Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 11–16 noyabr kunlari yurtimiz bo‘ylab Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkaziladi.
Ushbu haftalik doirasida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida Xalqaro press-klub bo‘lib o‘tdi.
Unda bir qator tashkilotlar, milliy madaniy markaz rahbarlari va konfessiya vakillari ishtirok etdi.
Spikerlar tomonidan mamlakatimizda olib borilayotgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik siyosatiga yuqori baho berib, yurtimizda keng nishonlanadigan "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar xalqlarimiz orasidagi do‘stlik rishtalarining rivoj topishiga, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Yurtimizda ko‘plab o‘quv markazlari tashkil qilinib, faoliyat yurgizib kelmoqda. Ana shunday markazlarning ayrim tinglovchilari darsga nisbatan beparvolikliklari tufayli mashg‘ulotlarga kech qolayotgan yoki darslarni yaxshi o‘zlashtirmayotgan bo‘lsa, undaylarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llab, yig‘ilgan mablag‘larni yaxshi o‘zlashtirayotgan tinglovchilarga mukofot sifatida berish mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Talabalarni o‘quv muassasasi tartib va qoidalariga amal qilishga o‘rgatib borish sog‘lom ta’lim muhitini saqlab qolish uchun zarurdir. Ammo o‘rnatilgan tartiblarga amal qilmayotganlarga moliyaviy jarima solish joiz bo‘lmaydi. Chunki musulmon kishining mol-mulkini shar’iy asossiz boshqa odam olishi mumkin emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol bo‘lmaydi, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersa, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Intizomni saqlash uchun boshqa joiz bo‘lgan usullardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Masalan, davomati joyida va imtihonlarda yaxshi natija ko‘rsatib kelayotgan talabalar uchun maxsus mukofotlar e’lon qilish, ta’lim to‘lovlariga chegirmalar berish va boshqa rag‘batlantiruvchi choralarni ko‘rish ana shular jumlasidandir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.