh sizni salohiyatli qilsin, Alloh sizni salomat qilsin”deb aytar edik”-deb aytadi.
Abu Hurayra (r.a) Muhammad (s.a.v) dan “Agar men biror kimsani biror kimsaga sajda qilishga buyurmoqchi bo‘lganimda edi, albatta, ayol kishini o‘z eriga sajda qilishiga buyurgan bo‘lar edim”. Termiziy rivoyati. Ibn Moja Abu Umomadan rivoyat qilgan hadisda payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) aytdilar: “Mo‘min odamning Allohdan taqvo qilishni hosil qilgandan keyin erishgan narsasining eng yaxshisi soliha ayoldir”. U ayolga biror ish buyursa, itoat qiladi, agar ayoliga qarasa ko‘zi quvnaydi, agar biror ishni qilishga qasam ichgan bo‘lsa, ayoli unga qasamning ustidan chiqishda yordam beradi. Agar eri uyida yo‘q bo‘lsa, o‘zini ham erining molini ham xolislik bilan muhofaza qiladi.
Bayhaqiy “Sho‘bul Iymon” kitobida Asmo ibn Xorija Al-Fizoriyning o‘z qizini turmushga berayotgan paytida aytgan so‘zini keltiradi: “Ey qizim, sen eringga cho‘ri kabi bo‘lgin, shunda ering senga qul kabi bo‘ladi. Eringga o‘ta yaqin kelmaginki, seni malol olib qolishi mumkin. Undan o‘ta uzoqlashib ketmagingi, sening uzoqlashib ketishing unga og‘ir botishi mumkin. Sen men sening onangga aytganimdek bo‘lgin. Men sening onangga shunday degan edim: “Madomiki, sen meni doimiy ravishda afv etib borar ekansan, mening senga bo‘lgan muhabbatimni uzoq saqlab qolasan. Men g‘azabga mingan paytimda menga biror so‘z aytmagin. Chunki men ko‘rdimki, bir vaqtning o‘zida inson qalbida ham muxabbat ham ozor jamlanmas ekan, balki muhabbat ketib qolar ekan”. Agar ayol o‘z erini rozi qilgan holatda vafot etadigan bo‘lsa, u ayolnining jannatga kirishi umid qilinadi. Bu haqda Ummu Salama (r.a) Muhammad (s.a.v)dan rivoyat qilgan hadisda, “ Qaysi bir ayol vafot etsa va eri undan rozi bo‘lib qolsa, u ayol albatta jannatga kiradi” deganlar. Imom Termiziy rivoyati.
Rasululloh (s.a.v) aytdilar: “Menga do‘zax ko‘rsatildi, qarasam undagi odamlarning ko‘pi inkor qiluvchi xotinlar ekan”. Sahobalar: “Allohni inkor qilganmi?”-deb so‘radilar.
“Erning yaxshiligini inkor qilganlar, erning qadriga yetmaganlar. Agar ularning bittasiga bir umr yaxshilik qilsang-u, keyin sendan bir kichik yomonlik ko‘rsa. “Sendan nima ko‘rdim, hech yahshilik ko‘rmadim”-deb aytadilar”-deb javob berdilar. Imom Buxoriy rivoyati.
Muhammad (s.a.v) aytdilar: “Sizlarga jannat ahlidan bo‘lgan ayollaringiz haqida xabar beraymi? Xushmuomala, tez rozi bo‘luvchi, zulm ko‘rgan paytda “Mana bu qo‘lim sizning qo‘lingizda, to siz rozi bo‘lmaguncha ko‘zimga uyqu qo‘nmaydi” deydiganlaridir”. Tabaroniy rivoyati.
Ahmadali Xudayberdiyev
Oltinko‘l tumani “Ko‘tarmachek” jome’ masjidi imom-xatibi
O‘zbekistondagi 2026 yilgi Haj mavsumi 2 maydan boshlanadi. 18 mayga qadar har kuni yurtimizdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar yurtimizning 9 ta hududi – Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.
Hamyurtlarimizni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan, hojilarni ona-Vatanimizga olib kelish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi.
Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha quyidagi tayyorgarlik ishlari jadal amalga oshirilmoqda:
– ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlandi;
– bo‘lg‘usi hojilarning rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish yakunlandi;
– ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga quyidagilar taqdim etilmoqda:
– “Haj – buyuk ibodatdir” qo‘llanmasi
– sumka
– nimcha
– termos
– soyabon
– sim-karta
– quvvatlagich.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan "Haj – 2026" mavsumi ilk ishchi guruhlari hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida ziyoratchilar ibodatlarini bekamu ko‘st ado etishi uchun munosib sharoitlar tayyorlash bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Haj amallari haqidagi suhbatlar, tavsiyalar va maqolalar taqdim etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati