Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Oktabr, 2026   |   12 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:25
Quyosh
06:43
Peshin
12:12
Asr
15:48
Shom
17:34
Xufton
18:47
Bismillah
23 Oktabr, 2026, 12 Jumadul avval, 1448

Tavbangizda 6 shart bormi?

07.02.2025   11653   3 min.
Tavbangizda 6 shart bormi?

Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’­zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilin­gan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qi­luv­chidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termi­ziy rivoyati).

Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumla­dan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).

Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.

Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foyda­lanish zarur.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luq­mo­ni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalb­ni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘ng­lash uchun vaqt qolmaydi”, degan.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qi­lishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.

Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qil­magani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.

Bu haqda hadisi sharifda bunday de­yil­­gan: «Abdulloh ibn Ma’qildan ri­voyat qilinadi. U: “Men otam bilan bir­ga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu­ning huzuriga kirdim. Otam unga: “Na­biy sollallohu alay­hi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:

– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qi­lish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘l­sa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.

Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Polsha musulmonlari delegatsiyasi O‘zbekistondagi islomiy meros namunalari bilan tanishdi

23.10.2026   11452   2 min.
Polsha musulmonlari delegatsiyasi O‘zbekistondagi islomiy meros namunalari bilan tanishdi

O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Polsha Musulmonlar diniy ittifoqi raisi, muftiy Tomash Mishkevichning mamlakatimizga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tashrif doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Hamidjon Ishmatbekov va rais o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov muftiy Tomash Mishkevich boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, din peshvolari o‘rtasida tajriba almashish, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda “halol” standartlari borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Polsha delegatsiyasiga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy hayot, Musulmonlar idorasi, masjidlar, madrasalar va Fatvo markazi faoliyati, diniy ta’lim tizimidagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.

Mehmonlar Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurib, u yerda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari va noyob qo‘lyozmalar fondi bilan tanishdi.

Muftiy Tomash Mishkevichning Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov bilan ham uchrashdi. Ishtirokchilar markazning xalqaro ilmiy-ma’rifiy makondagi o‘rni va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdi. Suhbatdan so‘ng Polsha delegatsiyasi O‘zbekistonning tarixiy, ilmiy, madaniy va diniy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi.

Tashrif dasturi doirasida delegatsiya O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Suhrobjon Bobokalonov bilan ham ko‘rishdi. Muloqotda mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy va islomiy merosi, ziyorat turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tildi.

Tomonlar buyuk islom allomalari – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband merosini, Toshkent, Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalar hamda muqaddas qadamjolarni Polsha musulmon jamoalari orasida keng targ‘ib qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatini Polshada yanada keng namoyon etish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Tashrif yakunida Polsha delegatsiyasi Samarqand va Buxoroda bo‘lib, u yerdagi tarixiy qadamjolar, ziyoratgohlar va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari