Usmonxon ALIMOV – 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil oldi. Ko‘p yillar Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishladi. 1989–1990 yillari Marokashdagi Qaraviyyin dorilfununida o‘qidi. 2000–2006 yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili bo‘lib xizmat qildi. 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandi. Usmonxon Alimovning “Orlotda aks etgan tarix”, “Dolzarb savollarga haqzarb javoblar”, “Hayotbaxsh ma’naviy meros”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX–XI asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hazrati Imom (Hastimom)”, “Rasululloh (alayhissalom)ning muborak vasiyatlari” (9 ta kitob), “So‘ragan edingiz” turkumidagi risolalari, “Oilada farzand tarbiyasi” (3 ta kitob), “Ilmning fazilati”, “Istiqlol sharofati”, “Xayr-ehson fazilatlari”, “Go‘zal odob – farzand kamoli” kabi asarlari nashrdan chiqqan. Najmuddin Nasafiyning “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” nomli mashhur asarini arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. Muftiy hazrat Qur’oni karim ma’nolarini tarjima va tafsir qilib, “Tafsiri irfon” nomida chop ettirmoqda.
Toshkent Islom universitetining faxriy fan doktori Usmonxon Alimov 2012 yili nufuzli xalqaro tashkilot – Islom olami uyushmasi (Robita) Ta’sis majlisining a’zosi bo‘ldi.











Afg‘oniston poytaxtida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan adabiy-madaniy anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Afg‘oniston hukumati vakillari, oliy ta’lim, maorif, axborot va madaniyat vazirliklari, Fanlar akademiyasi mas’ullari, o‘zbek jamoat tashkilotlari a’zolari, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, o‘qituvchilar hamda talabalar qatnashdi.
Ochilish marosimida afg‘onistonlik olimlar, tilshunoslar va o‘qituvchilar mamlakatda O‘zbek tili bayrami keng nishonlanayotganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Ular O‘zbekiston hukumatining o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, milliy an’ana va urf-odatlarni ommalashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar.
Afg‘onistonlik shoir va yozuvchi Ahmad Jovid Farhod xalqaro maydonda, jumladan, Afg‘onistonda ham o‘zbek tilining ahamiyati ortib borayotganini qayd etdi. U O‘zbek tili kuni mamlakatda rasmiy bayram hisoblanishi, til esa har bir xalqning eng muhim boyligi va milliy qadriyati ekanini ta’kidladi.
Shoir va jurnalist Sebgat Safer nutqida o‘zbek tilining jamiyat birligini mustahkamlashdagi o‘rniga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, til nafaqat xalqni birlashtiradi va tarbiyalaydi, balki uning urf-odat hamda an’analarini asrab-avaylashga ham xizmat qiladi.
“O‘zbek tili buyuk davlat arbobi va mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat va an’analarni saqlaydi. Ona tilimiz boyligini butun dunyoga tarannum etsak, millatimiz va birdamligimiz yanada mustahkam bo‘ladi”, – dedi u.
U Afg‘onistonda o‘zbek tilining boyligi va ifoda imkoniyatlarini ochib berish bilan bir qatorda, uni ilmiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekistonning Qobuldagi diplomatlari mamlakatimizda davlat tilini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdilar. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yosh avlodni ona tiliga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga afg‘on yoshlari uchun yaratilgan ta’lim imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Xususan, Surxondaryo viloyatida “Termiz” ta’lim markazi faoliyat yuritayotgani, u yerda afg‘onistonlik talabalar turli yo‘nalishlarda tahsil olishlari va imtiyozli grantlarga ega bo‘lishlari mumkinligi ta’kidlandi.
Madaniy dastur doirasida o‘zbek tiliga bag‘ishlangan she’rlar va Alisher Navoiy g‘azallaridan parchalar o‘qildi, milliy raqslar ijro etildi.
Bayram tadbirlari doirasida o‘zbek tilida chop etilgan kitoblar taqdimoti, milliy liboslar, tasviriy san’at asarlari va o‘zbek milliy taomlari ko‘rgazmalari ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati