Ramazon oyida hammamiz taqvodor bo‘lishga urinamiz. Namoz o‘qish, sadaqa berish, yetimlar, beva-bechoralar holidan xabar olishga intilib, qarindoshlar bilan bordi-keldini kuchaytiramiz. Oila, farzandlarga ko‘proq e’tibor beriladi.
Ammo Ramazon oyidan keyin ba’zi kishilar bu ulug‘ oydagi taqvolarini ushlab qololmay, Ramazondan oldingi xatolarini yana davom ettirayotganlari ko‘zga tashlanib qoladi.
Xo‘sh, biz Ramazon oyidagi ruhiy holatimizni, ibodatlarga bo‘lgan intilishimizni bu oydan keyin ham davom ettirishimiz uchun nima qilishimiz kerak?
Javobi oddiy: biz taqvoli bo‘lishga faqat Ramazon oyida emas, balki butun umrimiz davomida buyurilganimizni unutmasak va shunga ko‘ra harakat qilsak bo‘ldi.
Alloh taolo bizni faqat Ramazonda emas, balki doim kuzatib turadi. Amallarimizni doim hisob-kitob qilib boradi.
Namoz doim farz. Zakot doim farz. Solih amallarni qilish va gunohlardan tiyilish bizdan doim matlubdir. Ota-ona ziyorati, silai rahm, yaxshi qo‘shnichilik, namozlarni masjidda jamoat bilan ado etish doim muhimdir. Ramazonda astoydil urinib qiladigan solih amallarimizni, aslida, doim qilib yurishga buyurilganmiz. Farishtalar bizning amallarimizni vafot etgunimizcha yozib borishadi. Ehson, infoq, muruvvat hamisha qilinishi kerak. Alloh taolo solih amallarimizga hamma vaqt savob beradi. Xato va ma’siyatlarimiz hamisha gunoh deb yozib boriladi. Biz gunohdan umrimiz oxirigacha chetda bo‘lishimiz kerak.
Alloh taolo bizni umr bo‘yi taqvo qilishga amr etgan. Shu amrida bardavom bo‘lishimizni, Ramazondan keyin ham Ramazon oyi shukuhida, oxiratga tayyorgarlik ko‘ruvchi inson bo‘lib yurishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: مَا مِنْ مُسْلِمٍ لَهُ وَالِدَانِ مُسْلِمَانِ، يُصْبِحُ إِلَيْهِمَا مُحْتَسِبًا، إِلَّا فَتَحَ لَهُ اللهُ بَابَيْنِ - يَعْنِي الْجَنَّةَ - وَإِنْ كَانَ وَاحِدًا فَوَاحِدٌ. وَإِنْ أَغْضَبَ أَحَدَهُمَا لَمْ يَرْضَ اللهُ عَنْهُ حَتَّى يَرْضَى عَنْهُ. قِيلَ: وَإِنْ ظَلَمَاهُ؟ قَالَ: وَإِنْ ظَلَمَاهُ.
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:
«Bir mo‘min-musulmon insonning musulmon ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, Alloh unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar faqat biri bo‘lsa, bittasini ochadi. Agar farzand ota-onadan birining g‘azabini chiqargan bo‘lsa, o‘sha shaxs rozi bo‘lmagunicha, undan Alloh rozi bo‘lmaydi».
«Ota-ona unga zulm qilgan bo‘lsa hammi?» deyishdi.
(Ibn Abbos) «Zulm qilgan bo‘lsalar ham», dedi».
Bu rivoyatda ham ota-onaga yaxshilik qilishning fazli haqida so‘z bormoqda. Unda bu ishning oxiratda beradigan samarasi bayon qilinmoqda.
Ota-onasiga savob umidida yaxshilik qilib tong ottirgan musulmonga Alloh taolo jannatning ikki eshigini ochib qo‘yishi ta’kidlanmoqda. Onasiga yaxshilik qilgani uchun bir eshikni va otasiga yaxshilik qilgani uchun yana bir eshikni ochishi eslatilmoqda.
Ota-onaning ikkisi bo‘lmay, faqat bittasi qolgan bo‘lsa va farzand o‘sha qolganiga savob umidida yaxshilik qilib tong ottirsa, Alloh taolo unga jannatdan bir eshik ochar ekan.
Farzand zinhor ota-onaning g‘azabini chiqarmasligi kerak. Chunki
«Agar farzand ota-onadan birining g‘azabini chiqargan bo‘lsa, o‘sha shaxs rozi bo‘lmagunicha, undan Alloh rozi bo‘lmaydi».
Demak, Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligiga bog‘liq. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim.
Hattoki ota-ona farzandga zulm qilib tursa ham, farzand ularning g‘azabiga sabab bo‘ladigan gap-so‘z, harakat va ishlarni qilmasligi matlub.
Ota-ona zulm qilib turibdi, lekin agar farzand o‘sha zulm qilgan ota-onaning g‘azabini chiqargan bo‘lsa, Alloh taolo undan g‘azablanar ekan. Menga zulm qilyapti, deb ota-onasini norozi qilsa, bu bandadan Alloh taolo ham norozi bo‘lar ekan.
Ammo ota-onaning roziligi va noroziligi Alloh taoloning hukmidan tashqariga chiqmasligi shart. Ya’ni Allohning amriga muvofiq ishlardagina ota-onaga itoat qilinadi. Ammo ota-onaning gapi Allohning amriga xilof bo‘lsa, ularga itoat qilish vojib bo‘lmaydi.
Zulm qilsalar ham, ota-onaga yaxshilik qilish haqidagi gap borasida mashhur hanafiy olimlardan Mullo Ali Qori: «Bu ayni kamoldir. Ammo joizlikning asli e’tiboridan xotini bilan ajrashish haqida amr bo‘lsa, uni taloq qilish lozim bo‘lmaydi. Agar ota-ona qattiq ozor topsalar ham», degan.
Imom Tohaviy:
«Farzand muboh narsalarda bo‘ysunadi. Nahiy qilingan narsalarda emas», degan.
Tohir Fataniy:
«Agar ikkovlari dunyoviy ishlarda unga zulm qilishsa, ko‘nadi va bo‘ysunadi, oxirat ishlarida emas», degan.
Izzuddin Abdussalom:
«Farzandga ikkisining itoati har bir amrda va har bir nahiyda vojib bo‘lmasligiga ulamolar ittifoq qilganlar», degan.
Imom G‘azzoliy:
«Ko‘pchilik ulamolar ota-onaning itoati shubhali narsalarda vojibligini aytganlar. To‘liq haromda vojib bo‘lmaydi, chunki shubhani tark qilish vara’ga kiradi. Ota-onaning itoati esa majburiydir», deganlar.
Ulamolar yana quyidagilarni aytadilar:
"Agar ota-onaning haqqiga baravariga rioya qilish mumkin bo‘lmay qolsa, ulug‘lash va ehtirom ma’nosida ota ustun qo‘yiladi, chunki nasab undandir. Xizmat va in’om yuzasidan onaning haqqi ustun qo‘yiladi. Misol uchun, ota-ona tashqaridan kirib kelganda ota uchun o‘rindan turiladi. Farzand biror narsa hadya qiladigan bo‘lsa, onasidan boshlaydi. Farzand ota-onadan faqat bittasiga nafaqa berishga qodir bo‘lsa, onasiga beradi".
Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Ota-onaga yaxshilik qilish zarur ekani.
2. Ota-onaga yaxshilik qilgan kishi oxiratda mukofot olishi.
3. Ota-onaga yaxshilik qilgan kishiga jannat eshiklaridan ikki eshik ochilishi.
4. Ota-onadan biriga yaxshilik qilgan kishiga jannatdan bir eshik ochilishi.
5. Ota-onaning g‘azabini chiqargan odamdan Alloh taoloning g‘azablanishi.
6. Ota-ona roziligini topgan odam Alloh taoloning roziligini topishi.
7. Ota-ona zulm qilgan bo‘lsa ham, farzand ularga yaxshilik qilishda bardavom bo‘lishi lozimligi.
«Odoblar xazinasi» kitobi 1-juz