Nasihat
Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiyning farzandlariga vasiyati
Yetuk faqih, imom va hofiz Shayx Sulaymon ibn Xalaf Bojiy rahimahulloh farzandlariga vasiyat qila turib, ularga hayotda har bir mo‘min kishi bilishi zarur bo‘lgan ko‘plab nasihatlarni beradi. Mazkur o‘gitlar siz aziz o‘quvchilarimiz uchun manfaatli bo‘lishini inobatga olib, jurnalimiz sahifalarida berib borishni lozim topdik.
Shayx Sulaymon ibn Xalaf rahimahulloh aytadi:
Ey farzandlarim! Batahqiq, sizning zimmangizga farzi ayn bo‘lgan amallar taklifi (shariat yuklatgan mas’uliyat) tushadigan yoshga yetdingiz. Men esa sizlarni nasihatni anglaydigan, to‘g‘ri yo‘lni farqlay oladigan, ta’lim olish va ilm egallashga munosib yoshga yetganingizni bildim. Shuning uchun sizlarga vasiyatimni ochiq bayon etishim lozim.
Gaplarimga e’tiborli bo‘lib, ko‘rsatmalarim va nasihatlarimga amal qiling. Men sizlarni hech qachon yomonlikka buyurmaganman. Men ko‘rsatgan yo‘ldan yuringlar va bayon qilgan holatlarimdan o‘rnak olinglar.
Shuni bilinglarki, bizlar – Alloh taoloning fazli bilan – naslimizga yetgan to‘g‘rilik, diniy yetuklik, poklik va hayo bilan to‘liq yashagan odamlar avlodidanmiz. Ya’ni Ayyub ibn Vorisning avlodlari. Ular shunday zotlarki: bobomiz Sa’d, undan keyin Sa’dning farzandlari: Sulaymon, Xalaf, Abdurrahmon va Ahmaddur. Ularning orasida eng solihi, dindori, taqvo va ibodati bilan ajralib turgan kishi sizlarning bobolaringiz – Xalaf edi. U kishi o‘zining katta obro‘si, mavqei va dunyosining ko‘pligiga qaramay, molu dunyodan yuz o‘girgan, kamtar hayot kechirgan kishi edi.
Endi bu ishlarni davom ettirish sizning zimmangizga tushadi. Shunday ekan, ularning yo‘lidan boshqa yo‘lni tutmanglar, ularning holatidan boshqasiga rozi bo‘lmanglar. Agar ulardan ham yuqori darajaga yetishga qodir bo‘lsangiz, bundan faqat o‘zingizga foyda. Ammo unday bo‘lmasa, hech qursa ularning darajasidan ortda qolmanglar. Agar nasihatlarimga amal qilsangiz, solihlar yo‘lida sobit turasiz, dunyo va oxiratda yaxshilik topasiz.
Vasiyatlarimning eng muhimi – Allohga iymon keltirish
Sizlarga birinchi vasiyatim – Ibrohim alayhissalom va Ya’qub alayhissalomning farzandlariga qilgan vasiyatlaridir: “Ey farzandlarim! Alloh sizlar uchun bu dinini tanladi. Bas, faqat musulmon bo‘lgan holingizdagina vafot etinglar” (Baqara surasi, 132-oyat). Shuningdek, Luqmon alayhissalomning farzandiga qilgan nasihatidir: “Ey o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirma! Chunki shirk – albatta ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Sizlarga bu boradagi nasihatimni qattiq tarzda ta’kidlayman, qayta-qayta eslataman. Bu dinga bog‘lanishingiz va uni mahkam ushlashingiz uchun jon kuydiraman. Dunyo ishlarining hech biri Alloh taolo bizga ato etgan bu dindan sizlarni ajratib qo‘ymasin. Bu din uchun jonlaringizni fido qilishingiz kerak, unda dunyo mol-mulkini ayamasligingiz lozim. Chunki bu dinsiz kofir kishi do‘zaxga tushsa, unga hech qanday yaxshilik foyda bermaydi. Mo‘min kishi bu din bilan jannatga kiradi, unga hech qanday yomonlik ziyon qilmaydi: “Kimki islomdan boshqa din istasa, undan hech qachon qabul qilinmaydi va u oxiratda zarar ko‘ruvchilardan bo‘ladi” (Oli Imron surasi, 85-oyat).
Agar sizlar Alloh taolo tanlagan bu dinda vafot etsangiz, umid qilamanki, biz jannatda qayta uchrashamiz – u yerda nafrat ham, ajralish ham bo‘lmaydi. Alloh taolo mening o‘sha uchrashuvga bo‘lgan shavqu zavqimni ham biladi. Shu bilan birga, sizlardan birortangiz yo‘ldan ozib, fitna sabab adashib qolishingizdan qattiq xavotirda ekanligimni ham biladi. Agar shunday bo‘lsa, Allohning g‘azabi uni qamrab oladi va halokat joyiga yetkazadi. Abadiy do‘zax unga muqarrar bo‘ladi. U holda adashgan kishi solih ajdodlari bilan jannatda birga bo‘lolmaydi, otalari, ota-bobolarining salohiyati unga naf bermaydi: “Ey insonlar! Parvardigoringizdan qo‘rqing va yana shunday bir kundan qo‘rqingki, u kunda na ota o‘z farzandiga foyda beradi, na farzand otaga. Albatta Allohning va’dasi haqdir. Bas, dunyo hayoti sizlarni aldamasin. Va shayton – aldamchi – sizlarni Allohdan chalg‘itmasin” (Luqmon surasi, 33-oyat).
(Davomi bor.)
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
tarjimasi
"Hidoyat" jurnalining 2026 yil 3-sonidan
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevadagi BMT bo‘linmasida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosi, shuningdek, uni o‘rganish, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratilgan zamonaviy loyihalarni taqdim etdi. Millatlar saroyida «Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasi hamda diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va madaniyat namoyandalarini birlashtirgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.
«Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusidagi konferensiya Buxoro, Samarqand va Termizning ilmiy an’analari jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda ushbu merosning zamonaviy jamiyat uchun ahamiyatiga bag‘ishlandi.
Tadbir 7 oktyabr kuni Parijdagi YUNЕSKO qarorgohida boshlangan xalqaro muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi. Har ikki uchrashuv O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosini chuqur o‘rganish hamda jahon jamoatchiligiga keng tanitish tashabbusini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
Dastur «Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Unda kitoblar, ilmiy va illustratsiyali nashrlar, miniatyuralar, shuningdek, Markaziy Osiyoning buyuk mutafakkirlari hayoti va kashfiyotlari haqidagi materiallar namoyish etildi. Ekspozitsiya mintaqa ilmiy va badiiy an’analarining boyligini, shuningdek, avlodlar o‘rtasidagi bilimlar davomiyligini ochib berdi.
Tadbirda BMTning Jenevadagi bo‘linmasi Bosh direktori Tatyana Valovaya hamda O‘zbekiston Respublikasining BMTning Jenevadagi bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Doimiy vakili Eldiyor Toshmatov tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Tatyana Valovaya konferensiyaning sivilizatsiyalar muloqoti va o‘zaro ishonchni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidlab, Markazning ma’rifiy missiyasi hamda BMTning Jenevadagi bo‘linmasi kutubxonasi bilan hamkorlik istiqbollariga yuksak baho berdi.
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi menda ulkan taassurot qoldirdi. Bu — boy tarixiy meros zamonaviy texnologiyalar yordamida taqdim etiladigan ilhom maskani. Bu haqiqatan ham XXI asr markazi bo‘lib, turli avlod vakillari, ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun qiziqarlidir.
Ko‘rgazma hayratlanarli, taqdim etilgan kitoblar esa mutlaqo noyob. Biz kutubxonamiz va Markaz o‘rtasida hamkorlik qilishga kelishib oldik. O‘ylaymanki, bu juda qiziqarli hamkorlik bo‘ladi», — dedi Tatyana Valovaya.
Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Saidov ham so‘zga chiqdi.
Asosiy ma’ruza bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha jahon jamiyati (WOSCU) boshqaruvi raisi doktor Firdavs Abduxoliqov ishtirok etdi. U muzey faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlari va ma’rifiy yo‘nalishlarni birlashtirgan Markazning xalqaro missiyasi haqida so‘z yuritib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab berdi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yilda BMT minbaridan turib ilgari surgan tashabbusi bugun aniq natijalarda o‘z ifodasini topmoqda. Parijdagi YUNЕSKOdan so‘ng buyuk ajdodlarimiz merosi Jenevadagi Millatlar saroyida ham taqdim etildi va xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi.
Biz BMTning Jenevadagi bo‘linmasi rahbariyati bilan BMT kutubxonasi va arxivlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Bu Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixiga oid ilgari noma’lum bo‘lgan materiallarni o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar ochadi», — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Ishtirokchilar Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning Buxoro, Termiz va Samarqandning ilmiy an’analari bilan bog‘liq merosiga alohida e’tibor qaratdilar. Muhokamalar markazida bilimlarning ishonchliligi, ularni keyingi avlodlarga yetkazish mas’uliyati, shuningdek, e’tiqod va aql o‘rtasidagi munosabat masalalari bo‘ldi.
Jeneva diplomatik doirasi prezidenti Robert Blyum Samarqand tarixiga, uning turli madaniyatlar va dinlar uchrashgan maskan sifatidagi o‘rniga to‘xtalib, bilim olishga bo‘lgan umumiy intilishning ahamiyatini ta’kidladi.
«O‘zbekiston boy tarix va noyob madaniy merosga ega mamlakat. Samarqandda turli din vakillari birgalikda bilim olishga intilganlar. Odamlar Yaratganni turlicha nomlashlari mumkin, ammo bu bir-birlarini tushunishlariga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Bugungi konferensiyaning ahamiyati ham aynan shunda», — dedi Robert Blyum.
Berlindagi Cultur-Cooperation International tashkiloti direktori, WOSCU a’zosi Ketlin Gyobel maxsus ma’ruza bilan ishtirok etib, tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini alohida ta’kidladi.
«Qo‘rquv va terror mavjud bo‘lgan, insonlar hayotdan ko‘z yumadigan bugungi dunyoda tinchlikni mustahkamlash davlatlar, jamoat institutlari va xalqaro tashkilotlarning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab etadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi tinchlik va hamjihatlik sari qo‘yilgan amaliy qadam bo‘ldi, deb hisoblayman», — dedi Ketlin Gyobel.
Markaziy Osiyo buyuk mutafakkirlari merosining zamonaviy jamiyat uchun ahamiyatini BMT bilan aloqalar bo‘yicha Latter-day Saint Charities tashkiloti vakili Kreyg Teylor ham alohida ta’kidladi.
«Men Imom Moturidiy va Beruniy merosini o‘rgandim hamda ularning g‘oyalari nima uchun bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani haqida mulohaza yuritdim. Diniy mansubligimizdan qat’i nazar, har birimiz tinchlikparvar bo‘lishga va xilma-xillikka boy jamiyatimizda tinchlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishga intilishimiz nihoyatda muhim, deb hisoblayman», — dedi Kreyg Teylor.
Konferensiyaning ilmiy qismini uning moderatori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov ochib berdi. U Markaziy Osiyo olimlarining kashfiyotlari, ularning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi hamda Markazning xalqaro missiyasi haqida so‘z yuritdi.
Ma’rifat va bag‘rikenglik mavzusini O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov davom ettirdi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov o‘z ma’ruzasida mutafakkir merosida aql, mo‘tadillik va axloqiy mas’uliyatning ahamiyatini ochib berdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev esa Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy merosida manbalar ishonchliligini tekshirish usullariga to‘xtaldi.
Dastur doirasida uchta qisqa metrajli film ham namoyish etildi. Ularda O‘zbekiston va Islom sivilizatsiyasi merosi, yangi avlod muzeyi sifatidagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosi haqida hikoya qilindi. Filmlar mintaqa tarixiy merosini o‘rganish va ommalashtirishdagi zamonaviy yondashuvlarni namoyon etdi.
«Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasida taqdim etilgan barcha kitoblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan BMTning Jenevadagi bo‘linmasi kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Konferensiya ilmiy va madaniy-ma’rifiy sohalardagi qo‘shma loyihalar istiqbollarini muhokama qilish bilan yakunlandi. Rasmiy dasturdan so‘ng Millatlar saroyida o‘zbek milliy taomlari taqdim etilgan milliy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. U diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va madaniyat namoyandalari o‘rtasidagi muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Konferensiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining BMTning Jenevadagi bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Doimiy vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF), O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha jahon jamiyati (WOSCU) tomonidan tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati