Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2026   |   3 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2026, 3 Zulqa`da, 1447

Bo‘ladigan bola

14.08.2018   10434   3 min.
Bo‘ladigan bola

Abdulloh yoshligidan tirishqoq, kichik bo‘­lishiga qaramay, keksa otasiga yordam berish uchun tinmay harakat qilardi. Otasi Murod ota ancha keksayib qolgan, yoshi oltmishdan oshgan bo‘lib, og‘ir mehnat qilsa, tez toliqib qoladi. Charcha­ganini bildirmaslikka har qancha harakat qilmasin, baribir keksaligi oshkora qilib qo‘yardi. Otasini doimo kuzatib yurgan, ahvolini anglab yetgan kenja Abdulloh imkon qadar unga yordam berishga urinadi. U keksa otasining harsillab ketmon chopishini ko‘rib ruhan ezi­ladi. Abdullohning ketmon chopishga kuchi yet­masa-da, otasiga sezdirmay toklarning ostini yumshatishga, yer chopishga harakat qildi.

Erta tongda eshagini minib, choshgohgacha mollarga ikki-uch marta o‘t olib kelar, tushdan ke­yin yana shunday qilardi. Hamma o‘yin bilan ovora bo‘lganida, u mehnat qilardi. Vaqt topdi degunicha qo‘liga kitob olib mutolaa qilardi. Ota-onasi biron marotaba o‘t olib kel, yer chop, kito­bing­ni o‘qigin, deb aytmasdi, yurakdan mehnat qi­lar va tinim bilmasdi. Onasi bo‘lsa, “Ko‘p kitob o‘qiyverma”, deb chiroqni o‘chirib qo‘yardi. Shunga qaramay, ilm olishga qiziquvchan bola fona­rini yoritib ko‘rpaning ichida kitob o‘qirdi. U oldiga katta maqsad qo‘ygan: “O‘qib yetuk inson bo‘la­man, otamning og‘irini yengil qilaman, onamga ko‘makdosh bo‘laman”, deb tinmay harakat qilardi. Ba’zi yoshi katta bolalar uni masxaralab kamsitishganda: “Hali shoshmay turing­lar, kelajakda olim bo‘laman. O‘shanda Abdulloh­ning kim­li­gini ko‘rasizlar, hammangiz yalinib oldimga borasizlar!” derdi. Murod ota farzandini doimo duo qilardi. Murod ota qo‘shnisi Temir ota bilan gaplashib o‘tirganida, eshakka o‘t ortib kelib tushirishga qiynalayotgan Abdul­lohga qarab:

– Shu o‘g‘lingdan katta odam chiqadi. Hech ti­nim bilmaydi. “Bo‘ladigan bola o‘n besh yoshda bosh bo‘lar, bo‘lmaydigani qirqqa kirsa, yosh bo‘lar”, degan maqolni eshitgansan-a, shu maqol sening o‘g‘lingga o‘xshagan g‘ayratli bolalarga aytilga­nov. Menga qara, Murod, o‘g‘lingni ishla deb ura­sanmi? – dedi ko‘ziga tikilib.

– Nima deyapsan, bu bolani urib bo‘larkanmi? O‘zining g‘ayrati ichiga sig‘maydi. Boshqalarga o‘xshab o‘ynagin, dam ol desam, quloq solmaydi.

Abdulloh maktabni tugatib, oliygohda o‘qidi. Uni bitirib, katta olim bo‘ldi. Otasini e’zoz­lab, boshlariga ko‘tarib, duosini oldi. Uni yaxshi taniganlar: “Sen duo olgansan, sen bilan o‘yna­shib bo‘lmaydi!” derdilar. Ha, “Bo‘ladigan bola boshidan” deb bejizga aytilmagan. Bu kabi bola­larga ishoraning o‘zi kifoya bo‘ladi. Har gapni ma’nosiga qarab yo‘l tutadi. Ba’zilar qirqqa kirsa-da, pand-nasihatni qulog‘iga olmaydi. To‘g‘rini egri, egrini to‘g‘ri deydi. Dangasalikka o‘rganib, ota-onaning xizmatidan qochib, yomonligini qo‘ymay, ulg‘ayishga intilmaydi.

Ey aziz farzand! Intilganga tole yor! Ota-­onasini xizmatini qilgan, ustozlar duosini olgan, el-yurtning olqish va rahmatlarini ol­gan inson, albatta, baxtli bo‘ladi. Bunday inson­lar uzoq umr ko‘radilar. Kim mana shunday in­sonlarga yomonlik qilsa, albatta, yomonligi o‘zi­ga qaytadi. Shu bois ulug‘larimiz: “Duo olgan odamdan ehtiyot bo‘ling. U duolar qo‘rg‘onida bo‘­ladi. Unga yomonlik qilsangiz, o‘zingizni balolarga giriftor qilasiz. Siz ham duo olgan mana shun­day insonlar duosini oling, siz ham baxtli bo‘la­siz”, deydilar. Yuqoridagi ulug‘ insonlarning ayt­ganini qilib, baxtga erishing, rahmat va olqish­lar olib, umringizni barakotli qiling. Aslo qarg‘ish olmang! Qarg‘ish umringizni kesib, bara­kangizni qochiradi. Aqlingizni yoshligingizdan ishlatsangiz, hayotda ko‘p yaxshi­liklar ko‘rasiz.

Qirq yoshga yetsa ham aqli to‘lmasa,

Yomon amallarni hargiz qo‘ymasa,

Ustiga fazldan libos kiymasa,

Bo‘ladi, bundayni odam demasa.

 

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

TOSHKЕNT ISLOM INSTITUTIDA XATTOTLIK KO‘RGAZMASI O‘TKAZILDI (FOTOLAVHA)

20.04.2026   4101   1 min.
TOSHKЕNT ISLOM INSTITUTIDA XATTOTLIK KO‘RGAZMASI O‘TKAZILDI (FOTOLAVHA)

Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent islom instituti talabasining “Mus'haf harflari jilosi” deb nomlangan shaxsiy xattotlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Diniy idora mas’ul xodimlari, institut rahbariyati va ustozlari, soha mutaxassislari, talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Mazkur ko‘rgazma islom madaniyati va ma’naviy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan xattotlik san’atini keng jamoatchilikka taqdim etish, uning nafosati va chuqur ma’no-mazmunini namoyon qilishga qaratilgan muhim ma’rifiy tadbir bo‘ldi. 

Ko‘rgazma doirasida muallif iste’dodli yosh xattot Azizbek Hamdamovning alohida mahorat bilan bitilgan Qur’oni karim oyatlari, hadislar va hikmatli iboralardan iborat noyob asarlar to‘plami namoyish etildi. 

Mazkur asarlarda xattotlikning klassik nasx, nasta’liq, suls, riq’a va boshqa uslublari yuqori did hamda zamonaviy badiiy yechimlar bilan mahoratli tarzda ifoda etilgan. Ayniqsa, nafis xat turlari orqali bitilgan muqaddas kalom – Qur’oni karim oyatlari aks etgan namunalar o‘zining estetik va ma’naviy mazmuni bilan ko‘rgazma ishtirokchilari qalbida chuqur iz qoldirdi. 

Tadbir davomida xattotning ijodiy faoliyati taqdimoti bilan bir qatorda, ishtirokchilar bilan ochiq muloqotlar, qiziqarli savol-javoblar va xattotlik san’ati bo‘yicha mahoratli ustozlarning tavsiyalari berildi. Bu jarayon yosh ijodkorlar uchun o‘zaro ilhom va tajriba almashish maydoniga aylandi. 

Toshkent islom instituti mezbonlik qilgan ushbu ko‘rgazma yurtimizda islom san’ati va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga hamda xattotlik san’atining nozik qirralarini keng ommaga yetkazishga xizmat qilishi, shubhasiz. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

TOSHKЕNT ISLOM INSTITUTIDA XATTOTLIK KO‘RGAZMASI O‘TKAZILDI (FOTOLAVHA) TOSHKЕNT ISLOM INSTITUTIDA XATTOTLIK KO‘RGAZMASI O‘TKAZILDI (FOTOLAVHA) TOSHKЕNT ISLOM INSTITUTIDA XATTOTLIK KO‘RGAZMASI O‘TKAZILDI (FOTOLAVHA) TOSHKЕNT ISLOM INSTITUTIDA XATTOTLIK KO‘RGAZMASI O‘TKAZILDI (FOTOLAVHA) TOSHKЕNT ISLOM INSTITUTIDA XATTOTLIK KO‘RGAZMASI O‘TKAZILDI (FOTOLAVHA)
Dunyo yangiliklari