Ramazon oyi davomida portalimizning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi muslim.uz (https://www.facebook.com/muslimuzportal/) sahifasi orqali poytaxtimizning bir qator masjidlaridagi taroveh namozlari tarovati va qorilarimizning Qur’on tilovatlarini onlayn yoritib borish amalga oshiriladi.
Endi Siz Ramazon oyi davomida, har kecha, yurtimizning ko‘zga ko‘ringan, xushnafas qorilari tilovatidan, bizning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifamiz va telegram messenjeridagi @muslimuzportal kanali orqali bahramand bo‘lib borishingiz mumkin.
Bugun Taroveh namozini Toshkent shahrining markaziy masjidi bo‘lgan “Hazrati Imom” jome masjididan, Facebook ijtimoiy tarmog‘imizdagi https://www.facebook.com/muslimuzportal/ sahifasi orqali onlayn translyatsiya qilamiz.
Shuning bilan birgalikda, dastlabki bosqichda bugun Toshkent shahridagi “Mirza Yusuf”, “Minor”, “Shayx Zayniddin”, “Xo‘ja Alambardor”, “To‘xtaboy”, “Mo‘yi muborak” hamda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Zangi ota”, Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy”, Farg‘ona viloyatidagi “Madrasai Mir”, Buxoro viloyatidagi “Bahovuddin Naqshband” jome masjidlaridan Taroveh namozlari va xatmi Qur’on onlayn translyatsiya qilinadi. Ushbu jome masjidlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari manzili va boshlanish vaqti haqida keyinroq ma’lumot beramiz.
Demak, bizni kuzatishda davom eting. Hali oldinda, Siz uchun bir-biridan ajoyib mega loyihalar tayyorlab qo‘yganmiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
axborot xizmati
MUSLIM.UZ
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadi: «Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsa-da, tetik, ko‘zlari ravshan, hatto tishlari ham soppa-sog‘ edi. U kishidan buning sababini so‘raganimda:“Yoshlikda a’zolarimni gunohlardan asragandim, qariganimda ham Alloh taolo ularning xizmatidan mahrum etmadi”, deb javob berdi».
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham qayiqdan sakrab tushardi. U kishini ko‘rganlar: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganida, ustoz: “Biz a’zolarimizni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh 90 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, dalada ishlardi. Buni ko‘rganlar: “Hali ham yosh yigitdek mehnat qilasiz. Bunga qanday erishgansiz?” deb so‘rashdi.
Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedi.
“Yoshligini saqladi” degan iboradan zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD