Qachonki Alloh taolo: "Har bir nafs o‘limning mazasini totguvchidir" (Oli Imron surasi, 185-oyat) oyatini nozil qilganida, farishtalar: "Biz nafs emasmiz, balki biz pokiza ruhlarmiz", dedilar.
Shunda Alloh taolo: "Uning ustidagi (ya’ni yerdagi) barcha narsa halok bo‘lguvchidir" (Rahmon surasi, 26-oyat)ni nozil qildi.
Shunda farishtalar: "Biz yerda emas, balki osmondamiz", dedilar.
Shunda Alloh taolo: "Undan o‘zga har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Hukm Uning O‘zigaginadir va faqat Ungagina qaytarilursiz" (Qasas surasi, 88-oyat)ni nozil qildi.
Shunda farishtalar Robbilariga sajda qilib: "Faqat Uning O‘zi abadiydir", deb tasbih aytdilar.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi