Abdurahmon RA’FAT POSHO
Ka’b ibn Molik roziyallohu anhu ansoriylarning ulug‘laridan, Yasribda katta e’tibor va obro‘ topgan kishilardan edi. U Aqoba kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ahdlashib, musulmon bo‘ldi. Faxri koinotning Badr va Tabukdan boshqa yurishlarida qatnashdi. Ka’b ibn Molik Payg‘ambarimiz alayhissalomdan o‘nlab hadis rivoyat qilgan. Makkada vafot etgan.
Uhud kuni Payg‘ambarimiz alayhissalom yaralandilar. Shu payt kimdir: «Muhammad o‘ldi!» deb baqirdi. Shu choq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar tomon kela boshladilar. U zot alayhissalomni birinchi bo‘lib Ka’b ibn Molik tanib qoldi va baland ovozda: «Ey musulmonlar, suyunchi! Rasululloh tiriklar!» deb qichqirdi. Rasululloh alayhissalom unga: «Jim!» ishorasini qildilar. Musulmonlar atrofida to‘planishdi. Keyin birgalashib, toqqa ko‘tarilishdi.
* * *
Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u masjidda ibn Abu Hadraddan qarzini berishini talab qildi. Shunda ikkovlarining ovozlari ko‘tarildi. Shovqinni hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyining ichida turib eshitdilar. Keyin hujralari pardasini ochib: «Ey Ka’b!» deb chaqirdilar. «Labbay, yo Rasululloh!» dedi u. «Qarzdan bunchasini kech», deb uning yarmiga ishora qildilar. «Shunday qilganim bo‘lsin, ey Allohning Rasuli», dedi. Keyin Rasululloh Ibn Abu Hadradga: «Tur, qarzni ado et», dedilar (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasaiy rivoyati).
* * *
Ka’b ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Tabuk safari mevali daraxtlar soya solib, bu manzara odamga yoqadigan paytga to‘g‘ri keldi. Mening bunday rohat-farog‘atlarga moyilligim bor edi. Erta tongdan u zot yoniga tayyorgarlik qilish uchun borardim-u, lekin hech narsa qilmay qaytib kelar edim. Xizmat qilib yuraverdim. Musulmonlar Payg‘ambar alayhissalom bilan birga jo‘nashdi. Men esa yo‘lga tayyor emasdim. Ularga orqadan yetib olishni ham o‘yladim, ammo bu ham menga nasib qilmadi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Tabukdan qaytayotgani xabari kelganida meni g‘am bosdi. bahona izlashga tushdim: ertaga nima deb u zotning g‘azabidan qutulib qolsam ekan deb o‘ylay boshladim. Aqlli kishilardan yordam so‘radim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetib kelganlari ma’lum bo‘lganida meni yomon xayollar tark etdi. Oxiri rost gapirishga ahd qildim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erta tongda shaharga kirib keldilar. Safardan qaytsalar, oldin masjidga kirib ikki rakat namoz o‘qir, so‘ngra odamlar bilan uchrashar edilar. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Joylariga kelib o‘tirganlarida Tabukka bormay qolganlar u zotga uzr ayta boshlashdi. Men ham u zot huzurlariga kelib, salom berdim. Menga sal g‘azabnok holatda tabassum qildilar. So‘ngra: «Kel», dedilar. Men qarshilariga o‘tirdim. U zot bormaganim sababini so‘raganlarida: «Allohga qasam, menda uzr yo‘q», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Rost gapirding, tur, to Allohning hukmi kelgunicha kut», dedilar.
Yana ikki kishiga shunday javob aytildi. Uchovimizga odamlar bilan gaplashish taqiqlandi. Shu azobda ellik kunni o‘tkazdik.
Madina bozorida yursam, shaharga don sotgani kelgan Shom dehqonlaridan biri: «Kim menga Ka’b ibn Molikni ko‘rsatib qo‘yadi?» dedi. Odamlar menga ishora qilishdi. U oldimga kelib, G‘asson podshohi bitgan maktubni uzatdi. Unda bunday deb yozilgan edi: «Bizga xabar yetdi, do‘sting senga jafo qilibdi. Huzurimizga kel, biz senga tasalli beramiz». Maktubni o‘qigach: «Bu bir fitna», dedim va yoqib yubordim.
Elliginchi kuni uyda bomdodni o‘qidim. Namozdan so‘ng Allohni zikr qildim. Yuragim siqilib, keng yer torayib ketgandek bo‘lib turgan paytda Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning bir tepalikda turib, baland ovozda: «Ey Ka’b ibn Molik, xursandlik xabari!» deb baqirganini eshitdim. Alloh taolo «Yana qolgan uch kishining ham (tavbalarini qabul etdi). Ularga keng yer torlik qilgan, yuraklari tang bo‘lgan va Alloh (g‘azabi)dan faqat Uning O‘ziga qochish bilan panoh topilishini bilishganidan so‘ng ular tavba qiluvchilardan bo‘lishlari uchun Alloh tavbalarini qabul etdi» (Tavba, 118) oyatini tushirgan edi. Bir kishi oldimga ot choptirib keldi. Aslam qabilasidan yana bir kishi piyoda keldi. Bu kishi tog‘ oshib kelib, baland ovoz bilan xushxabar berdi. Sevinganimdan unga ustki kiyimlarimni yechib, kiydirib qo‘ydim. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga jo‘nadim. Odamlar yo‘lda tavbam qabul bo‘lgani bilan meni tabriklashardi.
Masjidga kirdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atrofida odam ko‘p ekan. Shunda Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu men bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom bersam, xursand bo‘lganlaridan yuzlari yorishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida o‘tirib: “Albatta, Alloh rostgo‘yligim sababidan najot berdi. Endi tavbamning natijasi o‘laroq, umrimning qolgan qismida faqat rost gapiraman...” dedim (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ahmad MUHAMMAD tarjima qildi
وحدثنا إسحاق بن إبراهيم بن جبلة نا عبيد الله بن موسى أنا إسرائيل، عن سماك أنه سمع موسى بن طلحة يحدث عن أبيه قال: مررت مع النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم في نخل فرأى قوما في رءوس النخل يلقحون النخل فقال: ما يصنع هؤلاء؟ قالوا: يجعلون الذكر في الأنثى قال: ما أظن ذلك يغني شيئا فبلغهم ذلك فتركوه فنزلوا عنها فبلغ ذلك النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: إنما هو ظن ظننته، إن كان يغني شيئا فاصنعوه، فإنما أنا بشر مثلكم وإن الظن يخطئ ولكن ما قلت لكم: قال الله تعالى فلن أكذب على الله عز وجل.
Muso ibn Talha otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam bilan birga (Madina) xurmozorlari orasidan o‘tdim. U zot xurmolar ustiga chiqib olib, changlatayotgan odamlarni ko‘rib: “Anavilar nima qilishmoqda?” dedilar.
Odamlar: “(Xurmoning) erkagini urg‘ochisiga qo‘shmoqda”, dedi.
U zot: “Menimcha, undoq qilish biror foyda bermas, deb gumon qilaman”, dedilar.
Haligi odamlarga buning xabari yetib borganda, ular u(changlatish)ni tark qildi va xurmolardan tushdi. Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallamga bu haqda xabar berilganda: “U mening bir gumonim, agar o‘sha narsa ularga manfaat bersa, uni qilaversin! Albatta, men ham sizlar kabi basharman. Albatta, gumon xato qiladi. Lekin sizlarga “Alloh taolo bunday dedi”, deb biror narsa aytsam, zinhor Alloh azza va jallaga nisbatan yolg‘on so‘zlamayman”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD