Bir kuni Hotami Toy ulug‘ va davlatmand insonlarni mehmonga chaqirdi. Ziyofat boshlangan, mehmonlar suhbatlashib xursand bo‘lib o‘tirishgan mahal boshida eski salla, egnida yupun kiyim, kambag‘alligi shundoq ko‘rinib turgan bir kishi kirib keldi. Uni ko‘rgan mehmonlar hayron bo‘lib qolishdi. Ba’zilar unga nopisandlik nazari bilan qaradi. Ammo Hotam bu faqir odamga o‘zgacha lutf va karam ko‘rsatib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ehtirom ila davraning eng to‘riga o‘tkazdi. Hotamning ko‘rsatgan ehtiromidan hamma hayron bo‘lib:
– Bu inson kim, buncha ehtirom qilursiz? – deb so‘radilar. Ularga nim tabassum bilan boqqan Hotam:
– Sizlarni qadru qimmatingiz, mansabu hurmatingiz va maqomingizga qarab joy berdim. Bu jandapo‘sh, kamtar, tavozeli insonni mening saxovatim va karamim to‘rga o‘tkazdi.
Ey aziz farzand! Oliy mukofot mansab, martaba, boylikka qarab o‘lchanmaydi, balki u mo‘minning tavozesh, kamtarligi va Haqqa bo‘lgan qattiq ishonchi va muhabbati balandligi bilan o‘lchanadi. Barcha avliyolar Alloh taoloning visoliga oshiq bo‘lganlar. Uning visoliga yetish uchun dunyo rohatini mehnat va mashaqqatlarga almashtirganlar. Natija esa, albatta, Yorning vasliga yetishi aniq. O‘sha Yor muhabbati va ixlosi oshiqning qiyomat kunida ulug‘ maqomga sazovor bo‘lishiga bosh omil bo‘ladi. Inson Haqning muhabbati bilan yashab, umrini halol mehnat, ixlosli toat-ibodat qilib, riyo va shuhratparastlikdan kechib, nafsini jilovlab o‘tsa, albatta, mahbubning visoliga yetmog‘i muqarrardir.
Shermurod Tog‘ayning “Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Hukumat qarori bilan buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sinoning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, asarlarini keng targ‘ib qilish hamda uning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini yanada keng namoyon etish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Hujjat doirasida 2030 yilda nishonlanadigan alloma tavalludining 1050 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va Ibn Sino merosini zamonaviy tadqiqotlar asosida o‘rganishga qaratilgan qator muhim vazifalar belgilandi, xabar bermoqda iccu.uz.
Jumladan, 2026 yil oktyabr oyida Toshkent shahrida «Ibn Sino — G‘arb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish, oliy tibbiy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar, kutubxonalar va davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘rgazmalar hamda ochiq ma’ruzalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, xorijiy mamlakatlarda ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazish, allomaning chet ellarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarini jamlash, «Mo‘jaz al-Qonun», «Qonuncha», «Al-Ishorot va at-tanbihot», «Donishnoma», «Kitob ash-Shifo» va «Sharq falsafasi» kabi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning bosma va elektron nashrlarini tayyorlash hamda «Ibn Sino» xalqaro mukofotini ta’sis etish nazarda tutilgan.
Qarorga muvofiq, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif ham ma’qullandi. Markazning asosiy vazifalari Ibn Sino tibbiy merosini o‘rganish, tadqiqot natijalarini zamonaviy tabobatda qo‘llash, qo‘lyozmalarni jamlash va tarjima qilish, ularning elektron platformasini yaratish, shuningdek, tibbiyot xodimlari hamda tibbiyot tarixi bilan qiziquvchilar uchun o‘quv kurslari va mahorat darslarini tashkil etishdan iborat.
Mazkur tashabbuslar buyuk allomaning boy ilmiy merosini asrab-avaylash, uning jahon sivilizatsiyasi va tibbiyot taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini yanada chuqur o‘rganish hamda kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati